|
Matbuot nashrlaridan materiallar
TARAQQIYOT, OBODLIK, FAROVONLIK
Farg'ona viloyatida izchil amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli xalq xo'jaligining barcha tarmoqlarida ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Shu yil may oyining so'nggi kunlari edi. Televizordagi ajoyib bir ko'rsatuv dilimga alohida huzur bag'ishladi. Teleekranda Prezidentimiz Islom Karimovning Farg'ona viloyatiga tashrifi chog'ida Farg'ona tumanining Mindonobod qishlog'idagi yangi qurilgan zamonaviy hovli-joy kalitini endigina qo'liga olgan Nishonboy aka Boborahimov xonadonidagi shodiyona daqiqalari tasviri. Yangi uy sohiblari g'oyatda xursand. Ularga hamma qulayliklarga ega bo'lgan, shinam, kattagina hovlili zamonaviy uy kaliti topshirilgan!
Yurtboshimiz ko'rkam hovli-joyga sinchkovlik bilan nazar tashlar ekan, mamnun bo'ldilar hamda bu xil uy-joylar qurishni yanada takomillashtirish yuzasidan qimmatli fikr-mulohazalarini bayon qildilar. Darhaqiqat, qishloq ahli yayrab, ko'kragini to'ldirib nafas olib yashaydigan davrlar keldi. Xalqimiz hech kimdan kam bo'lmay yashashi kerak! Davlatimiz rahbari istiqlolning dastlabki kunlaridayoq xalqimiz hayotini yaxshilash, turmush farovonligini oshirishga xizmat qiluvchi bir qator Farmon va qarorlar qabul qilgan edi. Bu ko'rsatma hamda yo'l-yo'riqlar qadam-baqadam va izchil amalga oshirilayotganini ko'rib-bilib turibmiz. Mindonoboddagi zamon talablari asosida qurilgan va egasiga hadya etilgan ko'rkam uy ham o'sha hayotbaxsh dasturlar asosida olib borilgan sa'y-harakatlar hosilasidir.
Shu ma'noda, hozir Farg'ona viloyati tumanlarida yuqori sur'atlar bilan qurilayotgan 700 dan ziyod uy-joylar qishloq ahli farovonligini oshirish yo'lida boshlangan ulkan ishlarning debochasi, xolos. Bunyodkorlik ko'lami kun sayin kengayib bormoqda.
Prezidentimizning Mindonoboddagi yangi uy sohibi xonadonida bo'lgan muloqotida shu mahalla oqsoqollaridan biri ta'kidlab o'tganidek, bundan buyog'iga shu xildagi uylarni oluvchilar endi bir necha oylab usta boqish, goh tsement, goh yog'och-taxta, goh g'isht va shifer, goh... mix qidirib holdan toymaydilar. Quruvchilarga talab-istaklarini aytib turadilar, vassalom! Oltiariqda ham ana shunday uylar ko'plab qurilyapti. Davlat tomonidan qurilayotgan shunday uylardan biriga xaridor bo'lgan bir bog'bonning og'zi qulog'ida.
- Ikki o'g'limni birin-ketin uylantirishim kerak edi, - deydi u. - Bittasining yarmi bitgan uyni bir amallab bitirishimiz mumkin. Ikkinchisiga qachon uy qurib bitkazarkanman, deb boshim qotib turuvdi, bizdayam manavinaqa uylar qurilayotganini eshitib qoldim. Tuman rahbariyam "Bo'pti, shu uylardan biri sizga" deb, boshimni osmonga yetkazdi. Otamizdan ko'rmagan himmatni Prezidentimizdan ko'ryapmiz. Rahmat!
Soddagina qilib aytilgan bu gaplar zamiridagi minnatdorlik tuyg'ularini anglab olish qiyin emas. Atrofimizdagi davlatlarda ur-yiqit, xunrezliklar bo'lib turgan bir paytda bizning diyorimizdagi tinch va osoyishta hayot, fuqarolarimiz farovonligini oshirish yo'lidagi qutlug' ishlari uchun Yurtboshimizga bildirilgan ehtirom so'zlari bu!
Bugungi kunda Farg'onada sanoatni rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash ishlari izchil davom etyapti. Tegishli qarorlarga ko'ra, xorijiy investitsiyalar jalb ztilishi natijasida, hatto tumanlarda ham zamonaviy korxonalar tashkil etilmoqda. SHu yilning o'tgan birinchi choragida Farg'ona viloyatida Asakadagi avtomobil zavodi uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan uchta korxona bunyod etildi.
Farg'onada aholi bandligi, xususan, yoshlarni ish bilan ta'minlash borasida jiddiy ishlar olib borilmoqda. Barkamol avlod yilida viloyatda 91173 ta yangi ish o'rni yaratiladi. O'tgan chorak davomida esa qariyb 21000 ta ish o'rni yaratishga erishildi.
Bugun shunday bir ajoyib, insonparvar zamon-ki, ko'l uzatsang niyatingga yetasan. Faqat ishtiyoq, g'ayrat-shijoat, tashabbuskorlik bo'lsa bas. Kasbi-korim taqozosidan zamonamizning qahramonlari - ochiq chehrali, boshi baland bog'bonu g'allakorlar, xizmatchilaru o'qituvchilar bilan tez-tez uchrashib, gurunglashishga harakat qilaman. SHuni mamnuniyat bilan aytishim kerakki, odamlarimiz o'rtasida ko'tarinkilik, jo'shqin uyg'onish bor. Masalan, aytaylik, bankdan olingan kredit evaziga turli xil qishloq xo'jalik texnikalariga ega bo'lgan ko'plab fermerlar yoxud tadbirkorlar og'zidan: "Davlatimizga rahmat, og'irimizni yengil qilyapti" degan duoyu olqishlarni tez-tez eshitib turamiz. Zero, qut-baraka, ommaviy ko'tarinkilik, mehnat ahliga davlat tomonidan madad qo'li cho'zilgan yurtdagina barcha sohalarda jadal ilgarilash bo'ladi.
Birgina misol. Ipak shahri deb ataluvchi ko'hna Marg'ilonni kim bilmaydi, deysiz. O'n sakkizinchi asr o'rtalarida bu qadim shaharga kelgan mashhur rus sayyohlaridan biri Marg'ilonni "guvala shahar" deb yozgan edi. Haqiqatan ham shahardagi mahkamalaru boy-boyonlar uylari istisno etilganda, Marg'ilon guvala hamda paxsa devorlardan tiklangan shahar edi.
Istiqlol yillaridagina shaharga bugunlay o'zgacha qiyofa, ko'rk va chiroy baxshida etildi. Xususan, shaharning 2000 yillik to'yi munosabati bilan Marg'ilon tanib bo'lmas darajada o'zgardi. Zamonaviy yangi binolar, inshootlar, madaniyat maskanlari, o'quv yurtlari, tekis va ravon yo'llar ko'rkam xiyobonlar... Bularni sanab adog'iga yetish qiyin.
Yalpisiga paydo bo'lgan yangiliklarning hammasini marg'ilonliklar Mustaqillik ne'matlari, deb biladilar. Respublikamiz Prezidenti Islom Karimov shahar yubileyi tantanasida so'zlagan nutqida Marg'ilon bundan keyin ham taraqqiyot yo'lidan boradi, degan umidbaxsh so'zlarni aytgan edi. Bu gap amalga oshib borayotganini shahar ahli o'z ko'zi bilan ko'rib turibdi.
...Vohadan Farg'onaga kelgan bir guruh sayyohlar Ho'qandi latifda ham bo'lishdi. Ular orasida mening ikki kasbdoshim ham bor ekan. Darhol ularni topib bordim. Xorazmlik qadrdonlarim hayratda edilar.
- Men uch yil naryog'ida Qo'qonda ko'rgan ko'chalar, uylar qani? - deydi mehmonlarimizdan biri. - Hamma joyda ko'tarma kranlar, bulьdozerlar... Yuk mashinalarining to'xtovsiz guvillashi.
- Siz ko'rgan pasqam imoratlaru egri-bugri yo'llarning umri poyoniga yetib, yangi, umriboqiylari paydo bo'lyapti! - deyman qandaydir g'urur bilan. - Eng zamonaviy, eng qulaylari!
Chindan ham, shaharning aksariyat dahalari ulkan qurilish maydoniga aylanganday. 2012 yilgacha Ho'qandi latif ko'z o'ngingizda butunlay yangi, sharqona shahar sifatida namoyon bo'ladi. Hozir bunyodkorlik ishlari tunu kun davom etmoqda. Zamonaviy arxitektura bilan milliy me'morchiligimiz uyg'unlashgan holda qad rostlayotgan Qo'qon shahri ham hademay, mamlakatimizdagi eng ko'rkam, zamonaviy shaharga aylanadi. Shu hakda gap borganda, qo'qonliklar "Shunaqa shodumon davrlar ham kelarkan-ku! Bunday ulug' ishlarning tepasida turgan Yurtboshimizga ming rahmat!" - deyishadi iftixor bilan.
Farg'onaliklarni to'lqinlantirib yuborgan yana bir quvonchli gapni aytib o'tishni istardim. Prezidentimiz shu yilning 1 iyunida "Farg'ona shahrining 2020 yilgacha bo'lgan Bosh rejasini shakllantirish to'g'risida" farmoyish chiqardi. Farg'onaliklar shahar ravnaqi uchun keng va ravon yo'llar ochib bergan bu tarixiy hujjat uchun respublikamiz rahbariga sidqidildan minnatdorchilik izhor etmoqdalar. Ko'rinib turibdiki, diyorimizda mamlakatimiz rahbariyatining muborak nazari tushmagan go'shaning o'zi yo'q. Qishloqlarga sanoatning turli tarmoqlari kirib kelayotgani ham bir olam quvonch. Yurtimizda xalq farovonligi tobora oshib borayotganini hamma ko'rib turibdi. Buni unda-bunda vaysab yurgan so'qirlargina ko'rmasligi mumkin.
Prezidentimizning "Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch" nomli kitobi, hamma joyda bo'lganidek, Farg'ona viloyatida ham ma'naviyatning ta'sir kuchini oshirishda muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda. Ulug' adibimiz Cho'lpon o'z davrida "Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!" deya da'vat etgan edi. Yurtboshimizning yuqorida nomi zikr etilgan asari hamda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzurida "Ijod" fondi tashkil etish haqida uzoqni ko'zlab chiqarilgan qarori Farg'ona ma'naviyatchilari uchun ham dasturulamal bo'lib xizmat qilmoqda. Necha o'nlab farg'onalik shoir va yozuvchilar, oliy maktablarning yetakchi olimlari, san'atkorlar puxta o'ylangan reja asosida aholining turli qatlamlari orasiga kirib bormoqdalar. Oliy maktab talabalari huzurida bo'lmoqdalar, mahallalar aholisi bilan uchrashmoqdalar. Bunday tadbirlarda tarbiyatalab xonadonlar hamda o'smirlar ishtirokini ko'zlab ish yuritilmoqda.
Shuni alohida ta'kidlab o'tish joizki, viloyat hokimligi tashabbusi bilan shu yilning o'tgan choragida taniqli adiblarning deyarli barcha tuman va shaharlarda aholi bilan maroqli uchrashuvlari bo'lib o'tdi. Ayniqsa, shu yil aprelь oyida bo'lib o'tgan uch kunlik she'riyat bayrami minglab farg'onalik ixlosmandlarni g'oyatda mamnum etdi. Ayniqsa, bu tadbirda O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov, O'zbekiston xalq shoirlari Iqbol Mirzo, Anvar Obidjonning ishtiroki she'riyat bayrami fayziga fayz qo'shdi. Qalam ahli bilan bo'lgan uchrashuv kunlari xalqimiz badiiy so'zga, yaxshi kitobga naqadar chanqoq ekanligini ko'rsatdi. Viloyat ma'naviyatchilari bundan maroqli uchrashuvlarni izchil o'tkazib turishni rejalashtirib qo'yganlar.
Farg'ona - azaldan ulug' san'atkorlar, shoir va yozuvchilar yurti ekanligi hammaga ma'lum Bugungi kunda viloyatda "Farg'ona adabiy muhiti" degan ibora tez-tez tilga olib turiladi. Demoqchimizki, bu yerda o'z qalami bilan el og'ziga tushgan nomdor adiblar, shoirlar, adabiyotshunos olimlar barakali ijod qilib kelmoqdalar.
Yanayam muhimi shundaki, bu ijodkorlar qatoriga iste'dodi yarq etib ko'zga tashlangan umidli yosh shoirlar, nosirlar dadil qadamlar bilan kirib kelmoqdalar. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo'limi tavsiyasiga ko'ra, ana shunday ijodkor yoshlardan to'rt nafarining kitoblari bepul nashr etilmoqda. Viloyat hokimligining madadi bilan yana 65 nafar yosh ijodkorning she'r va hikoyalari hamda turli janrlardagi asarlari jamlangan "Hayrat buloqlari" va "Farg'ona kuylaydi" kitoblari chop etilmoqda. Darhaqiqat, Yurtboshimiz ta'biri bilan aytganda, Barkamol avlod yilida Farg'ona yoshlari o'z kamollarini butun yurtimizga ko'rsata oladi, deb baralla aytishimiz mumkin.
Xullas, viloyatda barcha jabhalarda shu kabi umidbaxsh voqealarni ko'rib, Farg'ona taraqqiyot, obodlik, farovonlik va bunyodkorlikning oydin yo'llaridan shaxdam qadam tashlayotganidan har bir kishi chin dildan quvonishi shubhasiz. Chunki bu yo'l xalqimizning ezgu niyatlariga yetkazadigan yo'ldir.
Oxunjon HAKIM, O'zbekiston xalq shoiri. (Xalq so'zi)
YOSHLAR EL-YURTGA KUCH BAG'ISHLAYDI
Prezidentimiz Islom Karimovning "Adabiyotga e'tibor - ma'naviyatga, kelajakka e'tibor" risolasida hamda joriy yilning 26 fevralida qabul qilgan "O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzurida "Ijod" fondini tashkil etish to'g'risida"gi qarorida xalqimiz ma'naviyati, milliy tafakkurimizning ajralmas qismi bo'lgan adabiyot sohasiga ulkan e'tibor va g'amxo'rlik ko'rsatishga oid ezgu vazifalar belgilangan. Bu qalam ahlining yoshlar tarbiyasida, ularning ma'naviyatini yuksaltirishdagi mas'uliyatini yanada oshiradi.
Oilaning umidi - farzand, yurtning umidi - yoshlar. Umid-orzular esa o'z-o'zidan ro'yobga chiqavermaydi, buning uchun farzandlarga to'g'ri tarbiya berish, ularni ezgu amallar sari da'vat etish zarur.
Mustaqilligimizning ilk kunlaridan yosh avlod tarbiyasiga katta e'tibor bilan yondashilayotgani, yoshlar ta'lim-tarbiyasi, salomatligi, ma'naviy kamoloti yo'lida barcha sharoitlar yaratilayotgani o'g'il-qizlarimiz ilm-fan, sport, madaniyat va san'at, badiiy ijod, axborot texnologiyalari kabi sohalarda dunyoda hech kimdan kam emasligini isbotlayotgani bugun xalqaro miqyosda ham alohida e'tirof etilmoqda. Tabiiyki, bu hol yurtimizdagi har bir fuqaroni quvontiradi, qalbini faxru iftixorga to'ldiradi.
Biz, bir guruh ijod ahli O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashkil etgan tadbir sabab Farg'ona viloyati safarida bo'ldik. Qo'qon, Marg'ilon, Farg'ona shaharlarida, Furqat tumanida uchrashuvlar o'tkazdik. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad ijodkor yoshlarning ezgu orzu-intilishlari bilan tanishish, ularni yurtimiz adabiy jarayonidagi yangiliklar, atoqli yozuvchi va shoirlar ijodidan bahramand etishdan iborat edi. Yoshlarning favqulodda faolligi, fikrining teranligi, ilm va kasb-hunar egallashga intilish va ishtiyoqining balandligi, eng muhimi, ruhining tetikligi, chehrasining yorug'ligidan mamnun bo'ldik.
Davlatimiz rahbari Islom Karimov tomonidan 2010 yilning Barkamol avlod yili deb e'lon qilinishi munosabati bilan viloyat hokimligi va bir qator tashkilotlar hamkorligida belgilangan turli tadbirlar hayotda o'z ifodasini topayotganining guvohi bo'ldik. Madaniyat, ta'lim-tarbiya, sog'liqni saqlash, sport singari yo'nalishlar barobarida mustaqil hayotga endi qadam qo'ygan oilalarning turmush sharoitini yaxshilash, yosh mutaxassislarni ish bilan ta'minlash, ma'naviyati, ongu tafakkurini yuksaltirish, ularni zararli oqimlar ta'siridan asrash, ko'ngilli hordiq chiqarishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga oid ishlarni namunali yo'lga qo'yishga astoydil harakat qilinayotgani quvonchlidir. Yoshlarning ta'limdan tashqari bo'sh vaqtini to'g'ri va samarali tashkil etish, bilimini boyitish va mustahkamlash, kitobga, adabiyotga mehrini yanada kuchaytirish maqsadida viloyatda yozuvchi va shoirlar, ma'naviyat targ'ibotchilari, olimlar, adabiyot, san'at va madaniyat namoyandalari ishtirokida uchrashuvlar, ijodiy anjumanlar, she'rxonlik, g'azalxonlik kechalari, "Adabiyot haftaliklari", ma'naviyat saboqlari kabi ma'rifiy tadbirlar tashkil etilishi an'anaga aylangan.
Marg'ilon shahrida talaba-yoshlar davrasida o'tkazilgan ana shunday tadbir ko'tarinkiligi, jo'shqinligi, yoshlik shijoatiga hamohangligi bilan barchaning yodida qoldi. Tadbirda yoshlarga yurtimizning ijtimoiy-adabiy jarayoniga oid yutuq va yangiliklar, atoqli shoir va yozuvchilarning, adabiyotshunoslarning ijodi, ilmiy-ma'rifiy izlanishlari xususida atroflicha so'zlab berdik. Marg'ilon shahrida faoliyat ko'rsatayotgan yosh qalamkashlarning "Uvaysiy" to'garagi a'zolari ijodi bilan tanishdik.
Iqtidorli yoshlarning beg'ubor orzu-intilishlariga yaqindan ko'maklashish, fikrini ezgu va oliyjanob maqsadlar sari yo'naltirish mashaqqatli, ayni chog'da mas'uliyatli jarayon. Farzandlarimizni yetuk insonlar etib ulg'aytirishda to'garaklarning o'rni beqiyosdir. "Uvaysiy" to'garagi bunga yaqqol misol. Unda adabiyot sirlarini o'rgangan Nargiza Oxunova, Dilfuza Sodiqova, Nilufar Abdug'anieva kabi qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo'ldi. Bir qator iste'dodli yoshlar esa Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Oliy adabiyot kursida tahsil oldi. Ularning o'nlab to'garakdoshlari respublika miqyosida o'tkazilgan turli ko'rik-tanlovlarda g'olib bo'lgani ham quvonarlidir.
Ijodiy muloqotda O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov bilan birga Iqbol Mirzo, Umarali Normatov, Hamidulla Boltaboev, Nurboy Jabborov, To'lan Nizom, Olimjon Xoldor, Xurshidabonu, Ziyovuddin Mansur, Oxunjon Hakimov, Enaxon Siddiqova, Malika Mirzaeva singari shoir va adabiyotshunoslar ishtirok etgani adabiyotga mehri baland yoshlarda katta qiziqish uyg'otdi. Adabiy anjumanda yoshlarning ijod namunalari o'zbek tilidan tashqari nemis, yapon, rus tillarida ham yangragani badiiy tarjima sohasida ham yoshlarimizning intilishi jiddiy va samarali ekanining yorqin isboti bo'ldi.
Izlanuvchan, tashabbuskor, faol, mehnatsevar yoshlarni ko'rganda, o'zing yashab turgan mamlakatning poydevori nechog'li mustahkamligini his etib, ko'ngling tog'dek ko'tariladi. Ko'tarinki ko'ngil esa g'ayratni toshiradi, azamat farzandlar bilan basma-basiga odimlab, el-yurtga yanada ko'proq xizmat qilishga chorlaydi.
Yoshlarimizga ko'z tegmasin. SHunday shijoatli yoshlarimiz bor ekan, maqsadi ulkan xalqimizning yuki hech qachon yerda qolmaydi. Navqiron farzandlarimiz davrasida bo'lib, ularning hayot tarzini kuzatib, orzularini tinglab, bunga qat'iy ishonch hosil qildik.
Anvar OBIDJON, O'zbekiston xalq shoiri. (O'zA, "Turkiston" gazetasi)
MISSIONERLARNING G'ARAZLI NIYATI
Missionerlik zararlari haqida so'z yuritishdan oldin uning lug'aviy va istilohiy ma'nolarini tushunib olish maqsadga muvofiq. Ushbu so'z lotin tilidagi "Missio" fe'lidan olingan bo'lib, "yuborish", "vazifa topshirish" ma'nolarini anglatadi. "Missioner" "vazifani bajaruvchi" deganidir.
Missionerlik harakati asosan xristian dini bilan bog'liq bo'lib, missionerlik bir dinga e'tiqod qiluvchi qavm orasida boshqa bir dinni targ'ib qilishni anglatadi. Masalan: islom diniga e'tiqod qiluvchi xalqlar orasida xristian dinini targ'ib qilish. Missionerlar o'z faoliyatlarini Injilga bog'laydilar va bu harakatning asosiy manbasi Injil va Iyso alayhissalomdan olingan deb da'vo qiladilar. Injilda yozilishicha, Iso alayhissalom o'z qavmlaridan 12 havoriy (yaqin yordamchilari)ni o'zlari uchun tanlab oladilar. Va ularni faqat Isroil qishloqlari bo'ylab da'vat qilish uchun yuboradilar. Iyso alayhissalom havoriylarni da'vatga yuborayotgan chog'larida, majusiylar yeriga oyoq bosmanglar aksincha, adashgan qo'ylarga o'xshagan Isroil xalqi oldiga boringlar, deb buyruq beradilar. Demak, bizning zamonamizda faoliyat olib borayotgan missionerlarning da'volari yolg'ondir. Iyso alayhissalom havoriylarni faqatgina Isroil xalqini da'vat qilishga yuborganlar. Butun dunyo xalqlarini da'vat qilishga Iyso alayhissalom hech kimni buyurmaganlar. Milodiy 38-yildan boshlab xristian missionerlari Injil ko'rsatmalarini buzib, yahudiy bo'lmagan xalqlar orasida ham xristian dinini targ'ib qilishni boshladilar. Ilk xristian missionerlari asta-sekin O'rta yer dengizi bo'ylab Rim imperiyasiga qarashli shahar va viloyatlarga kelib, da'vat ishlarini yurgizdilar. Milodiy 400- yillarga kelib, xristian dini Rim imperiyasining davlat diniga aylandi. Missionerlar Rim qo'shinlari qaysi mamlakatga yurish qilsalar, qo'shin bilan birga kirib borib, bosib olingan hududlarda missionerlik harakatini olib borishgan.
Bugun missionerlar kirib bormagan jabha va ular faoliyat yuritmayotgan mamlakat dunyoda topilishi qiyin. Ayni paytda missionerlar bizning mamlakatimizda ham faol harakatlar olib bormoqdalar. Nima uchun missionerlik nafaqat diniy ulamolarni, balki siyosiy arboblarni ham tashvishga solmoqda? Chunki missionerlik harakati ostida, uzoqni ko'zlagan yirik davlatlar tomonidan o'z ta'sir doiralarini kengaytirish, yer osti boyliklari va energetik zaxiralar ustidan nazorat o'rnatish siyosati yotadi.
Missionerlar dunyodagi yirik davlatlar tomonidan, o'z hukumatlari va ba'zi markazlar tomonidan, ham moddiy, ham ma'naviy qo'llab-quvvatlanadilar. XX asr yirik davlatlar tomonidan o'z ta'sir doiralarini kengaytirish uchun olib borilgan kurashlar davri bo'ldi. Osiyo va Afrika mamlakatlari asosiy kurash maydoniga aylandi. Chunki bu mamlakatlar yer osti zaxiralari, xususan neftga boy mintaqada joylashgan. Missionerlar ushbu mintaqalarga ilmiy, tibbiy xodim, turli kasb-hunar mutaxassislari qiyofasida maxsus topshiriqlar bilan asta-sekin kirib kelib, yerli aholini turli ko'rinishda o'zlariga og'dira boshlaydilar. Yerli aholiga bepul tibbiy yordam ko'rsatadilar, tungi klublarda turli tadbirlar o'tkazib, yoshlarni jalb qiladilar. Xristianlikni qabul qilganlarga ma'lum miqdorda maosh to'laydilar, cherkovlariga taklif etadilar. Yosh bolalarni yozda dam olish oromgohlariga bepul qabul qiladilar. Ana shunday vositalar bilan islom diniga e'tiqod qiluvchilarni xristian dinini qabul qilishga chorlaydilar.
Hozirgi kunda "Xalqaro xristian oromgohlari" assosiatsiyasiga MDHning 7 mamlakatidan 177 ta oromgoh a'zo bo'lgan. Qozog'istondagi "Hosil o'rib olish cherkovi"ning "Niva" oromgohida so'nggi besh yil davomida uch mingdan ziyod bola dam olgan. Ularning ko'pchiligi ota-onasi yo'q yoki kam ta'minlangan oilalarning farzandlaridir. Dastur shunday ustalik bilan ishlab chiqilganki, mavsum oxiriga borib oromgoqda dam olgan bola xristianlikni qabul qilmay, iloji yo'q. Missionerlar shunga o'xshash uslublar bilan o'z saflarini kengaytirib boradilar. Bu hol oqibatda mamlakat va fuqarolar tinchligi uchun xavf tug'dirishi va katta noxush muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
O'zbek millatiga mansub bir yigit xorijga borib, bir qancha muddat ishlaydi. O'sha yerdagi missionerlar ta'siriga berilib, xristian dinini qabul qiladi. Lekin oila bundan bexabar. Ittifoqo, yigitning otasi vafot etadi. Shunda o'g'il otamni nasroniychasiga dafn qilamiz, deb o'zi xristian dinini qabul qilganini aytadi. Bu hodisa xonadon ahliga musibat ustiga musibat bo'ladi. Aka-ukalari va qarindosh-urug'lari qancha nasihat qilsalar ham yigit o'z so'zida turib oladi. Iloj topa olmagach uning oyoq-qo'llarini bog'lab, dafn marosimi tugaguncha, uyga qamab qo'yishga majbur bo'ladilar... bu bir xonadondagi tashvish. Endi bu nomaqbul ish mahalla, qishloq yoki shahar miqyosida bo'lsa... Alloh saqlasin. Millatimiz o'z boshidan kechirgan qatag'on yillarda, qahatchiliklarda, ocharchiliklarda ham dinini sotmagan. Nahotki bugungi to'kin-sochin, serobchilik va farovon hayotda dinidan qaytsa?! Nima qilmoq kerak? Albatta bunday holatlarda payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning hadisi shariflariga murojaat qilishimiz lozim bo'ladi. Imom Muslim Sa'd Al-Xudriy (r.a) dan rivoyat qilgan hadisi sharifda payg'ambarimiz: "ey musulmonlar! Sizlardan qaysi biringiz noto'g'ri ishni ko'rsa, bas, qo'li bilan o'zgartirsin, agar qodir bo'lmasa, tili bilan o'zgartirsin, agar bunga ham qodir bo'lmasa, qalbi bilan o'sha ishdan nafratlansin. Ana shu iymonning eng zaif darajasi", deganlar. Hadisi sharifga ko'ra, e'tiqodimizga tahdid solib turgan missionerlik harakatiga va dinni niqob qilib olgan boshqa buzg'unchi toifalarga qarshi har bir musulmon o'z imkoniyatidan kelib chiqib kurashmog'i lozimdir. Bu bilan biz vatanimizdagi tinchlikning barqaror bo'lishiga hissa qo'shgan bo'lamiz. Zero, payg'ambarimiz (s.a.v) marhamat qilganlaridek, Vatanni sevmoq iymondandir.
Abdulhafiz SAYDULLAEV
QORONG'UDA TOPISHGANLAR
Bugungi kunda diniy bag'rikenglik - insonlar, xalq va millatlar shuningdek turli diniy e'tiqoddagi kishilarni bir-biriga bog'lab, ular o'rtasidagi munosabatlarda do'stona muhitning yuzaga kelishini ta'minlovchi omil bo'lib xizmat qilmoqda. Shu o'rinda, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa bir qator amaldagi qonunlarda har bir yurtdoshimizning ushbu bag'rikenglikdan foydalanish huquqi kafolatlanganligi tom ma'nodagi demokratiya sharofati ekanligini ta'kidlash joiz. Taassuflar bo'lsinki, millionlab musulmonchilik amallarini ado etayotgan vatandoshlarimiz orasida yuqoridagi bag'rikenglik o'z qarichi bilan o'lchovchi, undan g'arazli maqsadlarini amalga oshirishni ko'zlaganlar ham hali-hamon uchrab turibdi. Ayniqsa, ular orasida ora-sira xotin-qizlarning ko'zga tashlanib qolayotganligi esa hali bu borada qilinishi lozim bo'lgan ishlarimiz ko'lami biz o'ylagandan ham keng ekanligidan dalolat beradi.
Sudlanuvchilar Dildora Qo'chqorova, Mahmuda Mamatjonova, Iroda Fozilova, Muxtasar Mirzaeva, Shohida Ahmedova, Mashhura Omonova, Ma'mura Mehmonalieva va Manzura Sodiqovalardan iborat jinoiy guruh a'zolari 1999-2009 yillar davomida O'zbekiston tumanining Do'ngsaroy, Qaqir, Yakkatut, Qizil qaqir, Do'ng, Sochtepa, Yaypan shaharchalari hududida O'zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumiga qarshi targ'ibot-tashviqot ishlarini olib borishgan. Ularning barchasi endilikda O'zbekistondagina emas, hatto rivojlangan Islom davlatlarida ham faoliyati taqiqlangan «Hizbut-taqrir» diniy ekstremistik oqimiga a'zo bo'lganlari holda O'zbekiston Respublikasining davlat tuzumi va hududiy yaxlitligini Konstitutsiyaga xilof ravishda o'zgartirish, hokimiyatni bosib olish, qonuniy ravishda saylab qo'yilgan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga qaratilgan diniy ekstremizm, separatizm hamda aqidaparastlik g'oyalari singdirilgan mazmundagi materiallarni saqlash va ular asosida sodda odamlarga saboq berish shuningdek ularni ommaga tarqatish jinoyatini sodir etganlar. Jumladan, o'tgan yilning 4 noyabri kuni sudlanuvchilar Iroda Fozilova va Mahmuda Mamajonovalarning xonadonlari huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan holislar ishtirokida ko'zdan kechirilishi mobaynida ana shunday adabiyotlar, broshyuralar, varaqa hamda audiokassetalar ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Farg'ona Davlat universiteti sudga oid adabiyotshunoslik ekspertizasining 2009 yil 7 noyabrdagi xulosasiga ko'ra, ushbu materiallarda «Hizbut-tahrir» diniy ekstremistik tashkilotining g'oyalari ilgari surilgan bo'lib, ularda odamlar boshiga qirg'in solish yoki ularni kuch ishlatish yo'li bilan majburan ko'chirish, aholi orasida vahima chiqarish,osoyishtalikka rahna soluvchi bo'hton hamda uydirmalar tarqatish, jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga zid, jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan jinoiy harakatlarni amalga oshirishda dinni niqob qilib olishga da'vat qiluvchi maqsadlar yashiringanligi ayon bo'ldi. Bundan tashqari, mazkur materillarda milliy, irqiy, etnik va diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan o'zaro adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy, sha'n, qadr-qimmatni kamsitish, boshqa diniy e'tiqodga mansub fuqarolarning his-tuyg'ularini haqoratlash, qonuniy yo'l bilan saylangan mahalliy hokimiyat rahbarlarining obro'sini omma o'rtasida to'kishga qaratilgan jirkanch xatti-harakatlar sodir etishga ochiqdan-ochiq da'vat singdirilganligi bilan ham davlat va jamiyat uchun o'ta xavfli jinoyat deb baholandi. Qolgan sudlanuvchilar ham qator yillar davomida «Islom nizomi», «Al-vaoy», «Jamiyatga kirish», «Islomda boshqaruv nizomi», «Xalifalik qanday tuziladi?», Abduxoliq Usmonning «Quroon boshqarar» va bir qator muallifi hamda chop etilgan nashriyoti noma'lum adabiyotlardan o'z saflariga yangi qabul qilingan, sodda ayol-qizlarga saboq berib kelganlar. O'tgan vaqt davomida jinoiy guruh Sh. Shermatova, S. Nishonova, T. Nishonova, O. Sodiqova, E. Boboeva, K. Normatova, L. Tojieva va H. Hasanova singari «ilm shaydolari» hisobiga ortdi. Ularning aksariyati qisqa muddatli shogirdlikdan so'ng, o'zlari boshqalarga naridan beri ustozlik qilishga o'tganlar. Jinoiy guruhning deyarli barcha a'zolari, ularning oilalari tergov va sud jarayonida shaxsi aniqlanmagan, Qo'qon shahrida istiqomat qiluvchi shaxs-tomonidan «Hizbut-tahrir» diniy ekstremistik oqimi faoliyatini tashkillashtirish uchun ajratilgan «Tabarruot» moddiy yig'imlari, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlanib turilgan.
Odil sud guruh a'zolari ustidagi adolatli hukm chiqardi. Ularga jazo tayinlashda ularning eng avvalo ayol ekanliklari, qaramoqlarida bir nechtadan voyaga yetmagan farzandlari borligi, muqaddim sudlanmaganliklari va boshqa jinoyatlarini yengillashtiruvchi holatlar inobatga olindi.
Maqolaga shu yerda nuqta qo'yish ham mumkin edi, lekin shu o'rinda ba'zi mulohazalarga ham zarurat sezilishi tabiiy. Gap shundaki, yuqorida nomlari keltirilgan guruh a'zolarining turmush o'rtoqlari «Hizbut - tahrir» diniy ekstremistik oqimi faollari sifatida sudlanib, hozirda jazo muddatini o'tamoqda. Ko'r-ko'rni qorong'uda topibdi, deganlariday jinoyatchi ayollar aynan jazoni ijro etish muassasalari ostonasida, turmush o'rtoqlari holidan xabar olish maqsadida borishib, shu yerda tanishganlar. Shu yerda o'zlarining shum niyatlariga tamal toshi qo'yishgacha, bir-birlari bilan oilaviy bordi-keldi qilishgan. Demak, ularning barcha xatti-harakatlari mahalla-ko'y, qo'ni-qo'shni, yaqinlarning ko'z o'ngida sodir etilgan. Haqli savol tug'iladi: nima uchun qariyb o'n yil davomida tuman huquq-tartibot idoralari, qishloq va mahalla fuqarolar yig'inlari va ularning xalq ishonch bildirgan faollari bu holatlarni ko'rib-ko'rmaganlikka, bilib-bilmaganlikka oldilar? Ogohlik davr talabiga aylanib borayotgan bugungi kunda sen menga tegma, men esa senga qabilidagi loqaydlikdan kim manfaatdor? Savollar ketidan savollar kelaveradi, kelaveradi...
B. MAMAJONOV, Jinoyat ishlari bo'yicha
Farg'ona viloyat sudi sud'yasi.
Najmiddin Polvonov, NamDU talabasi.
«Ma'naviyat» gazetasidan olindi
YOT G'OYALARGA ALDANMANG
Shiddat bilan rivojlanib borayotgan yangi XXI-asrda chetdan kirib kelayotgan bizning mentalitetimizga yot bo'lgan har xil ma'naviy-mafkuraviy g'oyalar barchamizni birdek tashvishga solmoqda.
G'arblik bir tadqiqotchi «Amerikaning tarqoqligi» kitobida bunday deydi: «Xalqni yo'q qilish yo'lida dastlabki qadam qo'yildi - uni xotirasidan judo etish boshlandi. Keyingi bosqichda uning kitoblari, madaniyati va tarixi yo'q qilinadi. So'ngra kimdandir yangi kitoblarni yozishni, yangi madaniyat va tarixni o'ylab topishni iltimos qilsangiz, bas, xalq asta-sekin o'zligini ham, qanday paydo bo'lganini ham, kimlarning avlodi ekanini ham unutadi-qo'yadi»
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, globallashuv jarayonini boshqarib, dunyoga egalik qilishga intilayotganlar o'z qazigan chohlariga o'zlari tushishlariga to'g'ri kelmoqda.
...Qanday qilib bo'lmasin kapital ishlash, moddiy kuch-qudrat sohibiga aylanish talvasasiga tushgan ko'plab mass-media tarmoqlari shu tariqa odamzotni halokat chohiga tobora tezroq olib borishga bel bog'lagandek go'yo.
Agar shunday bo'lmasa, insoniyatga Tolstoydek, Dostoevskiydek, Pushkindek, Repindek, Ayvazovskiydek daholarni bergan mamlakat telekanallarining birida har hafta namoyish etiladigan «Seks s Anfisovoy Chexovoy» ko'rsatuvida bir maraz kimsaning jinsiy a'zosini bo'yoqqa burkab rasm chizishini tasviriy san'atdagi «yangi yo'nalish» sifatida oshkora taqdim etilarmidi?..
Agar shunday bo'lmasa, buyuk gumanist Rotterdam Erazm, mashhur faylasuf Spinoza, betakror rassomlar Rembrant va Van Goglarga onabag'irlik qilgan yurtda XXI asrga kelib bir jinsli nikohlarga qonuniy ruxsat berilish demokratiyaning oliy namunasi, deya targ'ib qilinarmidi?..
Darhaqiqat, dunyo miqyosida, odamzot taqdiri ustida o'yin qilayotgan kuchlarning o'zi bilib-bilmay, o'zi istab-istamay bu o'yinda o'zi mag'lub bo'layotgani, eng achinarlisi - ularning nasllari taqdiri shu o'yinda boy berilayotgani bizga unitilmas saboq bo'lishi kerak...
Albatta, bizning maqsadimiz qay bir xalq yoxud millatning dunyoqarashi, yashash tarzi, urfu odatlarini reviziya qilish, ularga qanday yashamoqlikdan dars berish emas, aslo. Bunga bizning haqqimiz yo'q. Lekin xuddi shunday qoida bizga nisbatan turli qarashlarni tiqishtirayotgan kuchlar tomonidan ham tan olinmog'i kerakmi-yo'qmi?.. (R.Qo'chqor)
Bugun o'zimizning teleekranlarda namoyish etilayotgan xorij seriallarining mentalitetimizga mos kelmasligiga ko'p e'tirozlar bildirilmoqda. Xuddiki bu seriallar efir vaqtini o'tkazish uchun namoyish etilayotgandek. Seriallarning ko'p, hatto takroriy ko'rsatilishi, mening nazarimda, undagi qahramonlarning hayot tarzini ko'rib, undan o'zimizga kerakli xulosa chiqarish uchun taqdim etilyapti. Axir odobsizdan odob o'rgan, deyishadi-ku. Ularni e'tibor bilan ko'rsangiz g'arbda va okean orti davlatlarida oila deya atalgan muqaddas tushuncha allaqachon darz ketganligiga guvoh bo'lasiz. Arzimagan narsalarda er-xotin janjali, ona va qiz nizolari, ota bilan bolaning oxiri yo'q mojarolari, bularning bari hushyor tortiradi odamni. Yuqoridagi manzaralar shunchaki tomoshabin uchun tayyorlangan voqealar-da deb qo'ya qoladiganlar yangilishadi. Bugun ommaviy axborot vositalari ayrim xorij davlatlarida ota va bola, aka-ukalar o'rtasida meros talashib sudlashuvlar bo'layotganini oddiy voqeadek yoritmoqda. Bu oddiy voqea emas, oila degan muqaddas dargohning tanazzuli, jamiyatning inqirozidir.
«Ommaviy madaniyat»ning buzg'unchi va zararli g'oyalar, mafkuraviy tazyiqlar, bizga yot hayot tarzi, bir qator ixtilof va ziddiyatlarni keltirib chiqarayotgan jihatlarini eotibordan qochirib bo'lmaydi.
Prezidentimiz Islom Karimov o'zining «Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch» asarida bugungi kunda inson ma'naviyatiga qarshi yo'naltirilgan, bir qarashda arzimas bo'lib tuyuladigan kichkina xabar ham axborot olamidagi globallashuv shiddatidan kuch olib, ko'zga ko'rinmaydigan, lekin zararini hech narsa bilan qoplab bo'lmasligidan xavotirlanib: «Biz yurtimizda yangi hayot asoslarini barpo etar ekanmiz, bir masalaga alohida e'tibor berishimiz lozim. Ya'ni, kommunistik mafkura va uning axloq normalaridan voz kechilgandan so'ng jamiyatda paydo bo'lgan g'oyaviy bo'shliqdan foydalanib, chetdan biz uchun mutlaqo yot bo'lgan, ma'naviy va axloqiy tubanlik illatlarini o'z ichiga olgan «ommaviy madaniyat» yopirilib kirib kelishi mumkinligini unutmaslik kerak».
Bugungi kunda globallashuvni niqob qilib olgan kuchlar tomonidan milliy madaniyat o'rniga qanday madaniyat taklif etilmoqda? G'arbona madaniyat va g'arbona hayot tarzi. Bu haqda rus olimi V.Inozemtsov bu haqda shunday deydi: «Globallashuv, aslini olganda, ko'klarga ko'tarib maqtalayotgan «umuminsoniy qadriyatlarga tayanuvchi yagona tamaddunning shakllanish jarayonini emas, balki mutlaqo o'zga holatni - jamiyatning «g'arbona» modelining ekspansiyasini va dunyoning an ashu modelga moslashishini ifodalaydi. Bugun globalashuv deb atashayotgan jarayonni g'arblashtirish deya aniqroq ifodalash mumkin»
Shularni o'ylab, "O'z uyingni o'zing asra!" degan chorlov faqatgina uy-joy, qo'rg'on maonosida emas, balki ko'ngil uyi, qalb qo'rg'oni haqida ekanligini idrok etasan. Hovliga kirib olgan begona itni tayoq bilan urib haydash mumkin, ammo ko'ngilga oralagan fitna-buzuqlikni, taomagirlik va ko'rqoqlikni, xullas, yot g'oyalarni haydab chiqarish oson emas.
Shohidbek ASLONOV, "Ma'naviyat" gazetasi muxbiri
|
|