Shrift o'lchami Rang Rasm
<< Dekabr 2017 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
25262728293031

Fidoying bo‘lgaymiz seni,

O'ZBEKISTON!


Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar

Jami murojaatlar: 219
Ko'rib chiqilmoqda: 57 (26.02%)
Javob berilgan: 162 (73.98%)

Saytni baholash




Yangiliklarga obuna bo'lish

Hozir saytda 46 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi
Ishonch telefoniga berilgan baholar

Matnda xatolik ko'rdingizmi?

Sichqoncha bilan belgilab

SHOXIMARDON –XUSHNIYAT DILLARNING MURODBAXSH OSHYONI

×

 2017-10-05 10:00:37    377

PDF yuklash
Chop etish


yohud ulug’ tog’lar bag’ridagi boqiy afsonalar

 

Biror-bir manzilni ko’zlab, goh uzun, goh qisqa yo’llardan yurib borar ekanmiz, safar  chog’ida ko’hna mozorlarga ko’zimiz tushadi. Ushbu  maqbara-yu mozorlarda kimlar dafn etilganini bilmasak-da, beixtiyor yuzimizga fotiha tortamiz. Ota-bobolarimizdan qolgan ushbu odat zamirida, avvalo, tomir-tomirimizda uyg’oq yotgan e’tiqod, qolaversa, hali hayot mohiyatini anglab ulgurmasdan turib ongimizga singdirilgan o’tganlar ruhi pokiga hurmat izhor etish fazilati namoyondir. Zero, har qaysi xalq yoki millatning ma’naviyatini uning tarixi, o’ziga xos urf-odat va an’analari, hayotiy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo’lmaydi. Uzoq o’tmish qa’ridan aks-sado berib turgan tarixiy yodgorliklar, ma’naviy meros va madaniy boyliklar o’z zamirida xalqning  e’tiqodi, azaliy  orzu-intilishlari, tamaddun odimlari haqida so’z ochadi.

Respublikamizda 3 mingdan ziyod madaniy meros ob’ektlari, tarixiy obida va ziyoratgohlar, arxeologik manzilgohlar, monumental yodgorliklarning YuNESKO ro’yxatiga kiritilganini hisobga olsak, nafaqat qadimiy Sharq, balki dunyo tsvilizatsiyasining beshiklaridan biri sifatida e’tirof etilayotgan o’lkamiz bag’rida qanchadan-qancha asoru-atiqalar, ziyoratgoh-u qadamjolar, muqaddas maqbaralarning haqiqatdan xabar beruvchi boqiy afsonalarni asrab yotganligi ayni haqiqat ekanligiga ishonamiz. Zotan, buyuklar ta’biri bilan aytganda,

Bunda tuproq yuzin avaylab bosgin,

Har qarich erida ulug’lar yotar.

... O’zbekiston-Qirg’iziston davlatlari o’rtasidagi azaliy do’stlik rishtalar mustahkamlanib, ikki yurt chegarasidagi talay qiyinchiliklar, g’ovlar olib tashlangach, uzoq yillardan buyon qalban intilganimiz, ona Vatanimizning barhayot bo’lagi, tabiatan siylangan makon –Shohimardon qishlog’i sari yo’l oldik. Zotan, qadimiy zaminga talpinganimiz avvalo, uzoq yillik, bundan benasiblik alami bo’lsa, eng asosiysi, muqaddas tuproqqa topinmoq, Vatanimiz tarixining hayratli va mo’jizaviy sahifalarini qayta varaqlamoq niyati ko’nglimizda jo’sh urdi.

Farg’ona shahridan 60 km janubda, Oloy tog’ bag’rida joylashgan so’lim qishloqda 3 800 ga yaqin aholi istiqomat qiladi.  Qishloqning bahavo tabiati, shifobaxsh suvlari, muqaddas ziyoratgohlari, qolaversa, bir-biridan yumshoqko’ngil, dilkash odamlari unga tashrif buyuruvchining e’tibori va mehrini tortmay qo’ymaydi.

“Shohimardon” – “mardlar shohi” demakdir, asliy xalq uni “engilmas yigitlar shohi” deb ham ta’riflaydi. Diniy bilim egalarining izohlashicha, bu nom ostida Payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v)ning kuyovi, to’rtinchi xalifa Hazrat Alining o’zi yotadi va u “Hazrati Shohimardon pirim”  deya ehtirom bilan lutf qilinadi. Yana muqaddas manbalar Hazrat Alining bemisl kuch sohibi, pahlavon, mard, engilmas, bahodir, alp kelbatli zot ekanligi, uning 40 gazlik zulfiqor (qilich)i bo’lganligidan xabar beradi.

Aslida bu ulug’ nom tarixi bir necha mingyilliklarga borib taqalishi yozma manbalarda ham qayd etilgan. O’zbek xalq dostoni “Alpomish”da Boybo’ribiy va Boysaribiylar befarzandlik dardida alam chekib yotganida darvesh yo’llovi bilan Boysun o’lkasidan Shohimardon sari yo’l solib kelishadi. Hazrati Shohimardon pirim mozorotida 39 kecha tunab, so’nggida bir tush ko’radilar. Tushlarida bir sharif zot olmani ikki bo’lib, ularga tutadi. Biriga bir qiz, ikkinchisiga bir o’g’il, bir qiz farzand nasib etishini aytadi. Murodi hosil bo’lib qaytayotganlarida yana o’sha Boysundagi darvesh yo’liqib, “Olganlaring muborak bo’lsin” deya qutlaydi.

Mingyildan ziyod vaqt davomida xalq og’zaki ijodining durdonasi bo’lib kelayotgan dostonda ushbu murodbaxsh makon va undagi aziz zotlarning qutlug’ fazilati xususida so’z aytilgan ekan, demak Shohimardonning ildizi bir necha mingyillik tarixga tutashdir.

Yoshi ulug’larning aytishicha, uzoq yillar millatidan qat’iy nazar musulmon olami uchun muqaddas murodxona maqomida qadrlanib kelgan mozorotni ziyorat qilishning ham o’z qoidasi bo’lgan. Dastlab ulkan tog’ bag’riga, tepalikka piyoda, tirmashib chiqqan inson “Jannatariq” deb nomlangan soyda cho’milib, ham jisman poklangan, ham shifobaxsh suvdan tanasiga darmon olgan, so’ngra “Chakkatomar” bulog’i suvidan ichib, ichki tozalovdan o’tgan, undan keyin Hazrat Ali mozorini ziyorat qilib, ezgu niyatlarining ijobatini tilab, duoga qo’l ochgan. Yaxshi niyatlari hosil bo’lib, murodiga etgan kishilar Shohimardon pirim ziyoratiga takror kelib, xayr-u ehson yo’lini tutganlar.

Ta’kidlash kerakki, Shohimardon qishlog’i bag’ridagi o’nlab qadamjolar hamonki ellar, xalqlar ixlosida. Bugun qadim o’lka o’z bag’riga dunyo ahlini chorlayotgani, yillar, asrlar sinovidan omon o’tgan qutlug’ dargohlar qayta tiklanib, obod go’shalarga aylantirilayotgani, unda ekoturizm markazi tashkil etilgani, albatta, xayrlidir. Zero, ulug’vor tog’lar bag’ridagi  Ellik paysaki tosh, Ko’ktosh, Kichik mozor (Shoh Tolib mozori), Katta mozor (Hazrat Ali mozori), Umar Ummiya mozori, Chakka tomar singari ziyoratgohlar, shuningdek, “Archamozor”, “Tolmozor”, “Toshmozor”, “Belmozor”, “Zirkmozor” singari mozorlar insoniyat tafakkuri etmas sinoatlar, Hudoga yaqin, duolari  mustajob, solih va qobil zotlar, bir so’z bilan aytganda, azizlar, avliyolar haqidagi  rivoyatlardan so’z ochayotgan bo’lsa, ne ajab. Ular ichida eng mashhuri, shubhasiz, Hazrat Ali nomi bilan bog’liq ziyoratgohdir.

Shohimardonlik Isroiljon ota Usmonovning rivoyatlar va manbalarga  asoslanib so’zlashicha, Hazrat Alining 7 ta joyda mozori bo’lgan (hazratning vasiyati bilan unga ettita tobut yasalib, etti joyga dafn qilingan). Ulardan to’rttasi Saudiya Arabistoni, bittasi Afg’oniston, bittasi Nurota tumani va so’nggisi Shoximardon qishlog’ida joylashgan. Hazratdan ushbu tobutlarning qay birida chindan bo’lishlarini so’raganlarida, u zot “besh tog’ning orasi, ikki suv qo’shilgan joy, tepalik”ka, ya’ni  hozirgi Shohimardon bag’ridagi Oloy tog’ tizmasining eng baland, hushmanzara qismida joylashgan va oldi tomoni qiyalikka qarab turgan mozorga ishorat bergan ekanlar.

XIX asr oxiri –XX asr boshlarida chop etilgan rus geograf va tarixchilarning aksariyat Farg’ona vodiysi to’g’risida keltirgan ma’lumotlarida Shoximardon xususida alohida to’xtalib, mahalliy aholining eng muqaddas joylaridan biri sifatida e’tirof etganlar. Rus olimi A. Fedchenko o’zining “Turkistonga sayohat” asarida Shohimardon nomi ham tilga olinadi:

“Shohimardon  Oqsuv va Ko’ksuv singari ikki daryoning  qo’shilgan joyida joylashgan... Qishloqning deyarli boy bo’lmagan bozorchasi mavjud. Bozor vaqf tarzida muqaddas maqbaraga biriktirilgan bo’lib, u erni xuddi bir ibodatxona sifatida ko’rish mumkin... Bu erga dafn etilgan avliyoni Shohimardon, ya’ni “Mardlar shohi” deb atashib, bu nom uning laqabidir. Ba’zilar uni birinchi xalifalardan  bo’lmish Ali ekanligiga (sahoba Ali ibn Abu Tolib, milodiy 661 yili vafot etgan) bizni qat’iy ishontirmoqchi bo’ldilar. Hozirgi vaqtda bu mozor Qo’qon xonligidagi eng muqaddas joy  sifatida, hattoki, qadimgi O’shning tabarruk joylaridan ham mashhurroqdir. Uni ziyorat qilgani ko’plab xudojo’ylar, nafaqat xonlikning turli joylaridan, balki qo’shni o’lkalardan ham tez-tez kelib turadi. Men maqbarani ko’zdan kechirmoqchi bo’lgan edim. Biroq, bunga noil bo’la olmadim. Aytdilarki, xalifa Ali oromgohini biron bir g’ayridin ko’rishi mumkin emas ekan”.(“O’zbekiston ziyoratgohlari va qadamjolari”, -T., 2014.)

O’tmishdan ma’lumki, Hazrat Ali maqbarasining taqdiri bot-bot qiyinchilik va talofotlar og’ushida qolgan. 1826 yilda Shohimardonda sodir bo’lgan kuchli zilzila oqibatida maqbara vayron bo’ladi. Birok bu tabiat zilzilalari Ittifoq davridagi mafkuviy kurashlar zilzilasi oldida hech narsa emasdi. Ayni shu mafkuraviy kurashlar ostida bir necha marta maqbara buzib yuborilgan, yondirilgan, talon-taroj qilingan. Odamlar shunda ham, sho’ro hukumatining qattiq qarshiliklariga qaramay, tabiatning go’zal quchog’iga tashrif buyurishni, ota-bobolaridan qolgan muqaddas joylarni ziyorat qilish uchun Shohimardonga kelishni kanda kilishmagan.

“Onamning aytishicha, men uning etti yillik orzusi hosili ekanman, befarzandlik dog’i qiynagan onam hazrat Ali mozoriga bosh urib kelgan ekanlar”, deb xotirlaydi 92 yoshli Xamrobi momo. “Dunyoga kelganimdan keyin boshimning o’ng tomonidan Hazrat Aliga atab kokil qoldirilgan ekan. Ulg’ayib, volidamning imkoni etganda, ehson berib, o’sha kokil oldirilgan. O’shanda sog’liq, baxt, boylik, omad tilab kelguvchilar, ayniqsa, farzandtalab kishilar qadami bu erdan uzilmasligini onam ko’p bora takrorlardi. Balki men qutlug’ murodxonada tilab olinganim uchun ham bugun umrzoqlik ko’rib, xastalik nimaligini bilmay yashayotgandirman”. Ha, yaxshi niyat bilan, yorug’ umid ilinjida kelguvchilar uchun bu dargoh o’z xosiyatini, fazilatini mudom ko’rsatayotir. 

Istiqlol sabab bugungi avlod qadim ajdodlarimiz  ko’zga surtgan muqaddas qadamjolarni asrab-avaylash, ularni obod etish, e’zozlash imkoniga ega bo’ldi. Mustaqillik tufayligina ushbu ziyoratgohlar o’z bag’rida asrab yotgan o’tmish rivoyatlari, boqiy afsonalarini bizga so’zlab bermoqda va shu asosda buyuk Vatan tarixining betakror va mo’jizaviy sahifalari yaratilayotgani ham ayni  haqiqatdir. Yurtimizning ko’hna shahar va qishloqlari qatori  Shohimardon zaminidagi muqaddas ziyoratgohlar, diqqatga sazovor joylar ham olam ahlini ohanraboday chorlayotir. Bizning bu muqaddas qadamjolar hususidagi suhbatlarimiz yana davom etadi. Zotan, xushniyat dillarning murodbaxsh oshiyoniga safarimiz sizni-da ushbu sinoatli manzilga chorlasa, qalbingizda ona tabiat va ilohiy ne’matlar bag’rida jisman va ruhan tozarmoq istagi uyg’onsa, biz ko’zlagan ezgu murodimiz shudir.