Shrift o'lchami Rang Rasm

VIRTUAL QABULXONA

INTERAKTIV XIZMATLAR

NORMATIV XUJJATLAR

Sektorlar faoliyati

OCHIQ MA‘LUMOTLAR

ASOSIY STATISTIK AXBOROTLAR

<< Iyul 2018 >>
DUSECHPAJUSHYA
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031     

.

.

Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar

Jami murojaatlar: 117
Ko'rib chiqilmoqda: 92 (78.6%)
Javob berilgan: 25 (23.4%)

Saytni baholash




Yangiliklarga obuna bo'lish

Hozir saytda 37 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi
Ishonch telefoniga berilgan baholar

Matnda xatolik ko'rdingizmi?

Sichqoncha bilan belgilab

Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

×

 2018-02-07 15:13:42    234

PDF yuklash
Chop etish



O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

Q A R O R I

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2018-yil 3-fevraldagi PF-5326-son Farmonini ijro etish, shuningdek, respublikaga turistlar oqimini ko‘paytirish, kirish turizmini milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylantirish, mamlakatning madaniy-tarixiy merosi va tabiiy boyliklarini keng targ‘ib qilish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Viza rejimini yanada soddalashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;
Kirish turizmini yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq;
Turizmni rivojlantirish masalalarida o‘zaro hamkorlikni faollashtirishni ta’minlash bo‘yicha mas’ullar biriktiriladigan mamlakatlar va hududlar ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. 2018 yil 1 maydan boshlab tranzit bo‘yicha harakatlanayotgan xorijiy yo‘lovchilarga kelishlari bilan 72 soat muddatga qisqa muddatli kirish vizalarini berish joriy etilsin, bunda ularda uchinchi mamlakatga aviachipta va viza (zarurat bo‘lganda) mavjud bo‘lishi hamda konsullik yig‘imlarini to‘lash talabi, shuningdek, tasdiqlangan turizm dasturlari bo‘yicha tanishuv turlari uchun ularning aeroport chegara hududidan tashqariga qisqa muddatli nazorat qilinadigan chiqishi tartibi nazarda tutilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ushbu bandni amalga oshirish bo‘yicha, shu jumladan, fuqarolari kelishlari bilan qisqa muddatli kirish vizalari beriladigan mamlakatlar ro‘yxatini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada Ziyorat turizmini qo‘llab-quvvatlash bo‘limini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin, unga ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, xorijiy ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston to‘g‘risida Islom dini va boshqa jahon dinlarining madaniy-tarixiy va ilmiy-teologik markazi sifatida axborot materiallarini targ‘ib qilish va tarqatish yuklansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun:
ustuvor mamlakatlar va hududlardan O‘zbekiston Respublikasiga turistlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni;
O‘zbekiston Respublikasida ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasini kiritsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarini O‘zbekistonning turizm imkoniyatlarini namoyish etadigan zarur axborot materiallari bilan ta’minlasin, shuningdek, zarurat bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga joylashgan mamlakatida «O‘zbekiston» turizm brendini targ‘ib qilishga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish uchun byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan mablag‘lar ajratsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Moliya vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda xorijiy turistlarni jalb qilish prognozini va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va xodimlarini joylashgan mamlakatdan turistlar oqimini ko‘paytirganlik uchun byudjet mablag‘lari hisobidan mukofotlash, shuningdek, respublikaga turistlar oqimini oshirish bo‘yicha yuklangan vazifalarni lozim darajada bajarmaganligi uchun javobgarlik choralarini qo‘llash tartibini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKga O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda xorijiy turistlarni jalb qilish prognozini tasdiqlash hamda «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKning xorijdagi vakolatxonalari rahbarlari va xodimlarini joylashgan mamlakatidan turistlar oqimini ko‘paytirganlik uchun o‘z mablag‘lari hisobidan mukofotlash, yuklangan vazifalarning bajarilishi ta’minlanmagan holatlarda esa, javobgarlik choralarini qo‘llash tizimini joriy etish tavsiya etilsin.
7. «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKga qatnovlar raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida xalqaro qatnovlar uchun aviachiptalarni tannarxidan past narxlarda sotish huquqi berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK bilan birgalikda ikki oy muddatda «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKning soliq solinadigan bazasini arzonlashtirilgan narxlar bo‘yicha sotilgan aviachiptalar summasiga kamaytirish mexanizmini joriy etsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi:
2018 yil 1 martgacha turistlarga tezkor yordam ko‘rsatish uchun yagona qisqa umumrespublika telefon raqamiga ega bo‘lgan Call-markazning faoliyati autsorsing shartlarida tashkil etilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Call-markazga murojaat qilgan turistlarga tezkor yordam ko‘rsatish masalalarida idoralararo o‘zaro hamkorlikni ta’minlasin.
Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Sall-markazi faoliyat yuritishi bilan bog‘liq xarajatlar byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.
9. Belgilansinki:
turistlar uchun yo‘nalishni mo‘ljalga olishni yengillashtirish maqsadida chet tillaridagi (ingliz, rus va boshqa tillarda) ko‘rsatkichlarni o‘rnatish tashabbusi bilan chiqqan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ushbu ko‘rsatkichlarda ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar (xizmatlar va ishlar)ning reklamasini joylashtirish huquqi beriladi, bunda reklama sohasiga oid qonunchilik talablariga rioya qilinishi ta’minlangan holda joylashtirilayotgan reklamaning umumiy maydoni ko‘rsatkich maydonining 40 foizidan ko‘p bo‘lmasligi lozim;
turistlar tomonidan jamoat joylari, bino va inshootlarni foto va video suratga olish hech qanday cheklovlarsiz amalga oshiriladi, ro‘yxati qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan hamda barcha turdagi suratga olishlar taqiqlanganligi haqidagi tegishli ko‘rsatkichlar o‘rnatilgan obyektlar bundan mustasno.
10. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Madaniyat vazirligi har chorakda va yil yakunlariga ko‘ra respublikaning turizm imkoniyatlari va salohiyati, uning tarixiy shaxslari, tarixi, madaniyati, an’analari, sporti to‘g‘risidagi eng yaxshi video, foto va audiomateriallarni aniqlash bo‘yicha tanlovni tashkil qilish va o‘tkazish orqali mahalliy va chet ellik g‘oliblarni aniqlagan holda tegishlicha byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, byudjetdan tashqari Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilarni yo‘q qilish bo‘yicha jamg‘arma hamda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari hisobiga taqdirlashni ta’minlasin.
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan kelishgan holda 2018 yildan boshlab har yili daromadlar prognozi ortig‘i bilan bajarilgan mablag‘lar va boshqa byudjetdan tashqari manbalarning mablag‘lari hisobiga xalqaro turizm ko‘rgazmalari va yarmarkalarida ishtirok etish, keyinchalik chet el jamoatchiligi orasida tarqatish maqsadida tegishli axborot materiallarini tayyorlash hamda xorijiy ommaviy axborot vositalarida reklama kampaniyalarini ishga solish orqali hududlarning turizm salohiyatini targ‘ib qilish uchun mablag‘lar ajratsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oltin buyumlar hamda belgilangan tartibda tayyorlangan o‘lchovli yombilar xorijiy turistlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqilishi tartibining soddalashtirilishini nazarda tutadigan Hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ikki oy muddatda:
Madaniyat vazirligi va «O‘zbekkino» milliy agentligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi hamda «O‘zbekkino» milliy agentligining buyurtmanomalariga ko‘ra xorijiy ijodiy guruhlarga respublikaning turizm salohiyati to‘g‘risidagi foto va videomateriallarni tayyorlash uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini, jumladan, dronlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha olib kirish va ulardan foydalanish uchun ruxsatnomalarni berish tartibini ko‘zda tutadigan Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2018 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK, O‘zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida “Qarshi” xalqaro aeroportini “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning tarkibidan chiqarib, xalqaro aeroportlarni boshqarish bo‘yicha maxsus kompaniya boshqaruviga berish, aeroport hududida “Ochiq osmon” rejimini, shu jumladan, loukoster aviakompaniyalarini jalb qilgan holda joriy qilishni nazarda tutuvchi “Qarshi” xalqaro aeroportini rivojlantirish konsepsiyasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi PQ-3217-son qarori bilan tashkil etilgan Xorijlik turistlar, jumladan, ziyorat qilish maqsadida kelayotgan turistlar uchun viza va ro‘yxatdan o‘tish tartibotlarini bosqichma-bosqich soddalashtirishga doir takliflar tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhga har chorakda tegishli ma’lumotlar kiritgan holda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Viza rejimini yanada soddalashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasining amalga oshirilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Kirish turizmini rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi manfaatdor vazirliklar va idoralar tomonidan bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib borilishini;
monitoring yakuniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi PQ-3217-son qarori bilan tashkil etilgan Turizmni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashga rejalashtirilgan chora-tadbirlarning belgilangan muddatlarda so‘zsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida tegishli qarorlarni qabul qilish uchun har chorakda takliflar kiritib borilishini ta’minlasin.
16. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (A.Aripov):
ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarning so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan doimiy va tizimli nazorat tashkil etilishini;
vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari – mas’ul ijrochilarning ushbu qaror bilan tasdiqlangan Kirish turizmini yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasining so‘zsiz bajarilishi yuzasidan ular tomonidan ko‘rilayotgan amaliy choralarning har chorakda eshitilishini ta’minlasin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.R.Xolmuradov va O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining raisi A.A.Abduxakimov zimmasiga yuklansin.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                        SH.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 6-fevral 


manba: O`zA