
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
OSIYO CHEMPIONLARI LIGASI SARI YO’LGA CHIQDIK: SAMARQANDNING "DINAMO” JAMOASINI MAG’LUB ETGAN"NEFTCHI" PRO-LIGA CHEMPIONLIGINI QO’LGA KIRITDI

2021-10-15 18:23:13 365
Bugun “Istiqlol” stadionida muddatidan ilgari Superliga yo’llanmasini qo’lga kiritgan Farg’onaning “Neftchi” va Samarqandning “Dinamo” jamoalari ishtirokida Pro-liganing 21-tur bahsi o’tkazildi.
O’yinning birinchi bo’limi sevimli jamoamizning tezkor hujumlari bilan o’tdi.Uchrashuvda g’alaba qozongan jamoa Pro-liga g’olibi sifatida Kubok bilan taqdirlanishi bois, “Dinamo” futbolchilari ham keskin qarshi xujumlar bilan o’yinga yanada hayajon olib kirdi. Birinchi bo’limda darvozalar daxlsiz qoldi – 0:0.
Bellashuvning ikkinchi bo’limida muxlislar 3 ta golning guvohi bo’lishdi. Dastlab bosh hakam samarqandliklar darvozasiga penalti belgiladi va bu vazifani futbolchimiz Sherzod Karimov bexato amalga oshirib, hisobni ochdi. Oradan qisqa vaqt o’tib samarqandliklar ham qarshi hujumda “Neftchi” darvozasiga javob golini kiritishdi: Ro’zim Ahmedov – 1:1.
89-daqiqaga kelib “Dinamo” darvozasiga ikkinchi penalti belgilandi va bu gal ham Sherzod Karimov raqib darvozasiga to’pni bexato yo’llab, “Neftchi” jamoasiga mutloq g’oliblikni keltirdi.
Futbol bellashuvi yakunlangandan so’ng g’oliblarni Superliga yo’llanmasi qo’lga kiritilgani munosabati bilan taqdirlash marosimi o’tkazildi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi va jamoamizni va muxlislarni tabrikladi:
“Sevimli jamoamiz Superliga yo’llanmasini qo’lga kiritgani, Pro-ligada ilk bor chempion bo’lgani bilan barchangizni tabriklayman. Jamoamizni mavsum oldidagi taqdimotida yaxshi niyatlar qilgan edik: “Neftchi”ga Superligada o’ynash yarashadi, Chempionlar ligasida o’ynash yarashadi. Birinchi niyatimiz amalga oshdi. Bugun yana niyat qilaylik, Xudo xohlasa kelgusi mavsumda ham jonajon jamoamiz munosib qatnashib, kelgusi yillarda Chempionlar ligasida o’ynash ham nasib qilsin. Butun Farg’onamizdagi, yurtimizdagi “Neftchi” muxlislarini yana bir bor muborakbod etaman. Fursatdan foydalanib “Dinamo” jamoasiga ham chiroyli o’yin uchun minnatdorchilik bildiraman, ularga ham Superliga yo’llanmasi muborak bo’lsin.
Shundan so’ng viloyat hokimi har bir futbolchiga Pro-liga g’olibligi uchun medallarni topshirdi. “Neftchi” sardori Akmal Shorahmedov Pro-liga kubogini qabul qilib oldi.










Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube