
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
FARG’ONA TUMANIDA MALINACHILIK PLANTATSIYASI BARPO ETISHGA KIRISHILDI

2021-10-20 12:19:30 378
Farg’ona tumanida mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga mos va aholi tomorqalarida keng tarqalgan malina o’simligi yetishtirishni yanada rivojlantirish orqali tumanni malina o’simligini yetishtirishga ixtisoslashtirish, malinachilik kooperatsiyalari va malinachilik klasterini shakllantirish va faoliyatini yo’lga qo’yish bo’yicha amaliy ishlar boshlandi.
Bugun viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg’ona tumanida bo’lib, malina plantatsiyasini tashkil etish bo’yicha rejalashtirilgan ishlarga start berdi.
Dastlab viloyat rahbari tumanning malina yetishtirishga ixtisoslashgan mahallalarida bo’lib, xonadon egalari bilan malina yetishtirish, uning iqtisodiy samaradorligi haqida muloqot qildi.
So’nggra Xayrullo Bozorov 300 gektar hududda malina yetishtirish loyihasi amalga oshirishga kirishilgan Vodil Qizilqo’rg’on massivida bo’ldi.
Ushbu hududda malina plantatsiyasi tashkil etilishi uchun ko’zda tutilgan yer maydonlarining geologiyasini hamda agrokimyoviy xossalarini o’rganish ishlari olib borilib, yuqori hosildorlik bilan malina yetishtirishga mosligi aniqlandi.
Hududdagi asosiy muammo sug’orish masalasi bo’lib, buni vertikal sug’orish quduqlari qazish va nasoslar o’rnatish orqali hal etish yuzasidan viloyat hokimi o’z fikrlarini bildirdi. Bunda har bir qazilgan vertikal sug’orish quduqlarini (skvajinani) burg’ulash va ishga tushirish bilan bog’liq xarajatlarning 70 foizi, biroq 120 million so’mdan oshmagan qismi fermer, dehqon xo’jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan subsidiya bilan qoplab beriladi. Shuningdek viloyat rahbarining ko’rsatmasi bilan plantatsiya tashkil etilishi rejalashtirilgan hudud bo’ylab elektr simyog’ochlari o’rnatilib, kabellashtirilishi ta'minlananadigan bo’ldi.
Viloyat hokimi malinachilik plantatsiyasi loyihasida yirik investitsiyalar bilan ishtirok etish istagida bo’lgan tadbirkorlar bilan muloqot qildi.
Meva-sabzavot yetishtirish hamda qayta ishlash sohasida katta tajribaga ega tadbirkor Orifjon Jumayev, 100 gektar maydonda malinachilik klasteri tashkil etish bo’yicha o’z loyihasi yuzasidan viloyat hokimiga ma'lumot berdi. Buning uchun dastlabki hisob-kitoblarga ko’ra 6-7 million dollar mablag’ yo’naltirishga tayyor ekanini qayd etgan tadbirkor, malina yetishtirish, uni saqlash, qayta ishlash hamda eksportga jo’natishni o’z ichiga olgan tizimni shakllantirish istagida ekanini ma'lum qildi.
Viloyat hokimiga 40 gektar maydonda umumiy qiymati 20,9 milliard so’m bo’lgan malina yetishtirish hamda qayta ishlash majmuasini barpo etish loyihasini taqdim etgan turkiyalik tadbirkor Rasim Kachar, malina yetishtirishda mahalliy navlar bilan birga Turkiyaning malina yetishtirishga ixtisoslashgan Mersin viloyatidan tikansiz ko’chatlardan olib kelish, ularni keyinchalik mahalliylashtirish, shuningdek malina yetishtirishda an'anaviy usullardan voz kechgan holda 3 metr oraliqlarda malina qatorlarini joylashtirish bo’yicha o’z fikrlarini bildirdi. Bugungi kunda mahalliy malina yetishtiruvchilarda hosildorlik gektariga 5-8 tonnani tashkil etishini, zamonaviy agrotexnik usullarda bu raqamni 25 tonnagacha yetkazish mumkinligini qayd etdi.
Viloyat hokimi hududda mavjud bo’lgan bog’dorchilik xo’jaliklari rahbarlari bilan muloqot chog’ida, samarasiz bog’larni malinazorga aylantirish orqali daromadlarni oshirish, subsidiyalardan foydalangan holda skvajinalar qazish hamda tomchilab sug’orish tizimini tadbiq etish, fermer, dehqon xo’jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan taqdim etilayotgan 7 foizli maqsadli kreditlarni olgan holda 5-25 tonna hajmdagi sovutkichli saqlash omborlarini tashkil etish bo’yicha o’z tavsiyalarini berdi. Viloyat hokimining taklifi mamnuniyat bilan qabul qilindi. Bog’dorchilik xo’jaliklarining ixtisoslashuvi malinachilikka o’zgartirib berilishi ma'lum qilindi.
Malinachilik plantatsiyasini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish, yuzaga kelishi mumkin bo’lgan masalalarni tezkor hal etishda tadbirkorlarga hamda dehqonlarga ko’maklashish maqsadida Viloyat fermer, dehqon xo’jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi rahbari Azizbek Hakimov rahbarligida shtab tashkil etilishi belgilab qo’yildi.








Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube