
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
VILOYAT HOKIMI XAYRULLO BOZOROV YAPONIYANING “AOIKAI MEDICAL CORPORATION” KOMPANIYASI VITSE-PREZIDENTINI QABUL QILDI

2021-10-23 15:26:57 378
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Yaponiyaning “AOIKAI Medical Corporation” kompaniyasi vitse-prezidenti Xiroshi Tamai, korporatsiya bosh yuristi Naoya Endo, shuningdek AOIKAIning O’zbekistondagi vakillaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.
Samimiy muloqot davomida “AOIKAI Medical Corporation” tomonidan mamlakatimizda amalga oshirish rejalashtirilayotgan Yapon me'moriy san'ati uslubidagi 36 ta ob'ektdan iborat bo’lgan “Japan city” innovatsion shaharchasini qurish, hamshiralik ishi yo’nalishi bo’yicha mutaxassislarni tayyorlash maktabi ochish, aholiga moliyaviy xizmatlar ko’rsatish, ta'lim kreditlari ajratish uchun kichik tijorat bankini tashkil etish, “AOIKAI” xalqaro tibbiyot klinikasini ochish, uzumning urug’siz oliy navlarini yetishtirish kabi loyihalar muhokama qilindi.
“AOIKAI Medical Corporation” 1978 yilda tashkil etilgan bo’lib, 15 ta kompaniya qamrovida 15200 dan ziyod xodimlarni ish bilan ta'minlagan. AOIKAI faoliyatining asosiy yo’nalishi bu yuqori darajadagi tibbiyot xizmatlarini ko’rsatishdan iborat. Hozirgi kunda korporatsiyaga qarashli 130 dan ortiq ijtimoiy ahamiyatga ega muassasalar, jumladan, 32 ta shifoxona, 84 ta qariyalar uyi, 12 ta universitet, kollej, bolalar bog’chasi va boshqa muassasalar mavjud. Kompaniya, shuningdek iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham ko’plab loyihalarni amalga oshirib kelmoqda, turli istiqbolli yo’nalishlarda investitsion faollik qayd etmoqda.
Yaponiyalik ishbilarmonlar, so’nggi besh yilda O’zbekiston tubdan o’zgargani, bu nafaqat shahar va qishloqlarning tashqi ko’rinishida, balki odamlarning turmush tarzida ham yaqqol ko’zga tashlanayotganini qayd etishdi. Mehmonlar Farg’ona viloyati xorijiy sarmoyadorlar uchun so’nggi paytda juda jozibador hududga aylanib borayotganidan xabardor ekanliklarini ta'kidlab, yuqorida qayd etilgan barcha loyihalarni Farg’onada amalga oshirish imkoniyatlarini o’rganishayotganini ma'lum qilishdi.
Viloyat hokimi mehmonlarga Farg’ona viloyatining iqtisodiy-investitsion ko’rsatkichlari hamda turli sohalardagi o’ziga xos xususiyatlari haqida ma'lumot berdi. Uchrashuv kun tartibidagi har bir loyihaning viloyatda amalga oshirilish istiqbollari haqida Xayrullo Bozorov alohida tahliliy to’xtalib o’tdi.
Farg’onada 300 gektar hududda barpo etilayotgan yangi Ekoshahar loyihasini mehmonlar e'tiboriga taqdim qilgan viloyat rahbari, “Japan city” innovatsion shaharchasini ushbu Ekoshahar hududida barpo etishni taklif qildi.
Farg’ona viloyati ta'lim sohasida Yaponiya bilan aloqalarini kuchaytirib borayotganini qayd etgan Bozorov, Rishton tumanidagi Rishton-Yaponiya madaniy iqtisodiy aloqalar markazi qoshidagi “Noriko Gakkiyu” yapon tili va madaniyati to’garagi hamda Farg’ona shahridagi Monomarkazda joylashgan “Yamato” informatsion texnologiyalar sohasidagi mutaxassislarni tayyorlovchi 3 yillik o’quv markazi haqida aytib o’tdi. Viloyat rahbari “AOIKAI Medical Corporation” tomonidan tashkil etilishi rejalashtirilgan hamshiralik ishi yunalishi bo’yicha mutaxassislarni tayyorlash maktabini dastlabki bosqichda Farg’onadagi Monomarkaz binosida yoki bo’sh turgan kollejlar binolarida tashkil etish mumkinligini ma'lum qildi.
Farg’ona viloyati tumanlari uzum yetishtirishda mashhur ekani, uzumning Yaponiyaga xos urug’siz oliy navlarini yetishtirishni Oltiariq, Farg’ona tumanlarida yo’lga qo’yish borasida fikr almashildi.
Tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko’rsatish bugungi davlat siyosatining ustuvor yo’nalishi ekanligini qayd etgan viloyat hokimi, “AOIKAI” xalqaro tibbiyot klinikasini Farg’onada barpo etilishini qo’llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini, bunday zamonaviy tibbiyot muassasasini viloyatimizda tashkil etilishi 11 milliondan ziyod vodiy viloyatlari aholisi uchun qulaylik yaratishini ta'kidladi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan erishilgan dastlabki kelishuvlarga ko’ra, Xiroshi Tamai viloyat hokimining o’rinbosari Iqboljon Ergashev bilan birga joylarda tahliliy o’rganish ishlarini davom ettirishi hamda “AOIKAI Medical Corporation” prezidenti Takayoshi Shintanining dekabr oyining dastlabki sanalarida Farg’onaga tashrifi chog’ida har bir loyiha bo’yicha aniq muzokaralar o’tkazilishiga kelishildi.




Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube