Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan fuqarolarga mahsulot yetkazib beruvchi ta'minotchi korxonalarning ro'yxati
.
.
Saytni baholash
O’ZBEKISTON XALQ SHOIRI OXUNJON HAKIMOVNI YOD ETIB
2021-11-24 16:54:19 328
Farg’onada taniqli jurnalist, O’zbekiston xalq shoiri marhum Oxunjon Hakimovning xotira kechasi bo’lib o’tdi. Viloyat hokimligi, O’zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo’limi tomonidan tashkil etilgan tadbirda adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Farg’ona zaminidan yetishib chiqqan ulug’ so’z san'atkorlari yaratgan durdona asarlar bugun xalqimizning ijodiy mulkiga aylanib, ma'naviyatimizni yuksaltirish, yoshlarni barkamol ruhda tarbiyalashga xizmat qilayotgani ta'kidlandi.
Xotira kechasini viloyat hokimining o’rinbosari Fayzullo Qosimov ochib berdi. O’zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ibrohim G’ofurov, «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, «O’zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasi bosh muharriri Salim Ashur va boshqalar Oxunjon Hakimovning ibratli hayot yo’li va ijodi haqida so’z yuritishdi.
O’zbekiston xalq shoiri 1934 yilda Farg’ona tumanining Log’on qishlog’ida tavallud topgan. Umrini jurnalistika sohasiga bag’ishladi. Uzoq yillar viloyat «Kommuna» («Farg’ona haqiqati»), «Sovet O’zbekistoni» («O’zbekiston ovozi») respublika gazetalarida ishlab, ocherk va lavhalari, reportaj va feletonlari, suhbat va maqolalari bilan gazetxonlar hurmat-e'tiborini qozondi, ko’plab shogirdlarni tarbiyaladi. Nazm va nasr bo’stonida qalam tebratib, xalq mulkiga aylanib qolgan badiiy asarlar yaratdi. Ilk she'rlar to’plami – «Ilhom vodiysi» uni yanada yuksak ijodiy parvozga chorladi.
Uning «Dostonlar» (1970), «Qo’llarim ko’ksimda» (1976), «Tafakkur boqiy» (1982), «Vatan qasidasi» (1984), «O’shal kun kelur» (1990), «Ko’zlaringni o’zi qaro» (1992), «Qizlar hayol sursalar» (1995), «Muhabbatni ko’zlardan izlang» (1996), «Malaklar surati» (2004), «Dunyo, dunyo…” (2005), «Olam g’alat, odam g’alat» (2009), «Ko’ksingizda yashasam deyman» (2010), «Dardingizga malham bor» (2010), «Uyingizga sovchi boradi» (2013), «Bir diyor bor» (2013) she'riy to’plamlari nashr etilgan.
Oxunjon Hakimov qo’shiqnavis shoir sifatida ham hurmat ehtiromga sazovor bo’ldi. Uning yuzlab she'r va g’azallari qo’shiqlarga aylandi. Bir turkum she'rlari ingliz tiliga o’girilib mashhur xonandalar ijrosida dunyoning ko’pgina mamlakat xalqiga tortiq qilindi.
Istiqlol yillarida uning o’ndan ziyod she'riy va nasriy kitoblari nashr etildi. Zamonaviy mavzularda o’nga yaqin pesalari dunyoga keldi. «Sharq» nashriyotida adibning bir necha saylanmalar va uch tomlik tanlangan asarlari nashr etildi. Bular adibning «Ko’ksingizda yashasam deyman», «Bir diyor bor», «G’alati dunyo» kitoblaridir. Oxunjon Hakimov dramaturgiya janrida ham tomoshabinlar uchun manzur sahna asarlari yaratdi. Bu asarlar orasida «Bu chollar yomon chollar», «Tikon supurgi», «Baqiroq tuyaning tushlari», «Haydar xo’roz» singari sahna asarlari ko’p sonli tomoshabinlar o’rtasida katta qiziqish uyg’otdi. Uning qalamiga mansub ayrim komediyalar ba'zi xorijiy mamlakatlar teatrlari tomonidan ham muvaffaqiyatli sahnalashtirildi.
Oxunjon Hakimovning vatanimiz oldidagi buyuk xizmatlari istiqlol yillarida munosib taqdirlandi. U «Mehnat shuhrati», «El-yurt hurmati» ordenlari bilan mukofotlandi. 2006 yilda «O’zbekiston xalq shoiri» faxriy unvoni berildi.
– Oxunjon aka juda sinchkov inson edi, – deydi O’zbekiston Qahramoni Ibrohim G’ofurov. – U har bir odamning qimmatli tomonini o’zi uchun kashf qilib borardi. Aslida ijodkorning xususiyati shunda. Bu esa yangi qiyofada she'ri, hikoyasi, qo’yingki, har bir asarida namoyon bo’lardi. Oxunjon aka doimo hayot va odamlar ichida bo’lib, rang-barang odamlar bilan muloqot qilardi. Buning natijasida uning ijodiy mahorati oshib bordi, yangi, xalqchil asarlar dunyoga keldi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube