
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
HINDISTONNING “APOLLO HOSPITALS” XALQARO SHIFOXONALAR TARMOG’I BILAN HAMKORLIKDA FARG’ONADA ZAMONAVIY KLINIKA TASHKIL ETILADI. HINDISTON KOMPANIYASI VAKILLARI VILOYATIMIZGA TASHRIF BUYURISHDI

2021-12-18 17:55:29 269
Viloyat hokimligida viloyat hokimining o’rinbosarlari Iqboljon Ergashev va Fayzullo Qosimov Hindistonning “Apollo Hospitals” xalqaro shifoxonalar tarmog’i boshqaruvi vakillari Madxavan Dinesh va Punit Mexta bilan uchrashdilar.
Uchrashuvda viloyat sog’liqni saqlash boshqarmasi boshlig’i Husan Mamajonov, viloyatimizdagi “Marafon Group” xolding kompaniyasi tarkibidagi “Meridian Diagnostic Hospital” va “ILYASOV” MChJ rahbarlari Nurillo Mamasidiqov va Faxriddin Ilyasov ham ishtirok etishdi.
Uchrashuv davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi chog’ida Farg’ona shahrida Hindistonning “Apollo” klinikasini tashkil etish bo’yicha bergan topshiriqlari ijrosini ta'minlash maqsadida tashkil etildi.
Muloqot chog’ida “Meridian Diagnostic Hospital” va “Apollo Hospital” hamkorligida viloyatimizda “Apollo” transplantologiya va onkologiya klinikasini tashkil etish bilan bog’liq tashkiliy masalalar ko’rib chiqildi.
Uchrashuvda viloyat hokimining o’rnibosarlari viloyatda sog’liqni saqlash tizimini sifatini oshirishga qaratilayotgan e'tibor va “Apollo Hospital” bilan kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan hamkorlik yo’nalishlariga to’xtaldilar.
Kelgusi yilning fevral oyida Hindistonning Xaryana shtatiga amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan tashrif chog’ida “Apollo” vakillari bilan uchrashuv bo’lib o’tishi ham ma'lum qilindi.
Farg’ona viloyatiga ilk marotaba tashrif buyurgan “Apollo Hospitals” vakillari, iliq qarshi olinganliklari uchun minnatdorchilik bildirib, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, tibbiyot yo’nalishida boshqa loyihalarda ham hamkorlikka tayyor ekanligini aytib o’tdi.
Madxavan Dinesh “Apollo Hospital” klinikasi faoliyati, aholiga kunlik xizmat ko’rsatish holati, jarrohlik amaliyotlaridan lavhalar bo’yicha taqdimot qilib berdi.
Shuningdek, uchrashuvda “Apollo Hospital” tomonidan klinika boshqaruvini xalqaro standartlarga mos tashkil etish, “Apollo”ning malakali mutaxassislarini jalb qilgan holda mahalliy xodimlarni bilim va ko’nikmalarini doimiy oshirib borish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvdan so’ng mehmonlar loyihani amalga oshirish uchun zarur bo’lgan bino-inshootlarni ko’rish uchun joylarga yo’l oldilar. Kunning ikkinchi qismida “Apollo Hospital” hamda “Marafon Group” xolding kompaniyasi o’rtasida hamkorlikni tizimli yo’lga qo’yish uchun memorandum imzolanishi rejalashtirilgan.
Ma'lumot o’rnida, “Apollo Hospital” 1983 yilda tashkil etilgan bo’lib, Hindiston klinikalari orasida 5-o’rinni egallaydi. Kompaniya dunyo bo’ylab jami 12 ming o’rinli 71 ta klinikaga ega, tarkibida 150 diagnostika markazi, 90 dan ortiq birlamchi tibbiy yordam poliklinikalari va 3400 ta dorixona mavjud.





Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube