
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
FARG’ONADA JORIY YILDA YUQORI NATIJALARGA ERISHGAN ILM-FAN, SPORT, TA'LIM, MADANIYAT VA MA'NAVIYAT SOHALARI VAKILLARI SHARAFLANDI

2021-12-27 15:37:06 503
Bugun Farg’ona shahridagi “Afrosiyob” tantanalar majmuasida ilm-fan, sport, ta'lim, madaniyat va ma'naviyat sohalarida joriy yilda yuqori natijalarga erishgan viloyatimiz vakillari, soha fidoyilari uchun bayram tadbiri tashkil etildi.
Tantanali marosimda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari hamda huquq-tartibot va xavfsizlikni ta'minlovchi organlari rahbarlari, jamoatchilik va OAV vakillari qatnashdilar.
Viloyat rahbari yig’ilganlarni o’tgan yilda qo’lga kiritilgan yutuqlar hamda kirib kelayotgan Yangi yil bilan muborakbod etdi. Prezidentimiz saylovoldi uchrashuvida juda katta dasturni belgilab berganlarini, Farg’onada kelgusi yilda katta marralarni zabt etish uchun aniq rejalar ishlab chiqilib, amaliyotga tadbiq etilayotganligini qayd etdi.
Ilm-fan, sport, ta'lim, madaniyat va ma'naviyat sohalarida yil davomida erishilgan natijalarga to’xtalgan viloyat rahbari, bugungi kun bilan yashamasdan, qo’lga kiritilgan yutuqlar bilan chegaralanib qolmasdan, bir necha yil oldinga qarab intilish zarurligini, katta marralarni, maqsadlarni belgilash kerakligini, buning uchun eng ilg’or, rivojlangan davlatlarning tajribasini qo’rqmasdan tadbiq etish zarurligini ta'kidladi. Xayrullo Bozorov barcha sohalarda boshqa viloyatlarning ko’rsatkichlariga qiyoslab emas, jahonning eng rivojlangan hududlari erishgan natijalaridan kelib chiqib rejalar belgilash hamda ish tashkil qilish zarurligini qayd etdi.
Oliy ta'lim muassasalari dunyoning eng nufuzli universitetlari mingtaligiga kirishni, xalq ta'limi sohasi maktab bitiruvchilarining oliy ta'lim muassasalariga o’qishga kirish ko’rsatkichlarini kamida kelgusi yilda 40 foizga yetkazishni, viloyat sport federatsiyalari viloyatimizda barcha sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish bo’yicha ish tashkil etishni ko’zlab faoliyat olib borishlari lozimligi ta'kidlandi. Aholining turmush darajasi oshib borayotgani natijasida tabiiy ravishda madaniy hordiq chiqarish, teatrlarga, kontsertlarga borishga ehtiyoj paydo bo’layotganini ta'kidlagan viloyat hokimi, madaniyat va ma'naviyat sohalarida ham zamon talablaridan kelib chiqib ishlash lozimligiga e'tibor qaratdi.
Shundan so’ng 2021 yil davomida yuqori muvaffaqiyatlarga erishgan, o’z salmoqli yutuqlari bilan viloyatimiz obro’sini va sharafini yuksaltirishga hissa qo’shgan va jamoat hayotida faol ishtirok etgan ellikdan ziyod farg’onaliklar taqdirlandilar. Ularga viloyat hokimining faxriy yorliqlari, tashakkurnomalari va sovg’alari topshirildi.
Taqdirlanganlar orasidan disk uloqtirish bo’yicha Tokiodagi Paralimpiya o’yinlari chempioni Mohigul Xamdamova, karate WKF bo’yicha jahon chempioni unvonini qo’lga kiritgan birinchi o’zbekistonlik sifatida tarixga kirgan Doston Otabolayev, Superliga yo’llanmasini qo’lga kiritgan “Neftchi” PFK bosh murabbiyi Ilhom Mo’minjonov, Ahmad al-Farg’oniy nomidagi xalqaro fizika olimpiadasi bronza medali sohibi Sevinch Karimova va o’qituvchisi Saida Sulaymonova, "Ustoz-2021" Milliy mukofoti final bosqichi g’olibi Ulug’bek Mamajonov, Buvayda tumani Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Orzigul Tojiyeva, stratostat qurilmasini stratosfera qatlamigacha uchirgan yosh ixtirochi Ziyodulla Butaxanov, Marg’ilon musiqali Maqom teatri hamda viloyat musiqali drama teatri jamoalari va boshqa ko’plab ilm-fan, sport, ta'lim, madaniyat va ma'naviyat sohalarining iste'dodli va muvaffaqiyatli vakillari o’rin oldilar.
Kecha Toshkentda bo’lib o’tgan O’zbekiston futbol assotsiatsiyasining yil laureatlarini taqdirlashga qaratilgan «UZ Football Awards» marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mamlakatimizda futbolni rivojlantirish va uni ommaviyligini oshirish yo’lidagi xizmatlari uchun “Futbol rivoji uchun” sovriniga loyiq deb topilgandi. Bugungi tadbirda ana shu sovrin viloyat rahbariga tantanali topshirildi.
Otabek Muhammadzohid, Ilhom Ibrohimov va viloyatimizning boshqa taniqli san'atkorlari ishtirokidagi kontsert dasturi tadbir ishtirokchilariga yanada ko’tarinkilik bag’ishladi.




















Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube