![](https://ferghana.uz/uploads/sdfsdfsdfsdfsdfsdafsfdasdf.jpg)
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov
![](https://ferghana.uz/images/img/flag-gerb.gif)
.
.
Saytni baholash
KAMBAG’ALLIKNI QISQARTIRISHDA QUVA TAJRIBASI
![](https://ferghana.uz/uploads/bot/bf2406f2d8411e53514a9.jpg)
2022-01-18 12:19:21 256
Farg’onada yer bilan “tillashish”da quvaliklar eng old o’rinda turadilar. Azaldan mirishkor bobodehqon, usta bog’bonlar yurti bo’lgan Quva tumanida bugungi kunda otameros ko’hna hunar zamonaviy mezonlar asosida takomillashib bormoqda.
Quva tumanidagi 65 ta MFYda 44 mingdan ziyod xonadon tasarrufida 2 ming 930 gektar ekin yeri mavjud. Tumanda har yili o’rtacha 25 mln. tup mevali, 14 mln. tup manzarali daraxtlar ko’chatlari hamda 10 mln. tup gul ko’chatlari yetishtiriladi.
Hozirgi kunda har bir mahallaning “o’sish nuqtasi”, “drayver”lari aniqlanib, shu asosda yaqin istiqbolga mo’ljallangan dasturlar ishlab chiqilyapti.
Quva tumanida faoliyat ko’rsatayotgan Tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish respublika ilmiy markazi tomonidan hududdagi 100 gektar qir-adir yerlar o’zlashtirilib, 20 gektariga olma, nok ekildi. Ayni kunlarda 80 gektar yerda bodom, pista, behi, o’rik bog’lari barpo etish va kooperatsiya asosida oilalarga 50 sotixdan bo’lib berish rejalashtirilmoqda.
Quvadagi “Yangiqishloq” MFYda istiqomat qiluvchi G’ayratjon Sultonov yosh bo’lishiga qaramay, 7 sotix tomorqasida atirgul ko’chatlari yetishtirib sotish bo’yicha katta tajribaga ega. Quva tumani hokimligi ko’magida o’tgan yili unga 9 gektar yer, 400 mln. so’m imtiyozli kredit ajratib berilgach, “Vodiy turfa gullari” MChJ kooperatsiyasini tashkil etdi. 2021 yilning o’zida “Yangiqishloq”, “Soyguzar”, “Qo’rg’oncha” MFYlardagi 100 ta xonadonga kooperatsiya tomonidan atirgul urug’lari, kimyoviy vositalar, payvandtag yetkazib berildi. Natijada o’tgan yili kooperatsiya tomonidan Germaniya, Polsha, Rossiya, Latviya, Belorussiya hamda Markaziy Osiyo davlatlariga 1,2 mln. tup atirgul ko’chatlari eksport qilindi. G’ayratning bu yilgi maqsadlari yanada ulkan. Yosh tadbirkorning niyati jahon bozoriga atirgullar eksport qilish borasida dunyoda yetakchi davlatlardan biri sanaluvchi Niderlandiyada ortda qoldirishdir.
Tumanning “Sanoatchilar”, “Ittifoq”, “Sultonobod”, “Qayirma”, “Bo’ston”, “Xonobod” MFYlarida 3 mingga yaqin xonadon esa parrandachilik bilan shug’ullanadi. Bu mahallalarda o’z xonadonida ikki ming boshgacha tovuq, kurka, o’rdak, bedana boqayotgan oilalar safi tobora kengayib bormoqda.
“Sanoatchilar” MFYda 900 ga yaqin xonadonlar mavjud bo’lib, 200 ta xonadonda inkubatoriyalarda jo’ja ochirish faoliyati yo’lga qo’yilgan. Har bir xonadonda yiliga 10 mingdan 250 ming donagacha jo’ja ochiriladi, 100 boshdan 6000 boshgacha parranda parvarish qilinadi.
- Bizda har bir oila omilkor bo’lgani sababli ham bir qarich yer foydalanilmay qolmaydi, - deydi “Qoraqum” MFY raisi Hamidjon Turg’unov. - Mahallamizda yetishtirilgan mevali va manzarali daraxtlar, gul ko’chatlari mamlakatimizning shimoliy hududi bo’lgan Qoraqalpog’iston Respublikasi, Xorazm viloyatlarigacha yetkazib beriladi. Shu bois 1 ming 200 ga yaqin oila istiqomat qiladigan mahallamizda atigi 23 ta oila kam ta'minlangan hisoblanadi. Ular ham boquvchisini yo’qotgan, nogironligi bor shaxslarni parvarishlayotgan oilalardir.
Darhaqiqat, ona zaminimiz el rizq-nasibasini ta'minlovchi muhim manba, chinakam xazina va farovon hayot omili ekanligini Quva tumani misolida yaqqol ko’rish mumkin.
![](https://telegra.ph/file/bf2406f2d8411e53514a9.jpg)
![](https://telegra.ph/file/3cd787202169af27e8001.jpg)
![](https://telegra.ph/file/5fa44717fd8f6f7cf3e75.jpg)
![](https://telegra.ph/file/8a485920c6a5c2f255e83.jpg)
![](https://telegra.ph/file/8079891df3c62a6a9019c.jpg)
![](https://telegra.ph/file/7ee4abafce7311845e573.jpg)
![](https://telegra.ph/file/fe4089b98c1421cd3ef26.jpg)
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube,
Instagram