
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
FARG’ONADA KUZ MAVSUMIDA 5 MING 870 QUTI IPAK QURTI PARVARISHLANADI

2022-08-11 20:04:45 338
Azaldan pillachilik asosiy sohalardan biri bo’lib kelgan Farg’ona viloyatida ayni kunlarda ipak qurti boqishning uchinchi va to’rtinchi mavsumi davom etmoqda. Xalq xo’jaligi uchun muhim va kamyob xom ashyo yetkazib berish bo’yicha viloyatda o’ziga xos tajriba to’plangan. Xususan, ipak qurti uchun ozuqa bazasini yaratishga katta e'tibor berilmoqda.
– Ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish borasida viloyatimizda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2019 yilda 126 gektar, 2020 yilda 432,5 gektar, 2021 yilda 142,9 gektar, jami 3 yil davomida 701,4 gektar yangi intensiv tutzorlar barpo qilindi. Shuningdek, 2021 yil kuz va 2022 yil bahor oylarida 13 million tupdan ziyod tut ko’chatlari dala chetlari va yo’llar bo’ylariga ekildi. Bundan tashqari, Beshariq tumanida 100 gektar yangi yer maydoni o’zlashtirilib, yangi tutzor barpo qilish ishlari olib borildi. Ushbu jarayon viloyatning barcha tumanlarida davom ettirilmoqda, – deydi viloyat “Agropilla” MChJ rahbari Maqsudjon Qosimov.
Viloyatdagi mavjud 3692 gektar tutzorlar aholiga oilaviy pudrat shartnomasi asosida 10 sotixdan 30 sotixgacha taqsimlab berilganligi ijobiy natija bermoqda. Barcha nihollarning bexato unib-o’sishi, baravj rivojlanishida agrotexnik tadbirlarning o’z vaqtida amalga oshirilishda bu usul katta ahamiyatga ega.
Hududlarda qurt boquvchilarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularning ijtimoiy muhofazasini, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta'minlashga ham alohida e'tibor qaratilgan. Buni sohada 96942 nafar (shundan 15907 nafar doimiy, 81035 nafar mavsumiy) aholining bandligini ta'minlash bo’yicha olib borilayotgan chora-tadbirlarda ham ko’rish mumkin.
Aytish joizki, joriy yil kuz mavsumida 5870 quti ipak qurti parvarishlanib, 234,8 tonna tirik pilla yetishtirish rejasi belgilangan. 2022 yil hosili uchun viloyat shahar va tumanlaridagi 8197 nafar kasanachilar bilan shartnomalar tuzilgan.
Yil davomida 4 marotaba ipak qurti boqish uchun viloyatda ipak qurti ozuqa bazasi yetarlicha yaratilganligi “kumush tola” xirmoni yuksalishida, ko’zlangan marralarning zabt etilishida muhim rol o’ynashi shubhasiz.




Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube,
Instagram