
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
“IPAK YO’LI DURDONASI” XIV TOSHKENT XALQARO KINOFESTIVALI DOIRASIDA FARG’ONADA QOZOG’ISTON HAMDA BELARUS KINO KUNLARI TASHKIL ETILADI

2022-09-10 14:43:12 331
Mamlakatimizda 13-18 sentyabr kunlari bo’lib o’tadigan “Ipak yo’li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida Farg’ona viloyatida ham “Tinchlik, taraqqiyot va ma'rifat” shiori ostida “Xorijiy mamlakatlar kino kunlari” tashkil etiladi.
Kinofestival tadbirlari oldidan “Kino besh kunda” II yosh kinoijodkorlar tanlovi uchun viloyatimizda, xususan, Qo’qon, Marg’ilon shaharlari hamda Rishton tumanida qisqa metrajli filmlar suratga olinadi.
16-17 sentyabr kunlari Farg’ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr va kontsert saroyida “Belarus kino kunlari”, Qo’qon shahar musiqali drama teatrida esa “Qozog’iston kino kunlari” bo’lib o’tadi. Ularda “Belarusfilm” rahbari Vladimir Karachevskiy, Shaken Aymanov nomidagi "Kazaxfilm" bosh direktori Akan Satayev, belarussiyalik va qozog’istonlik mashhur aktyor va aktrisalar, Toshkent shahridan kelgan taniqli kinoijodkorlar ishtiroki kutilmoqda.
Shuningdek, viloyat va shahar hokimligi, Kinematografiya agentligi viloyat bo’limi bilan birgalikda Farg’ona shahrida joylashgan Alisher Navoiy kinoteatrida ayni kunlarda amalga oshirilayotgan qurilish-ta'mirlash va jihozlash ishlari yakunlanib, “ShHT mamlakatlari kino xaftaligi” doirasida foydalanishga topshirish marosimini o’tkazish ham rejalashtirilgan. Mutasaddilar ma'lumotiga ko’ra, kinoteatrda ikkita 250 o’rinli kinozal to’liq ta'mirlanib, zamonaviy DSP formatdagi kinoqurilma o’rnatiladi. Natijada 1958 yilda qurib bitkazilgan, biroq bir necha yildan buyon ta'mirtalab yotgan ushbu manzil farg’onalik kinosevarlar uchun yana o’z eshiklarini ochadi.
Kinofestival doirasida "Kinokarvon" aktsiyasi o’tkazilib, xorijiy filmlar namoyishi va taqdimotlari, xorijiy mamlakatlar kinoyulduzlari bilan qiziqarli uchrashuvlar, mehmonlarni viloyatimizning diqqatga sazovor joylariga sayohatlari amalga oshiriladi.



Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube,
Instagram