Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan fuqarolarga mahsulot yetkazib beruvchi ta'minotchi korxonalarning ro'yxati
.
.
Saytni baholash
KOREYANING “HANSHIN ENGINEERING & CONSTRUCTION” KOMPANIYASI BOSHQARUVI RAISI CHXVE YON SON FARG’ONAGA KELDI
2022-09-27 19:51:34 231
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov viloyatimizga kelgan Koreyaning “Hanshin Engineering & Construction” kompaniyasi boshqaruvi raisi Chxve Yon Son boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda Koreya kompaniyasi tomonidan Qo’qon shahrida amalga oshirishga kirishilayotgan “Hanshin Park City” shaharchasini barpo etish loyihasi muhokama qilindi.
Viloyat hokimi boshchiligidagi Farg’ona viloyati delegatsiyasining joriy yil mart oyida Koreyaga amaliy tashrifi doirasida Qo’qon shahrida “Hanshin Park City” shaharchasini barpo etish bo’yicha qiymati 250 million dollarlik investitsion kelishuv imzolangandi.
Kelishuvga ko’ra, Koreya kompaniyasi Qo’qon shahrida 9, 12 va 16 qavatli 5122 xonadondan iborat 127 ta ko’p qavatli turar-joy binosi, taunxauslar, markaziy park, maktab, bolalar bog’chasi va boshqa zarur ijtimoiy ob'ektlardan iborat “Hanshin Park City” shaharchasini barpo etadi. Turar-joylarning podval qismida 5000 dan ziyod avtomobillar uchun yerosti avtoturargohlari o’rin oladi. 3 yillik reja asosida amalga oshiriladigan loyihaning ilk pilot bosqichida jami 206 ta xonadondan iborat 6 ta 9 qavatli turar-joy binosi qad rostlaydi.
Bugungi uchrashuvda ushbu shaharcha qurilishi ishlariga tayyorgarlik jarayonlari yuzasidan fikr almashildi. Senat qarori bilan Qo’qon shahri yer maydoni kengaytirilishi natijasida shahar bosh rejasiga kiritilayotgan o’zgarishlar tasdiqlanishi bilan loyihani amalga oshirishga kirishilishi belgilandi. “Hanshin Engineering & Construction” kompaniyasi rahbari loyihaning tamal toshi qo’yilishi marosimida ham ishtirok etishini ma'lum qildi.
Muloqot chog’ida Chxve Yon Son O’zbekistonga besh yil avval ilk bora kelganini qayd etib, so’nggi besh yilda amalga oshirilgan o’zgarishlar va bunyodkorliklar yaqqol ko’zga tashlanganini ta'kidladi. U Koreya ishbilarmon doiralari o’rtasida O’zbekistonga qiziqish yanada ortayotganini e'tirof etdi.
“Hanshin Engineering & Construction” kompaniyasi vakillari tashrif davomida viloyatimizda logistika, turizm hamda ko’chmas mulk sohalariga ham investitsiya kiritish imkoniyatlarini o’rganishni rejalashtirmoqda.
Uchrashuvda viloyat hokimining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo’yicha o’rinbosari Iqboljon Ergashev ham ishtirok etdi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube,
Instagram