
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
FARG’ONADA VILOYATIMIZDAGI MILLIY MADANIY MARKAZLARNI O’ZIDA JAMLAGAN “DO’STLIK UYI” FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

2022-11-17 21:16:12 567
Bugun Farg’ona shahri Qirguli mavzesida “Do’stlik uyi”ning tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov, mutasaddi rahbarlar, viloyatdagi nemis, slavyan, yahudiy, tatar, qirg’iz, koreys, tojik, turk milliy madaniy markazlari hamda viloyat jamoatchiligi vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda so’z olganlar millatlararo hamdo’stlik, totuvlik va bag’rikenglikni mustahkamlash - Davlatimiz rahbari boshchiliklarida olib borilayotgan odilona siyosatning asosiy tamoyillaridan biri ekanini ta'kidlab, Prezidentimiz tashabbuslari bilan milliy madaniy markazlarga, ularni moddiy va ma'naviy qo’llab-quvvatlashga alohida e'tibor ko’rsatilayotgani, bugun foydalanishga topshirilgan Do’stlik uyi ham ushbu yuksak e'tiborning namunasi ekanini qayd etdilar.
Viloyat mahalliy byudjeti hisobidan 3,5 milliard so’mdan ziyod mablag’ sarflanib rekonstruktsiya qilingan, bugun ko’rkam va zamonaviy qiyofaga ega bo’lgan sobiq “Neftchi” madaniyat saroyi binosi endilikda turli millat va elat vakillari uchun haqiqiy do’stlik maskaniga aylandi. Bu yerda viloyatimizdagi 8 ta milliy madaniy markazlarga alohida xonalar ajratildi, to’garaklar o’tish va turli tadbirlar tashkil etish uchun kontsert zali zamonaviy ko’rinishga keltirildi.
4 millionga yaqin aholi istiqomat qilayotgan Farg’onada turli millat va elatlar “O’zbekiston – umumiy uyimiz” degan ezgu shior bilan do’stlik va totuvlikda hayot kechirayotgani, barcha birdek yurt ravnaqiga munosib hissa qo’shayotgani qayd etildi.
Viloyatimizda 228 ming nafardan ziyod tojiklar, 77 ming nafardan ortiq qirg’izlar, 41 ming nafar ruslar, 5,6 ming nafar koreyslar, 4,8 ming nafar ukrainlar, 2 ming nafar tatarlar va 42 ming nafar yahudiy, turk, nemis kabi boshqa millatlar vakillari istiqomat qilayotgani aytildi. Shuningdek, 8 ta - ya'ni rus, tojik, tatar, nemis, qirg’iz, yahudiy, koreys va turk milliy madaniy markazlari, 202 ta islomiy va 15 ta noislomiy diniy tashkilotlar ahil-inoqlikda faoliyat olib bormoqda.
Yurtimizda o’zini o’zbekistonlikman deb hisoblagan har bir kishi uchun erkin yashash, mehnat qilish, ta'lim olish, milliy va diniy urf-odatlarini bajo keltirish imkoniyatlari to’liq yaratib berilgan. Shu ma'noda tadbirda yagona Vatan tuyg’usini asrab-avaylash, yosh avlodni mana shu ruhda kamol toptirish borasida samarali faoliyat olib borayotgan milliy madaniy markazlarning rahbarlari Galina Akopdjanova, Semen Abduraxmonov, Viktor Lyan, Valentina Miller, Albina Karimova, Nortoji Xalibayeva, Toxir Kapadze, Ma'sudjon Mirzoyev va boshqa fidoyilarni nomlari hurmat bilan tilga olindi.
Ramziy tasma qirqilib, mehmonlar binoda milliy madaniy markazlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Turli millatlarning milliy an'ana va qadriyatlarini o’zida namoyon etgan kuy-qo’shiqlar va raqslardan iborat kontsert dasturi tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.










Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube,
Instagram