Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan fuqarolarga mahsulot yetkazib beruvchi ta'minotchi korxonalarning ro'yxati
.
.
Saytni baholash
VILOYAT HOKIMI XAYRULLO BOZOROV BOSHCHILIGIDAGI DELEGATSIYANING YAPONIYAGA TASHRIFI DAVOMIDA UMUMIY QIYMATI 81,5 MILLION DOLLAR BO’LGAN 5 TA INVESTITSION SHARTNOMA IMZOLANDI
2022-12-13 11:47:18 981
Joriy yilning 5-11 dekabr kunlari viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Farg’ona viloyati delegatsiyasi hududlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirishni ko’zda tutgan amaliy tashrif bilan Yaponiyada bo’lib qaytdi.
Samarali o’tgan tashrif davomida umumiy qiymati 81,5 million dollar bo’lgan 5 ta investitsion shartnoma imzolandi.
Yaponiyaning Osaka hamda Chiba prefekturalari rahbariyati bilan rasmiy muzokaralar o’tkazilib, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy hamkorlikni, sanoat, turizm, madaniyat va ta'lim yo’nalishlarida amaliy aloqalarni yo’lga qo’yish, Farg’onada Yaponiya kompaniyalari tomonidan qator sohalarda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish kabi o’zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.
Hududlararo iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida 2023 yilning 2-choragida Farg’ona shahrida Farg’ona-Yaponiya biznes forumini tashkil etish borasida kelishib olindi.
Osaka Savdo-Sanoat Palatasida 40 nafardan ziyod turli sohalarda faoliyat yurituvchi yapon tadbirkorlari, OSSP rahbariyati, Farg’ona viloyatidan kelgan va Yaponiyada faoliyat yuritayotgan vatandosh tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum tashkil etildi.
Muzokaralar yakuni bilan imzolangan hujjatlar qatorida Farg’ona shahridagi Ekoshahar hududida loyiha qiymati 60 million dollar bo’lgan onkologik kasalliklarni davolashga ixtisoslashgan “AOIKAI” xalqaro tibbiyot shifoxonasini hamda tibbiyot universitetini tashkil etish bo’yicha “AOIKAI Medical Corporation” kompaniyasi bilan imzolangan investitsion shartnomani alohida qayd etish lozim. Shuningdek, ushbu kompaniya bilan Farg’ona shahrida qiymati 3 million dollarlik hamshiralarni tayyorlash o’quv markazini tashkil etish va bitiruvchilarning Yaponiyaga tartibli mehnat migratsiyasini yo’lga qo’yish loyihasini amalga oshiradigan bo’ldi.
“Micado Development” kompaniyasi bilan Ekoshahar hududida 3 gektar maydonda loyiha qiymati 15 million dollarlik yapon bog’i, mehmonxona, restoranlar majmuasidan iborat “Shogun city” barpo etish bo’yicha shartnoma imzolandi.
“SANSHO” kompaniyasi bilan Farg’ona tumanidagi Ilg’or massivi va “Ekoshahar”da DXSh tamoyili asosida chiqindilarni qayta ishlab energiya ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo’yicha kelishuv imzolandi. Loyiha birinchi bosqichida chiqindini saralash va qadoqlash liniyasini yo’lga qo’yish uchun 3 million dollar investitsiya yo’naltiriladi. Ikkinchi bosqich yuzasidan aniq hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun yapon kompaniyasi 2023 yil yanvar oyida Farg’onaga tashrif buyurishiga kelishildi.
“Sanctuary Co. Ltd.” kompaniyasi bilan imzolangan investitsion kelishuvga ko’ra, kompaniya 500 ming dollar investitsiya yo’naltirgan holda Farg’onada viloyat qishloq xo’jaligi yerlari holatini dronlar orqali monitoring qilish va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish markazini tashkil etadi. Hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va aniq chora-tadbirlar yuzasidan “Yo’l xaritasi” imzolandi.
Shuningdek, tashrif davomidagi muzokaralar chog’ida “Yamanashi Gakuin” kompaniyasi bilan Farg’ona shahrida maktabgacha ta'lim, umumta'lim maktabi va oliy ta'lim muassasasi, ilmiy-izlanish markazlaridan iborat klasterni tashkil etish, “Nippondo” va “Willtec” kompaniyalari bilan Farg’ona Politexnika instituti qoshida qurilish va axborot texnologiyalari yo’nalishi talabalari uchun o’quv markazi tashkil etish, “YMO Japan” kompaniyasi tomonidan Oltiariq tumanidagi “Nirt fruit” MChJga tegishli sovutkichli omborlarga hamda Farg’ona shahridagi monomarkaz binosiga pilot loyiha sifatida quyosh panellarini o’rnatish, ulardan foydalanish bo’yicha o’quv markazi ochish bo’yicha kelishib olindi.
“Japan Digital Bank” va NIOC (Yaponiya investitsiyaviy amaliyotlar korporatsiyasi) bilan Farg’ona viloyatida maxsus yapon sanoat zonasini tashkil etish, “Yanmar Energy System Co Ltd.” tomonidan energogeneratorlar ishlab chiqarish, “Masui” kompaniyasi orqali Yaponiyaga Farg’onada ishlab chiqarilgan ip-kalava, sochiqlar va uy tekstil mahsulotlarini eksport qilish bo’yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube,
Instagram