Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan fuqarolarga mahsulot yetkazib beruvchi ta'minotchi korxonalarning ro'yxati
.
.
Saytni baholash
VILOYAT HOKIMI XAYRULLO BOZOROV YAPONIYADA MAKTAB TA'LIMI TIZIMI BILAN TANISHDI
2022-12-13 18:05:02 247
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Yaponiyaga amalga oshirilgan tashrif davomida ushbu mamlakat ta'lim tizimi bilan yaqindan tanishish uchun Tokio shahri Suginami ma'muriy hududida joylashgan Fujimigaoka maktabida bo’ldi.
Fujimigaoka maktabi direktori Akiko Takeuchi maktab faoliyati bilan tanishtirib, Yaponiya ta'lim tizimining o’ziga xos xususiyatlari haqida ma'lumot berdi. Yaponiyada to’qqiz yillik majburiy ta'lim tizimi mavjud bo’lib, bu olti yillik boshlang’ich maktabni hamda uch yillik o’rta maktabni o’z ichiga oladi. Fujimigaoka maktabi ham 6 yillik boshlang’ich ta'lim maktabi hisoblanadi.
Yaponiyada maktablar mahalliy hokimiyat organlari tasarrufida ekanini qayd etgan maktab direktori Akiko Takeuchi, muassasa rahbarini, o’qituvchilarni ishga olish, maosh to’lash, maktabni moliyalashtirish, ta'mirlash, jihozlar, o’quv qurollari bilan ta'minlash masalalari barchasi Tokio prefekturasidagi ta'lim qo’mitasi tomonidan amalga oshirilishini ma'lum qildi. Ta'lim vazirligi Yaponiyada faqatgina umummilliy ta'lim strategiyasini ishlab chiqish bilan band ekanini ta'kidlagan Akiko Takeuchi, ta'lim vazirligi maktablar faoliyatiga umuman aralashmasligini bildirdi. Tokio prefekturasidagi ta'lim qo’mitasida 2000 nafardan ziyod xodim faoliyat olib boradi, shaharning ma'muriy tumanlarida bo’limlari mavjud emas.
Darslik kitoblar vazirlik tomonidan tasdiqlanadi, qaysi bosmaxonada chop ettirish masalasini har bir hudud ma'muriyati o’zi belgilaydi. Har bir darslik uchun o’quvchilarning dars kitobi bilan birga o’qituvchi kitobi ham ishlab chiqilgan bo’lib, u darsni tashkil etish bo’yicha kerakli barcha ma'lumotlarni o’zida jamlagan bo’ladi.
Maktablarda o’qituvchilarga boshlang’ich, o’rta va oliy toifalar berilib, toifa olish uchun o’qituvchilar hokimiyatlar qoshidagi ta'lim qo’mitasi maxsus komissiyasi tomonidan insho va test o’tkazish yo’li orqali imtihon qilinadi. Oliy toifani olish eng qiyini hisoblanib, Fujimigaoka maktabi misolida olib qaraganda, direktor bilan birga ikki pedagogdagina ushbu toifa mavjud.
Maktab direktori etib tayinlanish uchun faqatgina oliy toifali o’qituvchilar o’rtasida insho va suhbat imtihonlari o’tkaziladi, har bir nomzod o’zi direktor sifatida maktabni rivojlantirish rejalarini yozma bayon qiladi. Imtihonlardan ikki yil ketma ket muvaffaqiyatli o’ta olgan nomzodlar orasidan direktorlar tayinlanadi. Maktab direktorining 1 ta o’rinbosari ish olib boradi va u ham oliy toifali bo’lishi shart. Yirik maktablardagi ikkita o’rinbosar shtati mavjud.
Maktabda o’quvchilar uchun pullik tushlik tashkil qilingan bo’lib, bunda kam ta'minlangan o’quvchilarga hokimiyat tomonidan tushlik to’lovi qoplab beriladi. Ovqatni tarqatish hamda oshxonani yig’ishtirish birinchi sinfdan boshlab o’quvchilar tomonidan navbat bilan amalga oshiriladi.
Maktablarda o’quvchi soni 200 nafardan 800 nafargachani tashkil etadi, o’quvchilar yashash hududiga eng yaqin maktabda ta'lim oladi. Bitta sinfda maksimum o’quvchi soni 35 ta etib belgilangan bo’lib, o’quvchilar birinchi-ikkinchi sinflarda baholanmaydi, uchinchi sinfdan boshlab A, B va C shaklida baholash boshlanadi. YEttinchi sinfdan boshlab esa 5 balli baholash tizimi yo’lga qo’yiladi.
O’qituvchilar haftalik va yillik ish rejasi ishlab chiqadilar va maktab direktori tomonidan tasdiqlab beriladi. O’qituvchilar uchun qo’shimcha ustama va rag’batlantirish tizimi mavjud emas. Har bir maktabda “ustoz-shogird” tamoyili asosida ish yo’lga qo’yilgan bo’lib, yangi ish boshlagan o’qituvchilarga tajribali pedagoglar doimiy yo’l-yo’riq ko’rsatib borishadi.
6 yillik boshlang’ich maktablarda majburiy forma talabi mavjud emas, umuman maktablar kiyinish va boshqa normalarni o’zi mustaqil belgilaydi.
Yoshlar bilan ishlash uchun maktablarda alohida tuzilma mavjud emas, lekin har bir tuman kesimida doimiy sport va ijodiy musobaqalar har yili o’tkazib kelinadi.
O’qituvchilar har o’quv yili davomida har bir o’quvchining ota-onasi bilan uch marta kamida 15 daqiqa alohida uchrashib, bolalarining maktabdagi o’zlashtirishi hamda xulqi yuzasidan muhokama o’tkazishi belgilangan. Umumiy tarzda ota-onalar majlislari o’tkazilmaydi. Farzandlari bilan bog’liq masalalarda ota-onalarning to’g’ridan to’g’ri o’qituvchilar bilan bog’lanishiga yo’l qo’yilmaydi, har bir holatda maktab direktoriga murojaat qilish tartibi o’rnatilgan.
O’quvchilarda sayohat ko’nikmalarini shakllantirish uchun bir yilda 3 marta turli sayohatlar tashkillanadi.
Maktablarga jihozlar, sport va musiqa anjomlari sotib olish uchun hokimiyat tomonidan har yili aniq belgilangan mablag’ ajratiladi, har bir maktabda aynan nimaga ehtiyoj mavjudligi o’rganilib, ajratilgan mablag’ zarur bo’lganlari uchun yo’naltiriladi.
Maktab qoshidagi kutubxonada o’quvchilar bir martada beshtagacha kitob olishlari mumkin, kutubxonaga yangi kelgan adabiyotlar haqida ma'lumot taxtasi doimiy yangilab boriladi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube,
Instagram