Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan fuqarolarga mahsulot yetkazib beruvchi ta'minotchi korxonalarning ro'yxati
.
.
Saytni baholash
KELGUSI YILDA FARG’ONADA TA'LIM SIFATI VA SAMARADORLIGI YANGI BOSQICHGA OLIB CHIQILADI
2022-12-27 22:44:09 838
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirokida Farg’ona viloyatida ta'lim sifati va samaradorligini oshirish bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalarga bag’ishlangan yig’ilish bo’lib o’tdi. Tadbirda viloyat va shahar-tumanlar sektorlari rahbarlari, ta'lim sohasi mutasaddilari, maktab direktorlari va o’rinbosarlari ishtirok etdilar.
Videoaloqa orqali shahar va tumanlar studiyalari ham ulangan uchrashuvda Prezidentimizning 20 dekabr kuni Oliy Majlis va O’zbekiston xalqiga yo’llagan Murojaatnomasidan kelib chiqadigan vazifalar, ta'lim tizimida joriy yilda viloyatimizda erishilgan yutuqlar, yo’l qo’yilgan xato va kamchiliklar, kelgusi yil rejalari atroflicha tahlil qilindi.
“Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili”da viloyat ta'lim tizimida mutlaqo yangicha ish tashkil etilishi, milliy an'ana va qadriyatlarimizga asoslanib hamda ilg’or xorijiy tajribalardan foydalangan holda, samaradorlik va natijadorlikni yangi bosqichga olib chiqish lozimligi alohida ta'kidlandi. Buning uchun eng avvalo hududlarda maktab ta'limini isloh qilish kengashi rahbari sifatida shahar va tumanlar hokimlarining, shuningdek, maktab direktorlari, o’qituvchilar, ota-onalarning mas'uliyati ta'sirchan choralar orqali yanada oshirilishi qayd etildi.
Tadbirda viloyat rahbari sifatli ta'limni ta'minlashda dunyoda o’ziga xos o’ringa ega Yaponiya ta'lim tizimining o’ziga xosliklari haqida alohida to’xtaldi. Ushbu mamlakatga tashrif doirasidagi o’rganishlardan kelib chiqib, Yaponiyada maktablar faoliyati, o’qituvchilarga yaratilgan sharoitlar, ularning mas'uliyati, o’quv jarayonlarini tashkil etish masalalari, o’quvchilar bilan ishlash, maktab va ota-onalar munosabatlari haqida qiyosiy-tahliliy fikrlarini bayon qildi.
Qishki ta'til davomida ta'lim muassasalarini mavsumga tayyorgarligini yana bir bor o’rganish, binolarni ta'mirlash, isitish tizimi bilan bog’liq aniqlangan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish yuzasidan shahar va tumanlar hokimlariga ko’rsatma berildi.
Maktablarning moddiy-texnik bazasini xatlovdan o’tkazish, sport inventarlari, musiqa asboblari, kompyuterlar hamda proyektorlar bilan yetarlicha ta'minlash, sport maydonlari hamda zallarini belgilangan talablarga mos holga keltirish, maktabda ommaviy sport tadbirlarini ko’paytirish bo’yicha keng ko’lamli ish tashkil etish bo’yicha mas'ullarga topshiriqlar berildi.
Ta'lim tizimida faoliyat olib borayotgan maktab direktorlarining uzoq yillik pedagogik tajribaga ega, malaka toifasiga ega o’qituvchilar orasidan tayinlanishi lozimligi qat'iy belgilandi.
Viloyat xalq ta'limi tizimi mutasaddilariga viloyat maktablarida oliy, birinchi va ikkinchi toifali o’qituvchilar sonini sezilarli oshirish bo’yicha tizimli ish tashkil etish vazifasi yuklatildi.
Umumta'lim maktablarida huquqbuzarliklar va jinoyatlar profilaktikasini ta'minlashda, maktab o’quvchilari tomonidan huquqbuzarliklar holatlari sodir etilishining oldini olishda mutasaddilarning mas'uliyati yana bir bor qayd etilib, bu borada ota-onalar bilan o’zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi ta'kidlandi.
Tadbir yakunida xalq ta'limi sohasi rivojiga munosib hissa qo’shib kelayotgan, barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarni vatanparvarlik va istiqlol g’oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh farg’onalik pedagoglarga “Xalq ta'limi a'lochisi” ko’krak nishonlari va viloyat hokimligining tashakkurnomalari, esdalik sovg’alari topshirildi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube,
Instagram