
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
“POSCO INTERNATIONAL” KORPORATSIYASI FARG’ONA VILOYATIDA ISHLAB CHIQARISH KO’LAMINI KENGAYTIRIB, INVESTITSIYALAR HAJMINI OSHIRADI

2023-03-13 20:54:52 806
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bugun viloyatimizda bo’lib turgan Koreyaning “POSCO International” korporatsiyasi prezidenti Chon Tak boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda Yozyovon tumani hududida o’tgan yilda Koreya kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan paxta-to’qimachilik klasteri faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, “POSCO textile Fergana” korxonasida mavjud ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish bo’yicha amalga oshirilgan ishlar, kelgusida rejalashtirilayotgan loyihalar muhokama qilindi.
Joriy yil yanvar oyida “POSCO International” korporatsiyasi prezidenti lavozimida ish boshlagan Chon Tak, “POSCO International” Farg’ona viloyatiga qo’shimcha investitsiyalar kiritish bo’yicha qaror qabul qilganiga bu yerda yana bir bor ishonch hosil qilganini qayd etib, ushbu tashrifdan so’ng korxonani yanada kengaytirish va rivojlantirish bo’yicha strategiya ishlab chiqishga kirishilishini ma'lum qildi.
Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Farg’ona viloyati delegatsiyasining 2022 yil mart oyida Koreyaga tashrifi doirasida Inchxon shahrida “Posco International” korporatsiyasi rahbariyati bilan uchrashuv o’tkazilib, qiymati 65 million dollar bo’lgan hamkorlik memorandumi imzolangandi.
Ushbu kelishuv doirasida “Posco International” tomonidan 2022 yil davomida birinchi bosqichda viloyatimizga 21 million dollarlik investitsiya kiritilib, 9 million dollarlik aralash mato va aralash ip ishlab chiqarish liniyasi uchun dastgohlar olib kelindi, Yozyovon tumanida loyiha qiymati 8 million dollar bo’lgan paxtani qayta ishlash zavodi qurilishi deyarli yakunlandi. Joriy yil aprel oyida foydalanishga topshiriladigan zavod hududida alohida Fermerlar markazi ham barpo etilayotgan bo’lib, ushbu markazdan fermerlar uchun bank xizmati, buxgalteriya markazi, kompyuter xizmatlari, dam olish joylari va boshqa qulayliklar o’rin oladi. Korxonada 250 nafar yozyovonliklar bandligi ta'minlanadi. Yillik 20 ming tonna chigitni qayta ishlash quvvatiga ega yog’ zavodi esa joriy yil sentyabr oyida ish boshlaydi. Shuningdek, tumanda hozirgacha jami 430 gektar maydonda tomchilab sug’orish tizimi joriy etildi, klaster faoliyati uchun umumiy qiymati 2,5 million dollar bo’lgan qishloq xo’jaligi texnikalari olib kelindi.
Muloqot chog’ida shuningdek, paxta yetishtirishdan tayyor mahsulotgacha bo’lgan jarayonni qamrab oluvchi ishlab chiqarish zanjirini to’la yo’lga qo’yish, bunda Koreya bozori talablariga mos momiq sochiqlar ishlab chiqarish, shuningdek, bo’yalgan mato hamda aralash va bo’yalgan gazlama mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish kabi masalalar ham muhokama qilindi.
Uchrashuvda viloyat hokimining o’rinbosari Iqboljon Ergashev ham ishtirok etdi.



Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube,
Instagram