
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
ILMNI QADRLANG, ILMGA INTILING! – VILOYATIMIZ MAKTABLARIDA “SO’NGGI QO’NG’IROQ” TADBIRLARI KO’TARINKI KAYFIYATDA TASHKIL ETILMOQDA

2023-05-25 11:37:18 498
Bu yil Farg’ona viloyatidagi 976 ta umumiy o’rta ta'lim va ixtisoslashtirilgan maktablarda jami 39 ming 973 nafar 11-sinf o’quvchilari o’quv yilini yakuniga yetkazmoqdalar. Bitiruvchilarga muvaffaqiyat tilash maqsadida barcha hududlarda maktab hayotida muhim o’rin tutgan “So’nggi qo’ng’iroq” tadbirlari "Ilmni qadrlang, ilmga intiling!" shiori ostida tantanali tarzda tashkil etildi. Farg’ona shahridagi 5-umumiy o’rta ta'lim maktabida bo’lib o’tgan tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.
Viloyat hokimi dastlab, Prezidentimizning umumiy o’rta ta'lim maktablarining bitiruvchi yoshlariga yo’llagan tabrigini o’qib eshittirdi. Davlatimiz rahbarining katta e'tiborlari va g’amxo’rliklari natijasida jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallash imkoniyatiga ega bo’lgan yoshlarimiz mustaqil hayotda o’z o’rinlarini topishlari, davlatga, jamiyatga nafi tegadigan mutaxassislar bo’lib yetishishlariga umid bildirdi.
Bitiruvchilarni qaysi kasb egasi bo’lishlaridan qat'iy nazar, muttasil o’qib-o’rganishda davom etishga chaqirgan viloyat hokimi, “Milliy qadriyatlarimizning, an'analarimizning, maqol va hikmatlarimizning mohiyatiga yaxshilab e'tibor berilsa, ularda hayotda nima yaxshi, nima yomon ekani o’z ifodasini aniq topganini ko’ramiz. Shuning uchun doim yaxshi niyatlar qilish kerak. Yaxshi niyatlar yaxshi maqsadlarga aylanadi. O’z ustida ishlashdan, ilm olishdan, izlanishdan hech qachon to’xtamagan, to’g’ri yo’l bilan borib, qat'iyat bilan harakat qilgan inson barcha maqsadiga yetadi!” deb ta'kidladi.
5-umumiy o’rta ta'lim maktabi Davlat dasturi asosida ajratilgan 9,5 milliard so’m mablag’ hisobiga kapital ta'mirdan chiqdi hamda 480 o’rinli yangi o’quv binosi foydalanishga topshirildi. Moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlandi. Albatta, yaxshi sharoitlarga ega bo’lgan maktabda ta'lim sifati ham yaxshilanganini ta'kidlash lozim. Ushbu ta'lim muassasasida 40 yildan beri faoliyat ko’rsatib kelayotgan ustoz-o’qituvchi Hanifaxon Nazirova, bugungi kunda ta'lim-tarbiya – Prezidentimiz e'tiboridagi eng ustuvor masalaga, o’qituvchi esa jamiyatning nufuzli va obro’li vakiliga aylanganini qayd etib, “Qani edi, bunday ajoyib shart-sharoitlarda yana 40 yil ishlasam edi” degan fikrni bildirdi.
Kuni kecha viloyatimizning Quva tumanida bo’lib o’tgan asosiy fan olimpiadalarining 4-Respublika bosqichida Farg’ona shahridagi 5-umumiy o’rta ta'lim maktabining 11-sinf o’quvchisi Madinabonu Husanova ona tili fanidan ishtirok etib, faxrli 3-o’rinni egalladi. Bugungi tadbirda Madinabonuga va uning ustoziga viloyat hokimining faxriy yorlig’i va sovg’alari topshirildi.
Maktabning faol o’quvchilariga viloyat hokimligi sovg’asi sifatida kitoblar jamlanmalari taqdim etildi.










Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube,
Instagram