
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
MANFAATDORLIK BO’LSA, MEHNATDA VA HOSILDA BARAKA BO’LADI: FARG’ONADA G’ALLA O’RIM-YIG’IM MAVSUMI BOSHLANDI

2023-06-01 20:54:16 492
Bugun viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari rahbarlari bilan birga Yozyovon tumanida bo’lib, g’alla o’rim-yig’im mavsumi boshlanishiga bag’ishlangan tadbirda ishtirok etdi.
Dastlab “Xonobod” MMTP hududida joylashgan “Xonobod g’alabasi” fermer xo’jaligi dala maydonida pishib yetilgan boshoqli don hosili ko’zdan kechirildi.
Paxtachilik-g’allachilik yo’nalishida faoliyat olib borayotgan mazkur fermer xo’jaligida 41 gektar yerga paxta, 54 gektar maydonga g’alla ekilgani aytildi. Mo’l hosil yetishtirish tadbirlari haqida ma'lumot berildi.
G’alla dala maydonida tumanlar sektorlari rahbarlari, otryadlar boshliqlari, qishloq xo’jaligi tizimidagi tashkilotlar rahbar va mutaxassislari, nuroniylar ishtirokida hosilga baraka tilab, duolar qilindi va viloyatda g’alla o’rim-yig’im mavsumi boshlandi.
“Farg’ona don mahsulotlari” AJga qarashli Yozyovon don qabul qilish shoxobchasida bu yil viloyatimizda yetishtirilgan g’alla hosilini uyushqoqlik bilan o’rib-yig’ib olishga bag’ishlangan ko’rgazmali viloyat seminari tashkil etildi. Bu yerda mavsumda foydalaniladigan texnikalar ishtirokchilar e'tiboriga havola qilindi.
Shundan so’ng viloyat hokimi dehqonlarning 9 oylik mehnatlari natijasida viloyatimizda mo’l g’alla hosili yetishtirilgani, oldinda muhim va mas'uliyatli jarayon – g’alla hosilini uyushqoqlik bilan yig’ishtirib olish vazifasi turganini qayd etdi.
Omborlarda, xonadonda don bo’lsa, ko’ngil ham to’q, xotirjamlik bo’lishi aytib o’tildi.
Seminarda viloyat hokimining o’rinbosari Alibek Tursunov mavsumga tayyorgarlik ishlari yuzasidan hisobot berdi.
2023 yil hosili uchun jami 95 ming 720 gektar maydonlarda g’alla parvarishlandi. Quvasoy shahri va barcha tumanlarda 340 ta o’rim otryadlari tashkil etilib, ularga 340 dona yuqori unumli don o’rish kombaynlari 1 ming 825 dona don tashish texnikalari, 153 ta ko’chma ustaxonalar va 173 dona yoqilg’i tashish texnikalari biriktirildi. Shuningdek, barcha tumanlarda “G’alla-2023 o’rim-yig’im shtablari” tashkil etilib, shtablar tarkibida 5 ta ishchi guruh faoliyati yo’lga qo’yildi.
Bu yil viloyat bo’yicha har bir gektardan o’rtacha 80 tsentnerdan, 765 ming tonna boshoqli don hosilini yig’ishtirib olish rejalashtirilgan.
G’allakorlarga urug’lik, yoqilg’i va o’g’it o’z vaqtida, yetarli miqdorda yetkazib berildi. G’alla hosilini yetishtirish uchun jamg’arma hamda g’allachilik klasterlari tomonidan 876 milliard so’mdan ziyod mablag’ sarflandi.
O’rim-yig’im ishtirokchilarining moddiy manfaatdorliklari alohida e'tiborga olinib, otryad boshliqlari, mexanizatorlar va haydovchilarga pul mablag’lari berildi.
Kombaynchilar, haydovchilar va o’rim-yig’imning boshqa ishtirokchilarining unumli va barakali ishlashlari uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Seminarda kombaynlarning har bir ish soati, harakati nazoratga olinib, ularning ish samaradorligi tahlil qilib borilishi ma'lum qilindi. Natijalarga qarab kombaynchi va haydovchilar, otryad boshqa a'zolari rag’batlantirilib boriladi. Eng asosiysi, urug’lik sifatiga muhim ahamiyat qaratiladi.
Seminarda o’rim-yig’im tadbiriga chambarchas bog’liq bo’lgan g’alladan bo’shagan maydonlarga takroriy ekinlar ekishni tashkil etish chora-tadbirlari ham ko’rib chiqildi. Shuningdek, bir qator tumanlarda mavsumga tayyorgarlik ishlari yuzasidan hisobotlar eshitildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, o’rim-yig’im ishlarini tartib va intizom bilan, tizimli amalga oshirish yuzasidan ko’rsatmalar berdi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube,
Instagram