
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
FARG’ONA VILOYATIDAGI 18 TA MAKTABDA SINOV TARIQASIDA YAPONIYA TA'LIM TAJRIBASINI TATBIQ ETISHGA KIRISHILDI

2023-08-04 16:30:32 1031
Dunyodagi zamonaviy o’quv dasturlari, o’qitish metodikalarini o’rganib, yurtimiz umumta'lim maktablarida joriy qilish bo’yicha Davlatimiz rahbarining ko’rsatmalaridan kelib chiqqan holda joriy o’quv yilidan viloyatimiz bo’yicha har bir shahar va tumandan tanlab olingan bittadan maktabda sinov tariqasida Yaponiya ta'lim tajribasi tatbiq etiladi.
Bugun Farg’ona shahridagi “Tadbirkorlar uyi” majlislar zalida ushbu masalaga bag’ishlangan yig’ilish bo’lib o’tdi. Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat hokimining Yaponiya ta'lim tajribasini Farg’ona viloyatida sinov tariqasida tatbiq etish bo’yicha yaponiyalik maslahatchisi Goto Mikako, shahar va tumanlar hokimlari, sektorlari rahbarlari, viloyat, shahar va tumanlar ta'lim sohasi mas'ullari hamda tanlab olingan umumta'lim maktablari direktorlari ishtirok etdilar.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Farg’ona viloyati delegatsiyasining 2022 yil 5-11 dekabr kunlari Yaponiyaga amaliy tashrifi doirasida Tokio shahridagi Fujimigaoka maktabida olib borilgan o’rganishlar hamda muloqotlar natijasida, ta'lim va tarbiyani uyg’un holda olib borib, bolalarni hayotga tayyorlashni asosiy maqsad qilgan Yaponiya ta'lim tizimini viloyatimizda sinov tariqasida joriy etishga qaror qilingandi.
Uchrashuvda viloyat hokimining maslahatchisi Goto Mikako ta'lim sohasidagi dunyoning eng ilg’or davlatlardan biri bo’lgan Yaponiya ta'limining o’ziga xos jihatlari haqida ma'lumotlarni taqdim etdi, ta'lim jarayonini tashkil etishning samarali usullari, ota-onalar va maktab hamkorligi, maktabdan tashqari o’quvchilarning bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, sinf xonalarini jihozlash borasidagi talablar yuzasidan taqdimot o’tkazdi.
O’quvchilarda erkin va kreativ fikrlashni shakllantirish bosh g’oyasi bo’lgan Yaponiya ta'lim tizimi, yuqori bilim berish bilan birga, tozalikka rioya qilishni va sog’lom turmush tarzini bolalikdan o’rgatish, o’quvchilarni yoshlikdan kasbiy ta'limga yo’naltirish, mehnat ko’nikmalarini shakllantirish kabi jihatlarni ham o’z ichiga olgani bilan e'tiborlidir.
Shahar va tumanlar hokimlari, sektorlari rahbarlari, maktabgacha va maktab ta'limi bo’limlari boshliqlari o’z hududlaridagi sinov tariqasida tanlab olingan maktablarda Yaponiya ta'lim tajribasini tatbiq etish uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratishga bevosita mas'ul ekanliklari belgilab qo’yildi. Bunda o’quvchilar bilan birga o’qituvchilar uchun ham yetarli sharoitlar yaratish, o’qituvchilar xonasini kunlik tajriba va fikr almashinish, darsga kirishdan oldin rejalar hamda darsdan so’ng yakunlar bo’yicha doimiy ochiq muhokamalar o’tkazish maydonchasiga aylantirish, har bir o’qituvchining alohida ishlash joyi bo’lishini ta'minlashga ham alohida e'tibor qaratish zarurligi qayd etildi.
Har bir tanlangan maktabda pedagogik jamoa va o’quvchilarning ota-onalari ishtirokida Yaponiya ta'lim tajribasining xususiyatlarini tushuntirib berish uchun amaliy seminarlar o’tkaziladigan bo’ldi.
Viloyat maktabgacha ta'lim va maktab ta'limi boshqarmasiga sinov maktablari o’qituvchilari uchun har bir fan bo’yicha Yaponiya ta'lim metodikasidan kelib chiqqan holda dars qo’llanmalari ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Yaponiyada maktab direktori etib tayinlanish uchun faqatgina ko’p yillik tajribaga ega, oliy toifali o’qituvchilar orasidan ikki yilda o’tkaziladigan ikki bosqichli imtihonlardan o’tganlar tanlab olinadi. Ushbu talabdan kelib chiqqan holda, viloyatimizdagi Yaponiya ta'lim tajribasini tatbiq etish uchun tanlab olingan maktablar direktorlari, o’quv yili yakuniga qadar kasbiy sertifikatsiyalashdan o’tishlari shartligi ma'lum qilindi.
Ta'lim jarayonini tarbiya bilan hamohang tashkil etish, o’quvchilarni kitob o’qishga qiziqishini orttirish uchun maktablar kutubxonalar fondini ko’paytirish, ota-onalarni keng jalb qilgan holda har bir fandan “ochiq darslar” o’tkazishni doimiy tashkil etib borish, fan to’garaklari va kasbga o’rgatish mashg’ulot xonalari faoliyatini kengaytirish borasida vazifalar belgilab berildi.
Tanlab olingan maktablar hududida o’quvchilar uchun telefondan foydalanish ta'qiqlanadi, o’qituvchilar ham dars jarayonlariga telefonsiz kirishi yo’lga qo’yiladi. Maktablar hovlisi har bir sinfga bo’lib beriladi, o’quvchilar o’ziga biriktirilgan uchastkada mehnat ko’nikmalarini olishadi. Sinf xonalarini o’quvchilar o’zlari tozalashlari yo’lga qo’yiladi, tajriba davomida maktab farroshlari umumiy foydalanishdagi maydonlarni tozalash bilan cheklanishadi. Maktablar hududida va koridorlarda ko’plab qo’l yuvish vositalari o’rnatiladi.
O’quvchilar va o’qituvchilar uchun milliylikka xos bo’lgan kiyinish tartiblari ishlab chiqiladi va joriy etiladi.
Pedagog xodimlarning malakasini doimiy oshirib borish asosiy yo’nalishlardan biri bo’ladi. O’zlashtirishi past bo’lgan o’quvchilar bilan ishlash o’qituvchilar va sinf o’quvchilarining umumiy maqsadi bo’ladi.
Yig’ilish davomida yapon jamiyatida sifatli maktab ta'limi kelgusi muvaffaqiyatli hayotning asosiy kaliti o’laroq qabul qilinishi, yaponlarda o’qituvchi va murabbiylarga bo’lgan o’ziga xos hurmatning shakllanishiga omil bo’lgani viloyat hokimi tomonidan qayd etilib, o’qituvchi obro’sini yuksaltirish, jamiyatdagi nufuzini va mavqeini oshirishga qaratilgan amaliy ishlarni yo’lga qo’yish bo’yicha vazifalar belgilab berildi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube,
Instagram