Shrift o'lchami Rang Rasm

VIRTUAL QABULXONA

INTERAKTIV XIZMATLAR

NORMATIV XUJJATLAR

Ochiq ma’lumotlar (byudjet)

OCHIQ MA‘LUMOTLAR

Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

Ijtimoiy tarmoqlar

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan fuqarolarga mahsulot yetkazib beruvchi ta'minotchi korxonalarning ro'yxati
<< Dekabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031     

.

.

Saytni baholash




Yangiliklarga obuna bo'lish

Hozir saytda 75 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi
Ishonch telefoniga berilgan baholar


Viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning Farg’ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha joriy yilda amalga oshirilgan ishlar va 2022-yil uchun belgilangan eng ustuvor yo’nalishlarga bag’ishlangan murojaatnomasi

 2021-12-20 16:22:51    438

PDF yuklash
Chop etish


Assalomu alaykum, hurmatli deputatlar, sessiya qatnashchilari! Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari va jamoatchilik faollari! Qadrli yurtdoshlar!

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar hamda olamshumul yangilanishlarning navbatdagi bosqichiga qadam qo‘yish arafasida bugun Sizlar bilan birgalikda joriy yilda amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilishimiz hamda kelgusi yil uchun ustuvor yo‘nalish va vazifalarni belgilab olishimiz lozim.

Muhtaram Prezidentimiz rahbarliklarida o‘tgan tarixiy besh yilda xalqimizda adolatga, haqiqatga ishonch paydo bo‘ldi, inson qadri, uning huquq-manfaatlari ustuvorlik kasb etdi, aholining dardu tashvishlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish davlatning bosh vazifasiga aylandi.

Yurtimizda tarixan qisqa davrda barqaror iqtisodiy rivojlanish ta’minlangan holda, bugun jahonda kechayotgan koronavirus pandemiyasi sharoitida ham O‘zbekiston ijobiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolayotgani xalqaro maydonlarda ham yuqori e’tirof etilmoqda.

Joriy yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi natijasi – O‘zbekiston ahlining, shu jumladan, farg‘onaliklarning bugungi kunidan mamnunligi hamda ertangi yorug‘ kunga, farzandlarimiz, oilamiz, mamlakatimiz kelajagiga bo‘lgan katta umid va ishonch tuyg‘ularining yaqqol izhori bo‘ldi desam, haq gapni gapirgan bo‘laman.

Xalqimiz talablarini inobatga olgan holda, ishlab chiqilgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish asosiy g‘oya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qo‘yildi.

Bu borada, “Xalq davlatga emas, davlat – xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan bosh g‘oya bilan, inson qadrini ulug‘lash, inson manfaatini ta’minlash tamoyili asosida viloyatimizning 3,9 mln. nafar aholisiga munosib turmush, mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy muhofazasini ta’minlash, kambag‘allar va ishsizlar bilan ishlash faoliyatimizga baho beradigan eng ustuvor mezondir.

Hurmatli deputatlar,

Ruxsatingiz bilan, Farg‘ona viloyatini 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlarga qisqacha to‘xtalib o‘tsam.

Viloyatda 2021 yilning 11 oyi yakuni bilan barcha sohalarda iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari qayd etildi.

Xususan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 7,8 foizga (24,4 trln.so‘m), xizmat ko‘rsatish 21,3 foizga (16,3 trln.so‘m), qurilish ishlari 8,9 foizga (6,0 trln.so‘m), chakana savdo aylanmasi 7,1 foizga (17,1 trln.so‘m) o‘sdi.

Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 2021 yil yakunlari bo‘yicha makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ortig‘i bilan bajarilishi kutilmoqda. Xususan, yalpi hududiy mahsulot hajmi 45,4 trln. so‘mga yetib, o‘sish ko‘rsatkichi 8,0 foizni tashkil etadi.

Viloyatda 2021 yil uchun belgilangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozining bajarilishiga quyidagi omillar sezilarli turtki bo‘ldi.

Avvalo, Hurmatli Prezidentimizning joriy yil 4-5 fevral kunlari viloyatimizga tashriflarida belgilab berilgan yangi yo‘nalishlar va vazifalar asosida, Farg‘ona viloyatida yangi “o‘sish nuqta”larini shakllantirish, “mahallabay” ishlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish borasida bergan topshiriqlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlardan boshlasam.

Bu borada, har bir mahalla, har bir oila, har bir fuqaro hayotidagi muammolarni o‘rganish va hal etish, aholi bandligi va daromadini oshirish bo‘yicha, “mahallabay” va “fuqarobay” ishlashning yangi tizimi joriy etilib, 1052 ta mahallaga iqtisodiy kompleksning rahbar-xodimlari biriktirib chiqildi.

Ular tomonidan har bir mahallani rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan “yo‘l xaritalari”ga kiritilgan 115 mingga yaqin muammo va takliflarning bugungi kunga qadar qariyb 80 foizi ijobiy hal etildi. Bunda fuqarolarning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik masalalarini hal etish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun bo‘sh turgan bino va yer maydonlari hamda imtiyozli kreditlar ajratish, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish kabi masalalar, shuningdek, kommunikasiya ta’minotidagi muammolarning yechimi ustuvorlik kasb etdi.

Ikkinchidan, o‘tgan yili qabul qilgan murojaatnomamizga asosan viloyatda biznes muhitini yanada yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga asosiy e’tibor qaratilib, viloyat, shahar va tumanlarda tashkil etilgan “Tadbirkorlar uylari” (Kengashlari)da har haftaning dushanba kuni tadbirkorlar qabulini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan vaqt mobaynida, tadbirkorlarni qiynab kelayotgan 5 ming 800 ta murojaatlar va muammoli masalalar ko‘rib chiqilib, ularning 3 ming 900 tasi yoki 67% ijobiy hal etildi. Jumladan,1600 dan ziyod tadbirkorning kredit ajratish, 700 ga yaqin tadbirkorning bo‘sh turgan binolar va yer maydonlari ajratish bo‘yicha murojaatlari qabul natijasida ijobiy yechim topdi.

Uchinchidan, kichik biznes sub’yektlari sonini 2 baravarga oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘tgan davrda viloyatda 8 ming 542 ta yangi kichik biznes sub’yektlari tashkil qilinib, ularning umumiy soni 41 ming 672 taga yetdi. Yangi tashkil etilgan sub’yektlarda 21,6 mingta ish o‘rinlari yaratildi. Hisobot davrida 81 ta yangi xorijiy sarmoya ishtirokidagi qo‘shma korxonalar o‘z faoliyatini boshladi.

Shuningdek, investisiya dasturiga muvofiq 2021 yilda qiymati 4,2 trln.so‘m bo‘lgan 809 ta loyihalarni amalga oshirish hisobiga 16 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, yanvar-noyabr oylarida 3,2 trln. so‘mlik 889 ta loyihalar foydalanishga qabul qilindi. Ushbu loyihalar doirasida 13 ming 133 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Bu o‘rinda Quvasoy shahrida "Kvars" AJ tomonidan umumiy qiymati 736,6 mlrd. so‘m bo‘lgan qurilish oynasi ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi foydalanishga qabul qilinib, 280 ta yangi ish o‘rinlari yaratilganini alohida qayd etish mumkin.

Yil yakuniga qadar, yana 1,1 trln. so‘mlik 203 ta loyihalar ishga tushiriladi va 6,4 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida joriy yilda qiymati 1,8 trln. so‘m bo‘lgan 55 ta investisiya loyihalari foydalanishga topshirilib, jami faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 96 taga, ishlovchilar soni esa 11 ming taga yetdi. O‘tgan vaqt mobaynida mazkur korxonalar tomonidan 1 trln. 550 mlrd. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi va 50,1 mln. dollarlik eksport amalga oshirildi.

Foydalanishga topshirilgan “Kvantiti Klass” MCHJning un va un mahsulotlari ishlab chiqarish, “Korona gips” MCHJning gipsokarton ishlab chiqarish va “Best grand elit” MCHJning kungaboqar yog‘i ishlab chiqarish loyihalarining har biri qiymati 40 milliard so‘mdan ortiq ekanini qayd etish lozim.

Shu bilan birga, shahar va tumanlarda 751,7 gektar maydonlarda tashkil etilgan 90 ta kichik sanoat va yoshlar tadbirkorlik sanoat zonalariga joylashtirilgan 732 ta loyihalarning 110 tasi o‘z faoliyatini boshlab, joriy yilning 11 oyida 603 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

Ushbu sanoat zonalarida bugungi kunda 4 ming 100 dan ziyod nafar fuqarolar va yoshlarni bandligini ta’minlashga erishildi. Misol uchun oladigan bo‘lsak, Farg‘ona shahridagi "Farg‘ona Mexanika" kichik sanoat zonasida "Fergana Global tekstil" MCHJ tomonidan 580.0 mlrd. so‘mlik loyihani ishga tushirilib, 1050 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Bo‘sh turgan 1014 ta ob’yektlar faoliyatini tiklash, ularning bino-inshootlaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida, ishlab chiqilgan Dastur doirasida viloyat bo‘yicha bo‘sh turgan 809 ta ob’yektlar negizida 590,0 mlrd. so‘mlik loyihalar amalga oshirilib, 4836 ta ish o‘rinlari tashkil etildi.

Tijorat banklarining barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan tadbirkorlik sub’yektlarini loyihalarini amalga oshirish va qo‘llab-quvvatlashga 5,5 trln. so‘m (2020 yilga nisbatan 2,2 baravar ko‘p) kredit mablag‘lari yo‘naltirildi.

To‘rtinchidan, viloyatda 2021 yilning yanvar-noyabr oylarida 429,5 mln. dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar va kreditlar o‘zlashtirildi. Yil yakuni bilan bu ko‘rsatkichni 519,6 mln. dollarga (336,7 mln.dollarlik rejaga nisbatan - 154 foiz) yetkazish borasida tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Misol uchun, Beshariq tumanidagi “Farg‘ona Yasin Qurilish Mollari” MCHJda sement ishlab chiqarish loyihasida yil yakuniga qadar 46,5 mln. dollar, Furqat tumanida “BNBM Bilding materials Syentral Azia” MCHJ XK (Xitoy) tomonidan gipsokarton va metal profillar ishlab chiqarish loyihasida 17,6 mln. dollar o‘zlashtirilishi kutilmoqda.

Beshinchidan, joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida 695,1 mln.dollarlik (613,4 mln. dollarlik rejaga nisbatan - 113,3%) mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.

Shundan, sanoat mahsulotlari eksporti 489,3 mln. dollarni (116,5%), qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti 205,8 mln. dollarni (63,2 %) tashkil etdi. Yil yakuni bilan esa eksport hajmini 764,2 mln.dollarga yetishi va o‘tgan yilga nisbatan 138 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Oltinchidan, aholi bandligini ta’minlash, ishsizlik darajasini qisqartirish borasida yanvar-noyabr oylarida jami 145 908 nafar fuqarolarni doimiy va 238 342 nafar fuqarolarni mavsumiy (takroriy ekinga yer berish orqali) ishlarda bandligi ta’minlandi. Jumladan,

- bandlik dasturi doirasida yaratilgan ish o‘rinlariga 37 745 nafar (109,7%);

- “mahallabay” tizimi orqali xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish hisobiga 17 128 nafar;

- bo‘sh turgan bino-inshootlardan samarali foydalanish hisobiga 2 354 nafar;

- bandlik xizmatlari ko‘rsatish (subsidiya, bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish, kasbga o‘qitish va boshqalar) orqali 88 681 nafar aholini bandligi ta’minlandi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida viloyatda joriy yil yakuni bilan viloyatda ishsizlik darajasi 9,6 foizni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 bandga qisqartirilishiga erishiladi. 

Yettinchidan, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan hamda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoya qilish jami 598,0 mlrd. so‘m (respublika byudjetidan 123,0 mlrd. so‘m, mahalliy byudjetdan 475,0 mlrd. so‘m) mablag‘lar ajratildi.

Ushbu ynalishdagi ishlarimizni davom ettirgan holda 2022 yilda ham ehtiyojmand aholini ijtimoiy nafaqalar bilan keng qamrab olish ko‘zda tutilgan. Mazkur maqsadlarga 877,4 mlrd.so‘m mablag‘ yo‘naltirishni maqsad qilib olganmiz (2021 yilga nisbatan 279,4 mlrd. so‘m ko‘p).

Shuningdek, 3 ta daftarga kiritilgan fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, ularni moddiy tarafdan qo‘llab-quvvatlashga joriy yilning 11 oyi davomida 153,2 mlrd. so‘m mablag‘lar yo‘naltirildi.

- “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni bandligini ta’minlash, ularni doimiy daromad manbaini yaratish, moddiy va ijtimoiy yordamlar ko‘rsatish borasida amalga oshirilgan ishlar hisobiga yanvar-dekabr oylarida 13 191 ta oilalar daftardan chiqarildi (25,3 mlrd. so‘mlik yordam ko‘rsatilgan). Ularning 10 279 nafar mehnatga layoqatli oila a’zolarini bandligi ta’minlandi.

- “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning jamiyatda faolligini oshirish, ularni bandligini ta’minlash va moddiy qo‘llab-quvvatlash borasida 1-bosqichda, 30 yoshdan yuqori xotin-qizlarning 47 554 nafariga (100%) 59,8 mlrd. so‘mlik, 2-bosqichda 52 540 nafar ayollarga 37,5 mlrd. so‘mlik jami 97,3 mlrd. so‘mlik yordamlar ko‘rsatildi.

Ayollarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida 154 nafar xotin-qizlarga 2,2 mlrd.so‘m mablag‘ Respublika Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondidan dastlabki badal sifatida to‘lab berildi.

Shuningdek, 2022 yilda og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash uchun 15,5 mlrd.so‘m subsidiya ajratiladi.

- “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 80 ming 79 nafar yoshlarni kasb-hunar o‘rgatish, imtiyozli kreditlar, yer maydonlari va subsidiyalar ajratish hamda ijtimoiy-moddiy qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rilgan choralar natijasida 76,2 ming nafar (95,2 foiz) yoshlar daftardan chiqarildi. Tadbirkorlik istagida bo‘lgan yoshlarga tijorat banklari tomonidan 263,1 mlrd. so‘m imtiyozli kredit ajratildi. 

Sakkizinchidan, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish, arzon uy-joylar qurish, muhandislik-kommunikasiya infratuzilmasini yaxshilash borasida ham qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

1) joriy yilda Investisiya dasturiga muvofiq 829,7 mlrd.so‘m mablag‘ doirasida jami 163 ta ijtimoiy va infratuzilma ob’yektlarida pudrat tashkilotlari tomonidan qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda (788,2 mlrd.so‘mlik ishlar bajarilgan – 95%).

Bugungi kunga qadar, 160 ta ob’yektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazildi. Qolgan 3 ta (2 ta maktab, 1 ta sog‘liqni saqlash) ob’yektlarni joriy yil 25 dekabrga qadar foydalanishga topshirish choralari ko‘rilmoqda.

2) “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 30 ta qishloq va 8 ta mahallaning arxitektura qiyofasini yangilash borasida 261,9 mlrd.so‘mlik ishlar bajarilib, ushbu qishloq va mahallalardagi 156,5 ming nafar aholini turmush sharoiti yaxshilandi.

3) viloyatda uy-joy bozori fondini yaratish, aholining uy-joylarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish borasida joriy yilda jami 290 ta ko‘p qavatli 9129 xonadonli uy-joylar qurilishi ishlari olib borilmoqda. Jumladan,

- 2021 yil davlat Dasturi bo‘yicha 97 ta (2760 xonadon) uy-joylar qurilmoqda. Mazkur uylarni 87 tasi foydalanishga topshirildi;

- Davlatimiz rahbarining aholining barcha qatlamlarini uy-joy bilan ta’minlash, bu borada tanlash imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlaridan kelib chiqib, 2021 yilda ilk bor shahar va tumanlarda tajriba sifatida ko‘p qavatli uy-joylar qurilishini xususiy pudrat tashkilotlarini jalb etgan holda amalga oshirdik.

Bu kutilgan natijani berdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan joriy yilda 193 ta (6369 xonadonli) ko‘p qavatli uylar qurilishi amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunga qadar ushbu uy-joylarning 133 tasi foydalanishga topshirildi. Yangi yil bayrami arafasida yana 37 ta yangi ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshiriladi.

Misol uchun, massiv shaklida Bag‘dod tumani “Guliston” MFYda 61 ta (1236 ta xonadon), Farg‘ona shahrida 29 ta (980 ta xonadon), Oltiariq tumanida 9 ta (258 ta xonadon), Uchko‘prik tumanida 10 ta (250 xonadon), Buvayda tumanida 11 ta (380 xonadon) uylar foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, Rishtonda (11 ta), Toshloqda (6 ta), Farg‘ona tumanida (38 ta), Qo‘qon shahrida (11 ta), Marg‘ilon shahrida (7 ta) qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylar yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi. 

To‘qqizinchidan, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida 1 trln.so‘mlik 216 ta loyihalar to‘liq ishga tushirildi hamda 2422 ta yangi doimiy ish o‘rinlari yaratildi.

1) Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 2021 yil hosili uchun jami 354,1 ming gektar (246,1 ming gektar aosiy, 90 ming gektar takroriy hamda 18 ming gektar oraliq) maydonlarga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekildi hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari ekiladigan asosiy maydonlar o‘tgan yilga nisbatan 4 513 gektarga ko‘paytirildi.

2) Eng muhimi, joriy yilda viloyatda fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar tasarrufidagi 18 ming gektar ekin yerlari 135 ming nafar (19,4 ming nafar “Temir daftar”, 20,7 ming nafar “Yoshlar daftari”, 17,1 ming nafar “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar, 131,6 ming nafar rasmiy ishsizlar, 15,6 ming nafar maktab bitiruvchilari) ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholiga ajratib berildi (382 ming tonna mahsulot yetishtirilgan).

3) Shuningdek, sohaning asosiy tarmoqlari hisoblangan g‘allachilik va paxtachilikda 2021 yilda eng yuqori ko‘rsatkichga erishildi.

Jumladan, g‘alladan o‘rtacha 75 sentnerdan (o‘tgan yili olingan hosildan 7,8 sentner yuqori) jami 744 ming tonna (o‘tgan yilgan nisbatan 53 ming tonna ko‘p yoki 108 foiz), paxtadan 33 sentnerdan (o‘tgan yili olingan hosildan 3 sentner yuqori) jami 274 ming tonna hosil olindi.

4) Chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida chetdan 6 ming boshdan ziyod naslli qoramol va 5 ming boshga yaqin naslli qo‘ylar olib kelindi.

Shuningdek, 2021 yilda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, quyonchilik va asalarichilik yo‘nalishlarida qiymati 373 mlrd.so‘m bo‘lgan jami 146 ta loyiha amalga oshirildi.

5) Qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, fermer, dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash hamda klasterlarni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan dasturga asosan 11 ta yirik loyihalar ishga tushirildi.

Jumladan, 2021 yilda Beshariq tumanida “Lux Yan Tex” MCHJ, Buvayda tumanida "Prof Tekst Plyus", O‘zbekiston tumanida “Bulut textile” MCHJ paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan paxta xomashyosi yetishtirishda qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish bo‘yicha 737,3 mlrd. so‘mlik investisiya loyihalari ishga tushirilib, 5032 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shuningdek, respublikada birinchi bo‘lib, viloyatning barcha tumanlarida g‘alla klaster usulida yetishtirildi. Buning uchun hududlarda 4 ta chorvachilik, parrandachilik yo‘nalishidagi yirik fermer xo‘jaliklari, 3 ta xususiy donni qayta ishlash krxonalari negizida g‘allachilik klasterlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Qishloq xo‘jaligida hududlarni ixtisoslashtirish orqali mahsulot yetishtirish va ekasport qilish hamjmini ko‘paytirish maqsadida Quvasoy shahri va 5 ta tumanlarda tashkil etilgan 19 ta meva-sabzavotchilik klasterlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga 11,4 ming gektar (1,7 ming gektar klaster korxonalarining o‘z yerlari, ularga biriktirilgan 1,1 ming nafar fermer xo‘jaliklarining 9,7 ming gektar) yer maydonlari biriktirib berildi.

6) Yer va suv resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha belgilab olingan tadbirlar doirasida 2021 yilda 21,3 ming gektar maydonlar foydalanishga qaytarilib, 1,7 ming gektar maydonlar o‘zlashtirildi.

Ushbu maydonlarning 9,2 ming gektariga sabzavot, 134 gektariga poliz, 4,9 ming gektariga dukkakli, 4,1 ming gektariga boshqa ekinlar ekilib, 4183 gektarida bog‘ va tokzorlar tashkil qilindi.

Hurmatli deputatlar, sessiya qatnashchilari!

Barchangizga ma’lumki, joriy yilda yurtimizda muhim siyosiy jarayon – Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi.

Hurmatli Prezidentimizning Farg‘ona viloyati saylovchilari bilan uchrashuvida kelgusi 2022-2026 yillarda amalga oshiriladigan eng muhim ustuvor yettita yo‘nalishlar bo‘yicha vazifalar va rejalar aniq belgilab berildi.

Ushbu yo‘nalishlardan kelib chiqqib hamda saylovchilar tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha “Farg‘ona viloyatini 2022-2026 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi”ni hamda uni amalga oshirish bo‘yicha 2022 yil uchun mo‘ljallangan “yo‘l xaritasini” ishlab chiqdik. Navbatdagi vazifamiz, Davlatimiz rahbariga kamarbasta bo‘lib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shishimiz, kelayotgan 2022 yilda barcha sohalarda ijobiy natijalarga erishish uchun mavjud imkoniyatlarimiz va resurslarimizni to‘liq safarbar etish hisoblanadi.

Hurmatli deputatlar,

2022 yilda iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda olib boriladigan ishlarimizni ustuvor yo‘nalishlari va vazifalarini belgilab olishimiz kerak.

Birinchi navbatda, Davlatimiz rahbarining joriy yil 6 noyabr kuni Prezidentlik lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqlarida qayd etilgan 7 ta ustuvor yo‘nalishlar asosida ishlarni tashkil etishga asosiy e’tiborni qaratamiz. Bunda, eng asosiy vazifamiz – “mahallabay” ishlash orqali kambag‘allikni hamda ishsizlikni qisqartirish, viloyatimizning 1055 ta mahallalariga tayinlangan “hokim yordamchilari”ga har tomonlama ko‘maklashish orqali mahallalarni kompleks rivojlantirishdan iborat bo‘ladi. Biz ushbu lavozimga Respublika ishchi guruhi vakillari hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda “hokim yordamchilari” lavozimlari uchun 1 924 ta nomzodlar bilan suhbatlar o‘tkazilib, eng salohiyatli 1 055 nafar nomzodlarni tanlab oldik.

Ma’lumot uchun: “hokim yordamchilari” bo‘yicha nomzodlarni -712 tasi (67,5%) shahar va tuman darajasidagi (143 ta rahbar, 152 ta rahbar o‘rinbosarlari, 411 ta bo‘lim boshliqlari, va boshqa);

-101 tasi (10%) viloyat darajasidagi tashkilotlardan (1 ta rahbar, 10 ta o‘rinbosar, 71 ta bo‘lim boshlig‘i, 12 ta sho‘ba mudiri, 7 ta bosh mutaxassis) shakllantirilgan.

Bundan tashqari, ushbu lavozimida ishlash istagini bildirgan, tadbirkorlik sohasida yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lgan salohiyatli 129 nafar (12%) tadbirkorlar tanlab olingan. 

“Hokim yordamchilari”ga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish hamda xalqimizni rozi qilish uchun ularga moliyaviy dastaklar berildi.

Ikkinchidan, viloyatimizda hozirgi kunda 163 ming nafar ishsizlar mavjud. Har yili o‘rtacha mehnat bozoriga 50-60 ming nafar yoshlar kirib kelmoqda. Ishsizlik darajasi So‘x (10,4%), Yozyovon (10,4%), Buvayda (10,3%) tumanlarida yuqoriligicha qolmoqda.

Hozirgi kundagi amalga oshirayotgan islohotlarimizning asosiy maqsadi ham mana shu ishsizlikni kamaytirish, aholi bandligini ta’minlash orqali ularni daromadlarini oshirish pirovard natijasi kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan bo‘lishi zarur. Shundan kelib chiqqan holda, kelgusi yilda 152,9 mingta doimiy ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Jumladan,

1) Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan paxta va g‘alladan qisqartiriladigan yer maydonlarini 10 yil muddatga fuqarolarga ijaraga berish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Viloyatimizda kelgusi yilda 4863 gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartiriladi va bu orqali 35,0 ming nafar fuqarolarni bandligini ta’minlash choralari ko‘riladi. Bunda, birinchi navbatda 3 ta daftarga kiritilgan oilalarning mehnatga layoqatli a’zolariga yer berib, ularning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi;

2) Qishloq xo‘jaligida mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, 2022 yilda hududlarda foydalanishga qaytariladigan va yangi o‘zlashtiriladigan 2,5 ming gektar yer maydonlari koperasiya shaklida aholiga (10 sotixdan 1 gektargacha) dehqonchilik qilish uchun bo‘lib berish hisobiga 15,0 ming nafar fuqarolar bandligi ta’minlanadi;

4) Ishsiz 13,1 mingta fuqarolar jamoat ishlariga jalb etiladi, bunga jamg‘arma hisobidan 29,9 mlrd.so‘m yo‘naltiriladi;

5) Bandlik jamg‘armasidan 40,7 mlrd.so‘mlik subsidiya ajratish hisobiga 11,5 ming nafar fuqarolar bandligi ta’minlanadi. Shundan;

- 14,1 mlrd.so‘mlik subsidiya mablag‘lari hisobidan 4726 ta fuqarolarga issiqxonalar qurib berish hamda sug‘orish vositalari, urug‘lik va ko‘chatlar yetkazib berish orqali,

- 10,3 mlrd.so‘mlik subsidiya mablag‘lari hisobiga 2715 ta fuqarolarga asbob-uskunalar sotib olib berish,

- 16.3 mlrd.so‘m subsidiya ajratish hisobiga kooperativlar tashkil etish hisobiga 4054 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlanadi;

6) Kelgusi yilda 8,7 mingta yangi tadbirkorlik sub’yektlarini tashkil etish xususan, “hokim yordamchilari” tomonidan aholini tadbirkorlikka o‘qitish, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 900 mlrd.so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini ajratish hisobiga 22,6 ming nafar aholining bandligi ta’minlanadi;

7) Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida qiymati 7,1 trln.so‘mlik jami 791 ta investisiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 28,3 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi;

8) Davlat ahamiyatidagi yirik 46 ta sanoat loyihalarida 7,3 mingta ish o‘rinlari tashkil etiladi;

9) O‘zini-o‘zi band qilish orqali 20,1 ming nafar aholini ro‘yxatdan o‘tkazish orqali ularni ijtimoiy himoyasini ta’minlash va ularni rasmiy sektorda bandligini ta’minlashga erishiladi.

Yuqoridagi aytilgan ish o‘rinlari yaratilishiga shaxsan viloyat hokimining o‘rinbosarlari mas’ul bo‘ladi. Jumladan,

- viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari - 66,3 mingta;

- viloyat hokimining Investisiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - 31,6 mingta;

- viloyat hokimining Qurilish bo‘yicha o‘rinbosari – 4 mingta;

- viloyat hokimining Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari – 50 mingta;

Viloyat hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari – 1,0 mingta doimiy ish o‘rinlari yaratilishini ta’minlash bo‘yicha ish olib boradi.

Uchinchidan, oldingi yildagi murojaatnomada aytganim kabi, tadbirkorlikni rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash kunlik faoliyatimizning ajralmas qismi bo‘lib qoladi.

Sababi, murakkab pandemiya davridagi sinov va qiyinchiliklar paytida xalqimizga madadkor bo‘lgan, yangi ish o‘rinlarini yaratib, ishsizlikni kamaytirgan va muhtojlarga ko‘mak berayotgan ham tadbirkorlar bo‘ldi desak – bu ham ayni haqiqat!

Shundan kelib chiqib, hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan “Tadbirkorlar Kengashi” faoliyati yanada kuchaytiriladi.

2022 yilda 8,7 mingta tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etilib, ular soni qariyb 51,0 mingtaga yetkaziladi, banklar tomonidan bu sohaga ajratilayotgan kreditlarni 2 barobar oshirib, 10 trln. so‘mga yetkazish ta’minlanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, tadbirkorlar bilan ishlash borasida “Farg‘ona tajribasi”ni yaratishga jiddiy kirishamiz.

To‘rtinchidan, viloyatda 2022 yilda jami 32,0 trln. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Bu ko‘rsatkich quyidagi omillar hisobiga ta’minlanadi:

1) 2022 yilda viloyatimizda qurilish materiallari va yengil sanoat tarmoqlari “drayver” sohaga aylantiriladi. Qurilish sanoatida - mavjud imkoniyat va resurslarni inobatga olgan holda, viloyatimizda O‘zbekiston tumani va Quvasoy shahrini qurilish materiallari sanoatiga ixtisoslashtirilib, mahsulot ishlab chiqarish klaster usulida tashkil etiladi. Shuningdek, qurilish materiallari sanoati yo‘nalishida qiymati 675 mlrd. so‘mlik 67 ta loyihalar amalga oshiriladi va 490 mlrd. so‘mlik qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi. Bunda O‘zbekiston tumanidagi “Moderna sement indastri” MCHJda qiymati 111 mlrd. so‘mlik sement ishlab chiqarish yoki Quvasoy shahridagi “Syement texno servis” MCHJda qiymati 106 mlrd. so‘mlik keramogranit plitalar ishlab chiqarish loyihalarini alohida qayd etish lozim. Yengil sanoat yo‘nalishida - 2022 yilda keng qamrovdagi ishlar davom ettiriladi. Misol uchun, mamlakatimizda ilk bor Uchko‘prik tumanida yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va logistika markazi ish boshlaydi. Barpo etilayotgan zamonaviy yengil sanoat majmuasida 2 ta logistika markazi, 212 ta ishlab chiqarish sexi, 336 ta savdo do‘koni, 560 ta kichik savdo rastasi tashkil etiladi. Shu hisobiga viloyatimizdagi 7,7 mingdan ortiq aholi doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘ladi.

Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishida qiymati 2,1 trln. so‘mlik 100 ta loyihalar amalga oshiriladi va 1,1 trln. so‘mlik qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi. Dang‘ara tumanidagi “Sha-Sofiya tekstil” MCHJda loyiha qiymati 121 mlrd. so‘mlik tayyor tikuv mahsulotlari ishlab chiqarish, Rishton tumanidagi “Rus-o‘zbek-teks” MCHJda loyiha qiymati 247 mlrd. so‘mlik mato ishlab chiqarish kabi korxonalarning foydalanishga topshirilishi viloyatimiz yengil sanoatida sezilarli o‘sishga erishish imkonini beradi.

Shu bilan birga, neft va neft-kimyo, elektrotexnika, charm poyabzal va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Mazkur yo‘nalishlarda 2022 yilda jami 1,5 trln. so‘mlik 139 ta loyihalar amalga oshiriladi. Jumladan,

- neft-kimyo sanoatida 356 mlrd.so‘mlik 12 ta loyihada - 360 mlrd. so‘mlik;

- elektrotexnika sanoatida 178 mlrd.so‘mlik 24 ta loyihada - 528 mlrd. so‘mlik;

- charm-poyabzal sanoatida 103 mlrd.so‘mlik 28 ta loyihada – 120 mlrd. so‘mlik;

- oziq-ovqat sanoatida 839 mlrd.so‘mlik 75 ta loyihada - 1,3 trln. so‘mlik; qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi,

2) “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida qiymati 378,0 mlrd. so‘mlik 16 ta loyihalarni foydalanishga topshirilishi hisobiga 1,0 trln. so‘mlik ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etiladi. Bu loyihalar orasida “Mollis” MCHJ tomonidan barpo etilayotgan loyiha qiymati 143 mlrd. so‘mlik momiq sochiq ishlab chiqarish kabi yirik ishlab chiqarish majmualari ham o‘rin olgan. 

3) Shahar va tumanlarda tashkil etilgan 90 ta kichik sanoat va yoshlar tadbirkorlik sanoat zonalariga joylashtirilgan 622 ta loyihalarda to‘liq mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

4) Bo‘sh turgan ob’yektlarni faoliyatini tiklash, ularni samarali ishlashini ta’minlash borasida joriy yilga belgilangan dasturga kiritilgan 180 ta ob’yektlar bo‘yicha loyihalarni hamda qo‘shimcha aniqlangan bo‘sh turgan ob’yektlarni ishga tushirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, ijroga qaratiladi. 

Beshinchidan, mahallalarda xizmat turlarini ko‘paytirish, shu jumladan 18 xil turdagi xizmat ko‘rsatish shahobchalarini tashkil etish maqsadida 2022 yilda umumiy qiymati 4,7 trln.so‘m bo‘lgan 3881 ta loyihalar amalga oshiriladi va 69 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Misol uchun, viloyatning xususiyatidan kelib chiqib, turizm salohiyatidan to‘laqonli foydalanishga alohida e’tibor qaratiladi.

- joylashtirish vositalari (mehmonxonalar) 59 taga, ulardagi xonalar soni 1266 mingtaga;

- oilaviy mehmon uylari 200 taga;

- turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi turoperator va turagentlar sonini 46 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Farg‘ona shahri markazida “Sayilgoh”, “Yuksalish”, “Al-Farg‘oniy” va “Kashtanzor” ko‘chalarini mujassamlashtirgan “Turizm mavzesi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Yuqorida ko‘rsatilgan tadbirlarni amalga oshirish natijasida 2022 yilda viloyatga tashrif buyurayotgan chet el va mahalliy turistlar soni 1 mln. 200 ming (shundan xorijiy sayyohlar 300 ming) nafarga yetkaziladi. 

Oltinchidan, kelgusi yil uchun xorijiy investisiyalarni jalb qilish hamda eksport rejasini 2021 yilga nisbatan 50 foizga ortig‘i bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.

Bu borada, viloyat iqtisodiyotiga 2022 yilda 1,0 mlrd. dollar miqdorida xorijiy investisiyalar va xorijiy kredit liniyalari mablag‘larini o‘zlashtirish choralari ko‘riladi. (2022 yil qaroriga 505 mln. dollarga taklif berilgan).

Kelgusi yilning eng yirik xorijiy investisiyalariga O‘zbekiston tumanidagi “Farg‘ona Vest Interneyshnl Syement” QK MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan sement ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini ko‘rsatish mumkin. Bu korxonada 215,0 mln. dollar xorijiy investisiyalar o‘zlashtirilishi natijasida 800 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi.

Shuningdek, mahsulotlar eksportini 1,0 mlrd. dollarga (shundan, 850,0 mln. dollar sanoat mahsulotlari, 250,0 mln. dollar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari) yetkazishga harakat qilinmoqda (2022 yil qaroriga 900,6 mln. dollarga taklif berilgan). 

Yettinchidan, kelgusi yilda qurilish sohasini rivojlantirishga ustuvor vazifa sifatida asosiy e’tiborni qaratamiz. Jumladan,

1) Investisiya dasturi doirasida 2022 yilda 540,1 mlrd.so‘m mablag‘lar o‘zlashtirilishi hisobiga 103 ta ijtimoiy va infratuzilma ob’yektlarida qurilish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

2) “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida viloyatning 19 ta shahar va tumanlarda 30 ta qishloq va 8 ta mahallalarni arxitektura qiyofasini yangilash, obodonlashtirish, muhandislik-kommunikasiya infratuzilmalarini yaxshilash orqali 138,0 mingdan ortiq fuqarolarning turmush sharoiti yaxshilanadi. Jumladan,

- 80 ta ijtimoiy soha (17 ta bog‘cha, 39 ta maktab, 24 ta tibbiyot) muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash;

- 398,1 km ichimlik va 46,6 km oqava suv tarmoqlarini tortish, 95 ta suv inshootlarini qurish;

- 76 ta transformator punktlari, 101,8 km elektr tarmoqlari hamda 2443 ta tayanch ustunlarini yangilash;

- 15,2 km gaz tarmoqlari hamda 145 ta gaz taqsimlash punktini ta’mirlash, aholiga 428 ta gaz balloni yetkazib berish;

- 464,8 km uzunlikdagi (407,4 km yo‘llarni asfaltlash, 57,4 km yo‘llarni shag‘allashtirish) ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlash ishlari bajariladi.

Shuningdek, 2022 yil 1 yanvardan e’tiboran barcha tuman (shahar)larning mahalliy byudjetlari tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

“Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun shahar va tuman hokimliklari qoshidagi “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga 178,2 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘lar o‘tkaziladi.

3) Shahar va tumanlarda 2022 yilda massiv shaklida 167 ta (3816 xonadonli) ko‘p qavatli uy-joylar qurilishini amalga oshirish hisobiga 3816 ta oila uy-joy bilan ta’minlanadi, ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya berish orqali 2610 ta ehtiyojmand oilalarga xonadonlar ajratiladi.

Shu bilan birga, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan shahar va tumanlarda ko‘p qavatli uylar qurilayotgan massivlarda 2022 yilda yana 100 ta turar-joylar quriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 dekabrdagi PF-32-sonli Farmoniga muvofiq, Farg‘ona shahar, Yozyovon, Farg‘ona tumanlarida “Yangi O‘zbekiston massivlari” barpo etiladi va jami 143 ta ko‘p qavatli uylar quriladi.

Xabaringiz bor, Farg‘ona shahrida 300 gektar maydonda “Eko shahar” barpo etishga kirishildi. 80 ta 4362 xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar, 3 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 2 ta umumta’lim maktabi, 1 ta tibbiyot muassasasi quriladi. 60 gektar maydonda kichik sanoat zonasini ishga tushirilishi hisobiga 24 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. 70 gektarlik “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga daraxt ekish ishlari jadap olib borilmoqda. Yozyovon tumanida 600 xonadonli 30 ta, Farg‘ona tumanida 1428 xonadonli 33 ta ko‘p qavatli uy-joylardan iborat yangi massivlar qad rostlaydi.

4) Shahar va tumanlardagi eskirgan 2-3 qavatli 37 ta turar joy binolari o‘rnida renovasiya dasturi asosida 7, 9, 12 qavatli zamonaviy uylar qurilishi hisobiga 1989 ta oilalar uy bilan ta’minlanadi.

5) Qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishida qiymati

680 mlrd.so‘m bo‘lgan 69 ta loyihalarni amalga oshirish orqali

1,0 trln. so‘mlik ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi,

7,0 mln. dollarlik import hajmini qisqartirilishiga erishiladi hamda 2,0 mingta ish o‘rinlari yaratiladi. 

6) Bugungi kunda foydalanilayotgan 158 ta foydali qazilma konlariga 2022 yilda qo‘shimcha yana 69 ta yangi foydali qazilma konlaridan foydalanish yo‘l qo‘yish maqsadida, ular auksion savdolariga chiqariladi. Ushbu konlarni o‘zlashtirish boshlanadi. 

7) Viloyatda qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik korxonalar negizida 9 ta qurilish klasterlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. ("Oltiariq Fayz Binokor" MCHJ, "426-XIMKK" MCHJ, "296 XKMK" MCHJ, "Turon eko sement" MCHJ, “Farghona West International Cement” QK, “Albus Cement Group” QK, “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi”, “Farg‘ona azot” AJ, “Kvars” AJ). Ushbu klesterlar tomonidan uy-joy qurilishi uchun zarur materiallar ishlab chiqarilishi hisobiga 1 m2 uy-joylarning narxi 4,5 mln.so‘mdan – 3,6 mln.so‘mga arzonlashadi. 

8) Aholiga sifatli transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash bo‘yicha:

- “Qo‘qon - Namangan - Andijon - Qo‘qon” halqa temir yo‘li bo‘ylab, 3 ta tez yurar elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yiladi;

- Farg‘ona xalqaro aeroport infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchi oqimini oshirish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida rekonstruksiya qilinadi;

- shahar va tumanlarda 7 ta yangi avtovokzal va avtostansiyalar, 30 ta avtobus bekatlari quriladi, 12 ta yangi yo‘nalishlar ochiladi, Xitoy, Turkiya va Rossiya davlatlaridan 175 ta avtobus va 168 ta mikroavtobuslar sotib olinadi. 

Sakkizinchidan, viloyatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish borasida 6,5 trln. so‘mlik 2100 ta loyihlar amalga oshiriladi. Jumladan,

1) Hududlarda 8 ming gektar (6618 gektar oborotdan chiqib ketgan va 1321 gektar qir-adirliklar) maydonlar suv ta’minotini yaxshilash va yer osti suvlari hisobiga tik sug‘orish quduqlarini o‘rnatish orqali o‘zlashtiriladi. 

2) Aholi tomorqalarida oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishda qo‘shilgan qiymat zanjirini to‘liq qamrab olish maqsadida hududlarda 68 ta “Tomorqa xizmati” MCHJlar, 18 ta klaster va kooperasiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Xususan, Farg‘ona tumanining Vodil hududidagi 5600 ta xonadonlar va 500 gektar ekin yer maydonlarini qamrab olgan holda malinachilik klasteri, Rishton tumanida 300 gektar maydonda pistachilik klasteri tashkil qilinadi.

3) Boshoqli don yetishtirishda hosildorlik 77,8 sentnerdan 80,4 sentnerga va paxtachilikda 35,0 sentnerdan 40,0 sentnerga yetkaziladi.

4) Har bir hududning “drayveri” hisoblangan sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratgan holda:

- Uchko‘prik, Beshariq, O‘zbekiston, Quva va Rishton tumanlaridagi 13 ta hududlar bog‘dorchilikka, Oltiariq, Qo‘shtepa va Farg‘ona tumanlaridagi 8 ta hududlar uzumchilikga ixtisoslashtiriladi va 2022 yil yakuniga qadar 4,7 ming gektar intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etiladi;

- Oltiariq, Qo‘shtepa va Farg‘ona tumanlarida 9,0 ming gektar maydonda sanoatbop, xo‘raki va kishmishbop intensiv uzumzorlar barpo etilib, 7 ta uzumchilik klasterlari tashkil etiladi.

5) Viloyatda chorvachilikdagi mavjud imkoniyatlardan to‘liq va to‘g‘ri foydalanish, eng avvalo, ozuqa-yem bazasini kengaytirish maqsadida:

- Yozyovon va Bag‘dod tumanlarida hosildorlikni oshirish hisobiga, 3000 gektar past rentabelli paxta va g‘alla maydonlari, foydalanishga kiritiladigan 290 gektar yerlar chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklariga ajratiladi;

6) Irrigatsiya va meliorasiya ob’yektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga 125 ta loyihaga byudjetdan 121 mlrd. so‘m, meliorativ ob’yektlarni ta’mirlash-tiklash ishlariga 193,4 mlrd. so‘m mablag‘ ajratiladi.

Shuningdek, 2022 yilda So‘x tumanida qiymati 78,6 mlrd. so‘m bo‘lgan ikki bosqichli “Qayroq” nasos stansiyasini qurish ishlari yakunlanadi. Natijada, qo‘shimcha 1448 gektar yangi yerlar foydalanishga kiritilib, ushbu yer maydonlarida kavrak, lavanda dorivor o‘simliklari plantasiyalari tashkil etiladi.

To‘qqizinchidan, ijtimoiy sohani rivojlantirish borasida:

1) Maktabgacha ta’lim tizimida 2022 yilda 33 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash;

- Farg‘ona, Quvasoy shaharlari, So‘x va O‘zbekiston tumanlaridagi 4 ta pedagogika kollejlarining bo‘sh turgan binolarida maktabga ta’lim tashkilotlarini tashkil etish,

- hududlarda 254 ta (250 ta oilaviy va 4 ta davlat va xususiy sherikchilik) asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish hisobiga 6840 nafar 6 yoshli bolalarni qamrab olish hisobiga qamrov ko‘rsatkichlari 85 foizga yetkaziladi.

Shuningdek, Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish maqsadida 2022 yil davomida 250 ta ta’lim tashkiloti “autsorsing” va 47 ta ta’lim tashkiloti “keytering” tizimiga o‘tkaziladi.

2) Xalq ta’limi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari holatini yaxshilash maqsadida viloyatdagi 25 ta (20 ta rekonstruksiya va 5 ta mukakmmal ta’mirlash) maktablarda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun 147,3 mlrd.so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

O‘quvchilarni maktabga qatnash davomatlarini yaxshilash bo‘yicha mutlaqo yangi – davomatni nazorat qilish axborot tizimi joriy qilinadi.

O‘tgan yilgi o‘rganishlarimiz natijasida Qo‘qon shahrida davomat juda pastligi aniqlangach, ushbu Feys AyDi (o‘quvchilar davomatini yuzdan aniqlash) tizimini tajriba sifatida joriy qilgandik. Ota-ona - maktab - mahalla hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan ushbu tizim o‘zining yaxshi samarasini berdi. Davomat o‘sishi 15 foizni tashkil etdi.

Viloyatimizda ta’lim sifatini tubdan yaxshilash uchun xususiy maktablar sonini ko‘paytirish uchun Maxsus imtiyozli kredit dasturi ishlab chiqiladi, kreditning bir qismi uchun viloyat hokimligi kafilligi beriladi. Eng yaxshi natijalar qayd etgan xususiy maktablar uchun viloyat mahalliy byudjetidan subsidiyalar ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Ta’lim sohasida ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda viloyatimizda tadbiq etish maqsadida viloyatimizning eng yaxshi o‘qituvchilaridan tashkil etiladigan delegasiyalar xorijiy davlatlarga yil davomida viloyat hokimligi tomonidan tajriba o‘rganish va malaka oshirish uchun yuboriladi.

Kelgusi 2022/2023 o‘quv yili yakuni bo‘yicha har bir maktab dasturiga kiritilgan fan bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgan o‘qituvchilar uchun viloyat hokimining maxsus ustamasi joriy etiladi. Bu ustama bir o‘quv yili davomida to‘lab boriladi, uning talablari hamda nizomi ishlab chiqilib, barcha pedagoglarga yetkaziladi.

Axborot resurs markazlarini rivojlantirish bo‘yicha - Hammangiz yaxshi bilasiz, 2019 yil 7 iyunda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

Qarorning 7-bandida tumanlar, shaharlar markazlarida kutubxonalar uchun bino ajratish vazifasi belgilangan. Afsuski, ikki yarim yil o‘tgan bo‘lsa-da, ko‘pgina tuman hokimliklari tomonidan kutubxonalarga bino ajratilmagan. Misol uchun, Oltiariq tuman kutubxonasi haligacha o‘z binosiga ega emas. Kutubxona eski qabriston o‘rnida tashkil etilgan bog‘dagi bitta xonada faoliyat ko‘rsatmoqda. Rishton, Furqat, Farg‘ona, Toshloq tumanlari, Marg‘ilon shahar kutubxonalari umuman talabga javob bermaydigan binolarga vaqtincha joylashtirib qo‘yilgan. Beshariq, So‘x tuman kutubxonalari uchun ajratilgan joy kapital ta’mirga muhtoj bo‘lib, isitish tizimi mutlaqo ishlamaydi, faoliyat uchun yetarli kompyuter texnikalari ajratilmagan. Shu munosabat bilan mahalliy byudjet mablag‘lari yoki davlat-xususiy sheriklik asosida kutubxonalar uchun yangi bino ajratish bizning asosiy vazifamiz bo‘ladi.

Shu bilan birga, Farg‘ona shahar “Sayilgoh” ko‘chasida Turkiyalik loyihachilarni jalb etgan holda, qariyb 100 mlrd. so‘m mablag‘ hisobiga 13 qavatli, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan zamonaviy AyTi Park, muhtasham kutubxona va innovasion til o‘rganish markazidan iborat majmua tashkil etilmoqda. Ushbu markazni 2022 yilda ishga tushirish choralari ko‘rilmoqda.

3) Sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash, aholi salomatligi, surunkali kasalliklarni davolash va profilaktika qilish, sifatli va malakali tibbiy xizmatlarni mahallagacha yetkazish maqsadida:

- Investisiya dasturi doirasida 15 ta tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilinadi va mukammal ta’mirlanadi;

- viloyatdagi 10 ta oilaviy shifokorlik punktlari va 6 ta oilaviy poliklinikalar faoliyati tashkil etiladi, tibbiyot muassasalarini ta’mirlash, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash choralari ko‘riladi;

- birlamchi tibbiy xizmatda dori vositalari va tibbiy buyumlar xarid qilish uchun ajratiladigan mablag‘lar 3 barobarga oshiriladi, buning uchun, byudjetdan har yili kamida 50 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘ ajratiladi;

- ixtisoslashgan tibbiy xizmatlarni kengaytirish va sifatini yaxshilash maqsadida Bag‘dod, Yozyovon tumanlari va Qo‘qon shahrida tumanlararo shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari, har bir shahar va tuman poliklinikalarida bolalar bo‘limlari faoliyati qayta tiklanadi, shifoxonalarda esa bolalar reanimasiyasi tashkil etiladi;

- viloyatning 40 yoshdan oshgan 1 mln.ga yaqin aholisi o‘rtasida yurak-qon tomir va diabet kasalliklari bo‘yicha manzilli skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi;

- aholi, ayniqsa ayollar orasida uchraydigan eng ko‘p kasalliklarni (buyrak, endokrin tizimi, onkologiya) kamaytirish maqsadida viloyat Perinatal markazini rekonstruksiya qilish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha “Klaster” tizimini joriy etish, tibbiyot birlashmalari bolalar bo‘limlari va tug‘ruqxonalarda reanimasiya bo‘limlarini tashkil etish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, kelgusi yilda viloyatda Hindistonning “Apollo Hospital” klinikasining filiali tashkil etiladi. Ushbu muassasaning asosiy faoliyati tibbiyotning transplantologiya, ortopediya, kardioxirurgiya, oshqozon-ichak a’zolari kasalliklari, ko‘z kasalliklari hamda neyroxirurgiya yo‘nalishida davolash ishlarini amalga oshirish hisoblanadi.

Bundan tashqari, viloyat sog‘liqni saqlash tizimiga xorijiy investorlarni jalb etish hamda davolash ishlarini samarali tashkil etish maqsadida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda Xalqaro moliya korporasiyasi (IFC) hamkorligida viloyatda davlat xususiy-sherikchilik asosida hozirgi zamon talablariga mos ravishda viloyat Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini tashkil etish (qurish, jihozlash va xorijiy zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minash) bo‘yicha kelishuv memorandumi imzolandi.

O‘ninchidan, aholini keng ko‘lamda madaniy va sport tadbirlariga jalb etish, sog‘lom turmush tarzi va sog‘lom ovqatlanish masalasiga o‘rgatish kerak.

Sport sog‘lom turmush garovi ekanligiga bir misol keltirmoqchiman. Yaqinda viloyatimizga tashrif buyurgan Yaponiya investorlari bilan uchrashuvda ikki nafar investorlar e’tiborimini tortdi. Ko‘rinishidan 60-65 yoshga o‘xshaydi. Surishtirib bilsam, biri 76 yosh, ikkinchisi esa 81 yoshda ekan.

Buning sirini so‘raganimda, 76 yoshdagisi har kuni 1 soat “elektron yugurish yo‘lakchasida” yugurishini, 81 yoshdagisi esa har kuni ertalab 10 km piyoda yurishini va to‘g‘ri ovqatlanishini aytdi.

Shu o‘rinda xalqimizning “Sog‘lom bo‘laman desang yugur, chiroyli bo‘laman desang yugur, uzoq umr ko‘raman desang yugur” degan maqoli bekorga aytilmaganligiga yana bir bor amin bo‘ldim.

Yaponlar misoli - biz hali hech nima qilmaganligimizni ko‘rsatdi. Shuning uchun aholini dam olishga ham, sportga ham o‘rgatish kerak.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda kasalliklarning 50-55 foizining kelib chiqishiga sog‘lom turmush tarziga rioya qilmaslik, ortiqcha vazn, noto‘g‘ri ovqatlanish, harakatsizlik sabab ekan. Ortiqcha vazn muammosi respublikamizda ham sog‘liqni saqlash tizimida jiddiy oqibatlarni yuzaga keltirayotgani, ko‘plab kasalliklarning kelib chiqishida asosiy sabab bo‘layotganidan kelib chiqib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda “Farg‘ona tajribasi” yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda viloyatda yashovchi me’yordan ortiqcha vaznga ega fuqarolar, maxsus dastur doirasida ro‘yxatdan o‘tib, ortiqcha vaznni yo‘qotishga erishsalar, har bir kilogram ozish uchun 500 ming so‘m miqdorida pul beriladi. Barcha ijro organlari bu tajribani ommalashtirish bo‘yicha ish olib boradilar.

Bu borada maxsus nizom ishlab chiqiladi. Dasturda ishtirok etish istagida bo‘lgan fuqarolar yashash joyi bo‘yicha poliklinikada vaznni tortirib, qayddan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Olti oydan so‘ngra takroriy ko‘rik o‘tkaziladi, bir yil davomida qayd etilgan natijaga ko‘ra, eng kamida 5 kg vazn yo‘qotishga erisha olgan fuqarolarga to‘lov amalga oshiriladi.

2) Madaniy meros ob’yektlarini restavrasiya qilish, yangi turizm mashrutlarini ko‘paytirish maqsadida 10 ta ob’yektlar ta’mirlanadi hamda ularga olib boruvchi infratuzilma yaxshilanadi.

3) 2022 yil sentyabr oyida Qo‘qon shahrida II-Xalqaro hunarmandchilik festivalini o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘riladi.

4) Betakror shoir, millatparvar, xalqimizni bir umr ilmu ma’rifatga, taraqqiyot va yorug‘ kelajakka chorlab o‘tgan shaxs – Zokirjon Furqatning el-yurtimiz oldidagi buyuk xizmatlarini inobatga olib, uning ijodini yanada keng ommalashtirish maqsadida Qo‘qon shahridagi Furqat bog‘i rekonstruksiya qilinadi, aholi madaniy xordiq chiqaradigan so‘lim go‘shaga aylantiriladi va bog‘da shoirning haykali o‘rnatiladi.

5) Farg‘onadan yetishib chiqqan xalq mehrini qozongan ulug‘ san’atkorlarning nomlarini abadiylashtirish maqsadida Marg‘ilon shahar “Ijodkorlar bog‘i” hududida ularning byustlarini o‘rnatish, “San’atkorlar xiyoboni” tashkil etiladi.

Hurmatli sessiya ishtirokchilari, qadrli ommaviy axborot vositasi vakillari, blogerlar, jamoatchilik faollari! 

Mana, viloyatimizda kelgusi yilda oldimizga qo‘yayotgan katta maqsadlar, rejalar va vazifalar haqida batafsil gapirdik. Lekin, bularni to‘la amalga oshirish uchun, kelgusida yanada yuksak marralarni zabt etish uchun avvalo aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirib, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga erishishimiz kerak bo‘ladi.

Korrupsiya degan illat bor ekan, jamiyatimizga adolat, halollik, mas’uliyat, xalq ehtiyojlarini qondirish, xalqqa xizmat qilish kabi tushunchalar to‘la singdirilmas ekan, hech qachon oldinga qo‘yilgan maqsadlarga erishib olmaydi. Davlatimiz rahbari bu borada kuyunib gapirganlaridek, “Kimni hisobiga korrupsiya bo‘lyapti? Xalqimiz hisobiga. Umid bilan yashagan bechora onamiz, singlimiz, opamiz, o‘g‘illarimiz, qizlarimizni hisobiga”.

Shuni ham alohida qayd etish lozimki, korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina davlat organlarining emas, balki bu borada jamoatchilikning ham faol ishtiroki bilangina amalga oshirilishi mumkin. Bu borada barchangizdan yanada faol bo‘lishingizni, jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirishingizni so‘rayman.

Bugundan boshlab viloyatimizni korrupsiyadan xoli hududga aylantirish yo‘lida hamkorlikda ishga kirishamiz. “Qonun ustuvor, jazo muqarrar” tamoyili viloyatimizda har jabhada bosh mezon bo‘ladi. Ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlik har bir davlat organining asosiy qoidasiga aylanadi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar va guruhlar administratorlari hamda blogerlarga viloyatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarish va yangilanish jarayonlarini har tomonlama tahlil qilib, joylardagi ijtimoiy muammolar, xato va kamchiliklarni dadillik bilan o‘rtaga tashlab, hokimiyat organlari, davlat idoralari va jamoatchilik e’tiborini qaratayotganingiz uchun alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Men matbuotda, televideniyeda, ijtimoiy tarmoqlarda o‘rtaga tashlangan, har bir tanqidiy chiqishni shaxsan o‘zim kuzatib boraman. Agar tanqid xolislik, haqqoniylik va betaraflikka asoslangan bo‘lsa, eng qisqa muddatlarda yechimi ta’minlanib kelmoqda. Ishonamanki, bundan keyin ham xolislikka tayangan, xalq manfaatini ko‘zlagan holda samarali jamoatchilik nazoratini davom ettirasizlar.

Yana bir masala - barcha ommaviy axborot vositalarini, blogerlarni ochiq eshiklar tamoyili asosida hamkorlikka chaqiramiz. Xato va kamchiliklar, tanqidlar to‘g‘ri bo‘lsa, tan olamiz. Tanqidning mevasi shirin, degan ibora bor xalqimizda. O‘rinli, asosli tanqidni hurmat qilish, yoqmasa ham qabul qilish kerak. Aslida tanqiddan emas, maqtovdan qochgan yutadi.

Bu tamoyilda shahar va tumanlarda ham ish tashkil etiladi. Agar kerak bo‘lsa, anonim tarzda savol-javobga ham tayyormiz. Biz bundan keyin ham fuqarolarimizning og‘irini yengil qilish, viloyatimizda aholi turmush darajasini yuksaltirish, jamiyatda adolat tamoyilini mustahkamlash, shuningdek, viloyat ahli bilan uzviy muloqotni yangi bosqichga olib chiqishda ommaviy axborot vositalari va blogerlarga suyanamiz, hamkorlikni yanada kuchaytiramiz.

Ommaviy axborot vositalarini, ayniqsa, xususiy telekanallarni rivojlantirish, tanqidiy va tahliliy materiallarni ko‘paytirib, ularni ijtimoiy tarmoqlarga faol joylashtirish maqsadida viloyatimizdagi “Ruxsor”, “Muloqot” va “Bag‘dod” telekanallari bilan kelgusi yildan boshlab ijtimoiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqdamiz.

Hurmatli sessiya ishtirokchilari!

O‘ylaymanki, bugungi Murojaatnomada o‘rtaga qo‘yilgan ustuvor vazifalar bo‘yicha Siz, deputatlar va jamoatchilik vakillari, o‘z fikr-mulohazalaringizni bildirasizlar.

Ishonchim komilki, viloyatimizda ushbu marralarni egallash va belgilangan maqsadlarga erishish uchun har tomonlama imkoniyatlar va salohiyat yetarli. Eng asosiysi, Muhtaram Prezidentimizning bir farg‘onaliklarga bo‘lgan alohida e’tiborlari va g‘amxo‘rliklari bizga qo‘shimcha kuch bag‘ishlab turadi.

Barchangizni kirib kelayotgan Yangi yil bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz va xalqimiz uchun Inson qadr-qimmati barcha islohotlarning bosh mezoniga aylangan davr – Yangi O‘zbekiston davrini boshlab bergan 2021 yil ortidan kirib kelayotgan 2022 yilning qadami Farg‘onamiz uchun qutlug‘ bo‘lsin. 2022 yil mamlakatimizda har sohada Farg‘onaning o‘sish yili bo‘lsin.