Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan fuqarolarga mahsulot yetkazib beruvchi ta'minotchi korxonalarning ro'yxati
.
.
Saytni baholash
VILOYATIMIZDA MAKTAB TA'LIMI SOHASIDA MAVJUD HOLAT TANQIDIY-TAHLILIY MUHOKAMA QILINDI
2024-02-08 21:03:21 2114
Bugun viloyat hokimligi majlislar zalida ta'lim sohasida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlarning viloyatimizdagi ijrosi holatining tanqidiy va tahliliy muhokamasiga bag’ishlangan yig’ilish bo’lib o’tdi.
Videoaloqa orqali viloyatimizdagi shahar va tumanlar studiyalari ham ulangan yig’ilishda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari rahbarlari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, ta'lim sohasi mutasaddilari, viloyatdagi 1039 ta maktab ta'limi muassasalarida faoliyat yuritayotgan 55 mingdan ziyod pedagoglarning vakillari sifatida kelgan maktablar direktorlari, ilg’or va namunali o’qituvchilar ishtirok etdilar.
Yig’ilish davomida ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning viloyatimizdagi ijrosi holati tanqidiy va tahliliy muhokama qilinib, soha oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi, maktablardagi ta'lim, tarbiya va ma'naviyat darajasini ko’tarishda o’zaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo’yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Davlatimiz rahbarining ta'lim sohasiga, maktab masalasiga bo’lgan alohida e'tiborlari natijasida maktablarning ham ichki, ham tashqi qiyofasini yangilash, ta'lim sifatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, o’qituvchilarning jamiyatdagi o’rni va rolini oshirish borasida so’nggi yillarda amalga oshirilgan ulkan ishlarga to’xtalib, qayd etilayotgan qator ijobiy o’zgarishlar bilan birga, viloyatimiz ta'lim tizimida hamon tizimli muammolar borligini qayd etdi.
O’tgan haftada viloyat hokimligi ishchi guruhi tomonidan shahar va tumanlardagi 150 dan ziyod maktablarda har tomonlama o’rganish o’tkazilganini ta'kidlagan viloyat hokimi, o’rganish natijalariga ko’ra viloyat ta'lim tizimida yetarli kamchiliklar ko’zga tashlanganiga tanqidiy e'tibor qaratdi.
O’rganishlar davomida qator maktablar direktorlari va o’rinbosarlari faoliyati qoniqarsiz deb topilgani, o’qituvchilarning ma'lum qismi yetarli malakaga ega emasligi, maktablar o’quvchilari o’rtasida jinoyat sodir etish holatlari ko’plab uchrayotgani, xorijiy til va kasb o’rgatish bo’yicha belgilangan topshiriqlar ijrosi yetarli ta'minlanmayotgani, “Maktab – ota-ona – mahalla” hamkorligi yaxshi yo’lga qo’yilmagan maktablarda davomat qoniqarsiz ekani kabi holatlar aniq misollar bilan tahlil qilindi.
Bugungi jahondagi keskin geosiyosiy ziddiyatlar davrida, axborot kurashlari jarayonida, jadid bobolarimiz kabi g’arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar va Vatanparvarlik ruhida tarbiya topgan kadrlarni yetishtirish eng asosiy masalaga aylanganini ta'kidlagan viloyat hokimi, tarbiya borasida yo’l qo’yilayotgan kamchiliklarni ham keltirib o’tdi.
O’zining mas'uliyatini to’la his etmayotgan, o’z faoliyatida kamchiliklarga yo’l qo’ygan va lavozim majburiyatlarini bajarmagan shahar va tumanlar ta'lim mutasaddilariga, maktablar direktorlariga, ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda samarali ish tashkil etmagan mahalla raislariga, profilaktika inspektorlariga vazifasidan ozod etishgacha bo’lgan intizomiy jazolar qo’llanilishi qayd etildi.
Muhokamalar davomida viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov, viloyat IIB boshlig’i Azizbek Ikramov, Milliy gvardiya viloyat bo’yicha boshqarma boshlig’i Shavkat Akbarov ham so’z olib, ta'lim sohasida uchrayotgan korruptsiya holatlariga, shuningdek, voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilikning oldini olishda yo’l qo’yilayotgan kamchiliklarga e'tibor qaratdilar.
Ta'lim sohasini rivojlantirish va mavjud muammolarni tezkor bartaraf etishda shahar va tumanlar sektorlari rahbarlari, ta'lim sohasi mutasaddilari hamda maktablar direktorlarining mas'uliyati hamda javobgarligi ko’rsatib o’tildi.
Ta'lim sohasida qabul qilingan qarorlar, Davlatimiz rahbari tomonidan soha rivoji uchun belgilab berilgan topshiriq va ko’rsatmalar ijrosini yuqori darajada ta'minlash, maktablarda ta'lim sifatini oshirish, o’qituvchilarning kiyinish va muomala madaniyatini yuksaltirish, darsga tayyorgarlik darajasini ko’tarish, maktablarda to’garaklar faoliyatini rivojlantirish, maktablarning xorijiy tillar va kasb o’rgatish uchun moddiy-texnik bazalarini to’laqonli shakllantirish, “Maktab – ota-ona – mahalla” zanjirida har tomonning mas'uliyatini aniq belgilab beruvchi shartnomalar tuzishni yo’lga qo’yish, voyaga yetmaganlar tomonidan huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish bo’yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Berilgan topshiriqlar ijrosi har oyda bir marta Xalq ta'limi tizimini isloh qilish bo’yicha Farg’ona viloyati Kengashining yig’ilishida muhokama etib borilishi ma'lum qilindi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube,
Instagram