Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan fuqarolarga mahsulot yetkazib beruvchi ta'minotchi korxonalarning ro'yxati
.
.
Saytni baholash
KASBIY TA'LIM SOHASIDA ROSSIYANING ENG ILG’OR MUASSASALARIDAN BIRI – PERVOURALSK METALLURGIYA KOLLEJINING DUAL TA'LIMDAGI HAMDA ISHLAB CHIQARISH KORXONALARI BILAN HAMKORLIKDAGI TAJRIBASI FARG’ONADA TATBIQ ETILADI
2024-05-25 10:51:58 1574
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Farg’ona viloyati rasmiylari va ishbilarmonlaridan iborat delegatsiya, Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrif davomida Sverdlovsk viloyatidagi kasbiy ta'lim sohasida Rossiyaning eng ilg’or muassasalaridan biri Pervouralsk metallurgiya kollejida bo’lib, kollejning dual ta'limdagi hamda ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikdagi tajribasi bilan tanishdi.
Ko’p profilli hamda bir necha bosqichli ushbu ta'lim muassasasi 24 ta boshlang’ich hamda 13 ta o’rta-maxsus mutaxassisliklar bo’yicha yoshlarga kasbiy ta'lim berib keladi. Bundan tashqari 43 ta yo’nalishda kasbga o’qitish hamda malaka oshirish dasturlari ham mavjud. Sanoat sohasi kasblariga o’qitishda o’quv jarayoni va ishlab chiqarish amaliyotini birgalikda olib borishga qaratilgan Germaniyaning “dual ta'lim” tizimi o’ta muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etilgan.
Kollej direktori Olga Antipina qayd etganidek, muassasa mintaqadagi yirik metallurgiya korxonalariga shartnoma asosida kerakli mutaxassislarni tayyorlab beradi, ushbu korxonalar bilan birgalikda “ta'lim-ishlab chiqarish klasterlari” shakllantirilgan. Ta'lim jarayonida amaliyot nazariy darslardan ko’ra ko’proq tashkil etiladi, amaliy jarayonlar haqiqiy ishlab chiqarish bilan bir xil sharoitda tashkil etiladi. Dars berayotgan o’qituvchilar barchasi buyurtmachi korxonalarda malaka oshirishni o’tashi shartligi belgilab qo’yilgan.
Davlat byudjetidan kollej uchun ajratiladigan mablag’lar pedagog xodimlarning ish haqiga yo’naltirilsa, korxonalar tomonidan shartnoma asosida to’lab beriladigan mablag’lar (bu muassasa byudjetining 60 foizdan oshig’i) talabalar uchun zamonaviy o’quv-amaliyot texnologiyalari sotib olishga, metodik qo’llanmalar yaratishga, muassasani ushlab turish xarajatlariga, yo’riqchi-ustalarni shartnoma asosida ishga jalb qilishga, boshqa loyihalarga sarflanadi. E'tiborlisi, barcha mablag’lar NNT shaklidagi kollejning boshqaruv kompaniyasi hisobiga kelib tushadi va barcha xarajatlar bo’yicha shaffof hisobdorlik ta'minlanadi.
Viloyatda yashovchi bolalarni va yoshlarni metallurgiya sohasi mutaxassisliklariga qiziqtirish uchun kollej tomonidan bog’chalarda turli multfilmlar namoyish etib boriladi, maktablarda uchrashuvlar, turli tanituv tadbirlari tashkil etiladi. Pervouralsk shahri ma'muriyati tomonidan esa metallurgiya sohasida kerakli mutaxassislar soni va yo’nalishlar bo’yicha doimiy monitoring olib boriladi va bu ma'lumotlar kollej faoliyatida tatbiq etiladi.
Uch tomonlama shartnoma asosida ta'lim olayotgan yoshlar kollejni tamomlagach, buyurtmachi korxonada mehnat faoliyatini olib borishni istamasa, o’quv davri uchun qilingan xarajatlarni qoplab berishi kerak bo’ladi, agar korxona doimiy ish bilan ta'minlay olmasa, belgilangan tovon puli (kompensatsiya) to’lashi lozim bo’ladi.
Ushbu kollejning kasbiy ta'limdagi tajribasini hamda korxonalar bilan hamkorlik yondashuvini to’liq o’rganish hamda birgalikda viloyatimizdagi kasbga tayyorlash muassasalarida tatbiq etishga kelishib olindi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube,
Instagram