
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
VILOYATIMIZDA TURIZMNI RIVOJLANTIRISH ISTIQBOLLARI MUHOKAMA QILINDI

2024-08-29 15:38:21 929
Ma'lumki, keyingi yillarda viloyatimizda iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri sifatida turizm sohasini rivojlantirishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Bu borada dunyoning ilg’or davlatlari tajribasi asosida ko’plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilib, turizm infratuzilmasini yaxshilash, xorijiy va mahalliy sayyohlarni jalb etishda keng ko’lamli sa'y–harakatlar olib borilmoqda. Xususan, Farg’ona, Qo’qon va Marg’ilon shahri, Rishton tumanida o’tkazilayotgan turli festivallar ushbu yo’nalishdagi natijalar salmog’ini yanada oshirmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 12 yanvar kungi “Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoni bu boradagi ishlar ko’lamini sifat jihatdan yangi bosqichga ko’tarishga xizmat qiladi. Bugun viloyat hokimligida farmon ijrosi doirasida turizm sohasidagi tadbirkorlik sub'ektlari bilan ochiq muloqot o’tkazildi.
Muloqotda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov so’nggi yillarda viloyatimizga xorijiy va mahalliy turistlarni jalb qilish bo’yicha olib borilayotgan ishlarga to’xtalib o’tdi. Dunyo brendlari, xorijiy sarmoyadorlar bilan o’tkazilayotgan uchrashuvlar samarasi sifatida yangi xalqaro aviayo’nalishlar ochilgani hamda sayyohlar oqimi tobora ortib borayotgani ta'kidlandi.
Shu yilning sentyabr oyi oxirlarida dunyoning yetakchi turizm kompaniyalari rahbarlari, ekspertlarining viloyatimizga tashrifi rejalashtirilgan bo’lib, ular tomonidan mahalliy tadbirkorlar uchun mahorat darslari tashkil etilishi ko’zda tutilgan. Tadbir doirasida Farg’ona viloyatini mamlakatimizning turizm salohiyati yuqori manzili sifatida rivojlantirish uchun global bilim almashinuvi hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Shuningdek, joriy yilning noyabr oyida Farg’onada gastronomik festivalini o’tkazish rejalashtirilgan. Undan ko’zlangan asosiy maqsad mamlakatimiz hamda Farg’ona vodiysining boy va rang-barang oshpazlik merosini namoyish etish, mahalliy va xalqaro oshpazlar, pazandachilik ustalari, madaniyat ixlosmandlari va sayyohlarni birlashtirishga qaratilgan. Festival an'anaviy milliy taomlar va pazandachilik tajribasini ommalashtirish hamda viloyatning gastronomik turizm sohasidagi salohiyatini oshirishga yordam berishi e'tirof etildi.
Uchrashuvda ushbu forumlarda turizm sohasi bo’yicha faoliyat olib boruvchi tadbirkorlarimiz ham faol ishtirok etishi, bu Farg’ona turizmi imkoniyatlarini dunyoga ko’rsatishda qulay muloqot maydoni bo’lishi ta'kidlandi.
Muloqotda tadbirkorlar ham turizmni rivojlantirish bo’yicha taklif va tashabbuslarni ilgari surib, mushtarak maqsadlar yo’lida faol hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdilar.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube,
Instagram