
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
FARG’ONA ZIYORATGOHLARI

2024-09-14 10:08:57 955
Pursiddiq majmuasi Marg’ilon shahrining eng qadimiy maskanlaridan biridir. Bu yer “Kaptarlimozor” nomi bilan ham mashhur bo’lib, yurtdoshlarimizning aziz ziyoratgohiga aylangan. Majmua XVIII asr o’rtalarida qurilgan bo’lib, uni mashhur sahoba Abu Bakr Siddiq (r.a.) nomlari bilan bog’laydilar. Buxoro amiri Subhonqulixon (1680-1702) tomonidan Marg’ilondagi Pur Siddiq mozoriga berilgan vaqfnomada bu ziyoratgohga Movarounnahrda “Chahoryorlar” deb atalgan to’rt xalifadan birinchisi Abu Bakr Siddiq (572-634) ning avlodi dafn etilgan, degan ma'lumotlar keltirilgan. Yozma hujjatlarda Hazrat Pur Siddiq nomi bilan qayd etilgan. Vaqtlar o’tishi bilan uning atrofida masjid, minora, maqbarali hovli, darvozaxona hamda kaptarxonadan iborat arxitektura kompleksi paydo bo’lgan. Shu sababli u xalq orasida “Kaptarxona”, “Kaptarli mozor” deb ham ataladi.
O’rta Osiyodagi mashhur ziyoratgohlarda kaptarlar bilan bog’liq xalqona qarashlar bir necha asrlik tarixga ega bo’lib, har bir ziyoratchi ziyoratga kelgan vaqtda shu kaptarlarga don berishi ziyoratning ma'lum bir odatlaridan hisoblangan. Agar ular kaptarlarni cho’chitmay don bera olsalar, ishlari yurishib, balo-qazodan xolos bo’ladi, deb ishonilgan. Shuningdek, kaptar, tovus, tustovuqlarga yorug’lik va go’zallik, tinchlik va xotirjamlik ramzi sifatida ham qaralgan bo’lib, X-XII asrlarga kelib, hunarmandchilikda kaptar “baxt qushi” timsolida tasvirlana boshlangan.
Ayni kunlarda mazkur majmuaga ziyoratga kelganlar gala gala bo’lib uchib yurgan kaptarlarni ko’rib, yanada zavq oladi. Kaftingizdan don cho’qilayotgan beozor va chiroyli qushlarning xatti-harakatidan ruhingiz orom topadi.
Manbalarning guvohlik berishicha, maqbara to’g’ri burchak shaklda bo’lib (11.8x11m), peshtoq ravoqli, sag’anali to’rt burchak xona bilan uyg’unlik hosil qiladi. Maqbara ichida ikkita, uzunligi 5 metrli qabrlar mavjud. Rivoyatlarga ko’ra, bu ziyoratgohga Hazrati Abu Bakr Siddiqning avlodlari, ya'ni jiyanlari Shojalil va Poshshobibi dafn etilgan.
Majmuadagi kaptarxona binosi masjid binosi bilan deyarli bir vaqtda, ya'ni XIX asrning ikkinchi yarmida qurilgan. Masjid binosi oldida joylashgan minora esa 1920 yilda qurilgan. Bu haqda kirish eshigining tepasiga g’ishtdan terilgan yozuv-sana dalolat beradi. Shu yerlik aholi hamda arxitektor V.L.Voroninaning “Farg’ona viloyati xalq me'morchiligi” asaridagi ma'lumotlarga ko’ra, minora marg’ilonlik Usta Kichik degan shaxs tomonidan qurilgan.
Burhoniddin al-Marg’inoniyning chillaxonasi ham aynan shu yerda bo’lganligi haqida ham turli qarashlar bor. Ma'lumotlarga ko’ra, buyuk alloma Abu Bakr Siddiq avlodlaridan bo’lgan. Shu sababdan ham ul zot Pur Siddiq mozoriga ya'ni ajdodlari dafn etilgan mozorga ziyorat uchun tez-tez kelib turgan. Olimlarning ta'kidlashicha, uning aynan bu mozorga bo’lgan ixlosi shu yerda keyinchalik chilla tutganligiga sabab bo’lgan bo’lsa kerak.
Majmua 2007 yil Marg’ilonning 2000 yillik yubileyi arafasida butunlay qayta ta'mirlanib, islom dunyosining mashhur namoyandasi, islom qonunshunosligining yirik olimi Burhoniddin al-Marg’inoniyning chillaxonasi ham tiklandi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube,
Instagram