Bugun joriy yilning 24 iyun kuni Farg‘ona viloyat televideniyesida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil, 17 iyunda qabul qilingan “2019/2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida” PQ-4359-sonli qarori mohiyatini o‘rganish bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Suhbatda viloyatimizda mavjud barcha davlat tasarrufidagi jami 7 ta oliy o‘quv yurtlari - Farg‘ona davlat universiteti, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filiali, Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali, Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti Farg‘ona filiali, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filiali, Farg‘ona politexnika instituti rahbarlari, Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi, Xalq ta’limi viloyat boshqarmasi, Kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmasi rahbarlari, Davlat test markazi Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi, Farg‘ona viloyati hokimligi xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Ko‘rsatuv davomida qaror mohiyatidan kelib chiqib, bugun oliy o‘quv yurtiga qabul jarayonlaridagi yangiliklarni xalqqa yetkazish va qabul jarayonlariga tayyor bo‘lish uchun olib borilayotgan ishlar yuzasidan, shuningdek, abituriyent bu yil aynan qanday yengillik va qulayliklarga ega bo‘lgani, qay tartibda hujjat topshirishi va imtihon jarayonlarida qanday qatnashishi borasida qizg‘in suhbatlashildi.
Chunonchi, bu yilgi talabalikka da’vogarlar bir marta ro‘yxatdan o‘tib, bir yo‘la uchta fanlar ketma-ketligi to‘g‘ri keladigan istagan boshqa OTMlar yo‘nalishlariga imtihon topshirish huquqiga ega bo‘lishi mumkin. Shuningdek, oldingi hujjatbozliklardan xalos bo‘lib, faqat pasporti va maktabni yoki litsey, kasb-hunar kollejini bitirganlik hujjati bilan ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Abituriyentlar 5 ta yo‘nalish – Toshkent yuridik instituti, SamDU, FarDU, GulDU, Qoraqalpog‘iston DUlari yo‘nalishlari uchun Davlat xizmatlari agentliklarida hamda onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Talabalikka da’vogar bir marta bir joyda hujjat topshiradi, qayerda imtihon topshirishini o‘sha hujjatda ko‘rsatadi, bir joyda imtihon topshirib, uchta OTMdan biriga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritishi mumkin. U test javobini imtihon topshirgan kunning ertasiga bilishi mumkin, ammo o‘qishga kirganligi haqida barcha imtihonlar topshirilib bo‘lganidan keyin javobni oladi. 
Imtiyoz berilgan abituriyentlarga ajratiladigan kvotalar foizi va boshqa ko‘p masalalar bo‘yicha Test markazi viloyat bo‘limi raisi Ismoiljon Shokirov atroflicha ma’lumot berdi. Shuningdek, DXA boshlig‘i Ra’no Karimova ham agentlik orqali ro‘yxatdan o‘tish tartibi haqida keng ma’lumot berdi.
Endilikda abituriyent DTM qog‘ozini olish uchun ham ovora bo‘lib OO‘Yu ga borishi shart emas, ro‘yxatdan o‘tgandagi o‘z shaxsiy kabineti orqali imtihonga kirishga ruxsatnomasini qog‘ozga chiqarib olishi mumkin.
OTMlar rektorlari har bir oliy o‘quv yurtining xos xususiyatlari, qabul kvotalari, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish borasida, ochiqlik, shaffoflik, adolatga erishish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish, ilm-fan jihatdan yuksalish haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.
Shuningdek, davra suhbatida tabaqalangan to‘lov-kontrakt, sirtqi va kechki bo‘limlarga qabul masalalari bo‘yicha ham fikr yuritildi. Ushbu suhbatda qaror mazmun-mohiyati yuzasidan keng, atroflicha fikrlashildi, aholining chuqur qatlamlariga ushbu yangiliklar yetib borishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinayotganligi ta’kidlandi. Ayniqsa, bitiruvchilari mavjud bo‘lgan maktab va kasb-hunar ta’limi sohalari ham qaror mohiyati bo‘yicha keng tushuntirishlar olib bormoqdalar.
Davra suhbati ishtirokchilari ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga ham javob berdilar. Jumladan, test o‘tkazilmaydigan, ijodiy imtihon, suhbat bilan o‘qishga qabul qilish jarayonlarida adolatni ta’minlash, o‘tish ballarining sun’iy ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan omillar, sirtqiga kirib o‘qish uchun berilgan yengillik va imtiyozlar borasida savollarga atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
Eslatma: Hozirda viloyatdagi mavjud 7 ta davlat tasarrufidagi OTMlarda qabul boshlangan, barchasida Call-center lar ishlab turibdi. Fuqarolar telefon orqali murojaat qilib qabul jarayonlari bo‘yicha savollarga javob olishlari mumkin. 
Call-center lar kontaktlari:
1.O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filiali
Telefon raqami:
+998 73 543 50 12
Telegram:
@sanatqabul2019
2.Qo‘qon davlat pedagogika instituti
Telefon raqamlari:
+998 90 586 45 18
+998 90 586 45 28
Telegram:
@qabulqdpi
@t.me/ qabulqdpi
3.Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali
+998 73 243 06 62
4.Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti Farg‘ona filiali
+998 73 226 95 31
+998 73 226 95 32
+998 73 226 82 59
5.Farg‘ona politexnika instituti
+ 998 95 401 49 50
+998 95 401 80 07
+998 95 401 19 59
+998 95 485 30 01
6.Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filiali 
+998 73 541 03 51
+998 73 541 07 94
+998 90 508 06 63
+998 90 306 27 88
+998 90 570 98 22
7.Farg‘ona davlat universiteti
+998 73 244 44 08
+998 73 244 47 08
+998 73 244 43 68
+998 73 244 43 69
+998 73 244 43 71