
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
XOTIRA VA QADRNING BOQIY TANTANASI

2020-05-09 17:59:50 412
Viloyatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi jahon urushida qozonilgan G’alabaning 75 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan urush faxriylariga yo’llagan tabriknomasi va pul mukofoti tantanali ravishda topshirildi.
Ikkinchi jahon urushi dunyo xalqlari tarixida o’chmas iz qoldirdi. Sovuq urush changalidan yurtimiz ham chetda qolmadi. Millionlab o’zbek yigitlari, navqiron o’g’lonlar jang maydonlarida jon olib, jon berdi, necha yuz minglab xonadonlar huvillab qoldi. El-yurtimizning urush yillarida ko’rsatgan mardlik va qahramonligi biz uchun ulkan jasorat maktabi, g’urur-iftixor manbai bo’lib, vaqt o’tgani sayin bu o’lmas qadriyatlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Shuning uchun har yili 9 may - Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlanadi. Ikkinchi jahon urushida halok bo’lgan ajdodlarimiz xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirilib, fashizmga qarshi janglarda, mehnat frontida jonbozlik ko’rsatgan faxriylarimizga alohida e'tibor va ehtirom ko’rsatish yurtimizda olijanob an'anaga aylanib qoldi. Pandemiya sharoitida barcha belgilangan karantin qoidalariga amal qilingan holda faxriylar holidan xabar olinib, g’alabaga qo’shgan hissasi e'tirof etilmoqda.
Viloyat hokimi Shuhrat G’aniyev Farg’ona shahar “Oybek” mahalla fuqarolar yig’inida istiqomat qiluvchi Larisa Sharova xonadonida bo’lib, unga davlatimiz rahbarining bayram munosabati bilan yo’llagan tabrigini o’qib eshittirdi. Onaxonga samimiy tilaklar bildirib, Prezidentimizning sovg’asi hamda 10 million so’mlik pul mukofotini tantanali ravishda topshirdi.

-Prezidentimizga ming rahmat, - deya o’zining dil izhorini bildirdi L.Sharova. - Bunday e'tibor va g’amxo’rlikdan behad minnatdormiz. Ilohim, dunyoda tinchlik barqaror bo’lsin, yurtimizga ko’z tegmasin, xalqimizning rizqi butun bo’lsin!

91 yoshli Larisa Sharova Stalingrad qamalida urushning eng og’ir, dahshatli kunlarini boshidan kechirdi. Peshonasida shunday talofatlardan omon qolish yozilgan ekan. Urushdan so’ng u to’qimachilik institutida tahsil oldi. O’zbekistonga kelib, shu yerda baxtini topdi.

Uzoq yillar paxta sanoati sohasida mehnat qildi. U Farg’ona shahridagi paxta zavodining qurilishida ham jonbozlik ko’rsatdi. Ikki nafar farzandni tarbiyalab, shukronalik bilan umrguzaronlik qilyapti.
Bugun shahar va tumanlarimizda Larisa aya singari ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va front ortida mehnat qilgan nuroniy otaxon va onaxonlar davlatimiz e'tibori, xalqimizning e'zozida hayot kechirmoqda. Salkam bir asrlik tarixning jonli guvohi bo’lgan bu insonlar yurtimizdagi yangilanish va o’zgarishlardan quvonib, yoshlarimiz baxtu kamolini tilab duoga qo’l ochadilar. Umrning har bir lahzasi qadriga yetish, hayot daftarini ezgu amallar bilan bezashga da'vat etadilar.
Farg’ona viloyati hokimligi Axborot xizmati