
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
PANDEMIYA XALQARO IQTISODIY ALOQALARNI TO’XTATA OLMAYDI

2020-05-22 17:37:13 338
Farg’ona har yili xalqaro konferensiyalar, biznes forum va boshqa tadbirlarlarga mezbonlik qilib, xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlab kelmoqda.
Joriy yil may oyida ana shunday biznes forum o’tkazilishi rejalashtirilgan edi. Pandemiya sababli bu tadbir kechiktirildi. Shunday bo’lsada, viloyat hokimligi tomonidan to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalarni amalga oshirish, investitsion salohiyatni targ’ib etish maqsadida masofadan turib turli shakllarda muloqotlar olib borilmoqda.
Viloyatga biriktirilgan Janubiy Koreya, Latviya va Ummon davlatlaridagi elchixonalar bilan bo’lib o’tgan videokonferensiyada hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar tahlil etilib, yangi investitsiyalarni jalb etish bo’yicha fikr-mulohazalar almashildi. Viloyat hokimligida tashkil etilgan onlayn muloqotda shahar va tuman hokimi o’rinbosarlari-investitsiyalar va tashqi savdo bo’limi boshliqlari, elchixona xodimlari, xorijiy kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Janubiy Koreya, Latviya, Ummon sultonligi bilan barcha sohalarda hamkorlik yo’lga qo’yilib, tashriflar va muloqotlar natijasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga erishilyapti. Viloyat iqtisodiyotiga investitsiyalar kiritish hajmini kengaytirish, xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarni rivojlantirishni qo’llab-quvvatlash, har tomonlama keng hamkorlik aloqalarini o’rnatish bo’yicha muhim kelishuvlarga erishilgan.
Joriy yilda bu borada ko’plab ishlar amalga oshirilishi ko’zda tutilgan. Viloyat hokimi o’rinbosari M. Abdurahmonov videokonferentsiyada hamkorlikdagi ishlarning bugungi holatiga e'tibor qaratib, pandemiya ta'sirini yumshatish borasida mamlakatimizda tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar haqida so’z yuritdi. Investitsiyaviy loyihalarni tatbiq etishda muntazamlik kasb etadigan bu kabi muloqotlar muhim ahamiyat ega ekanligi ta'kidlandi.
10 ta investitsion loyiha ishga tushadi
Koreya Respublikasining sarmoyadorlari bilan viloyat tadbirkorlari samarali hamkorlikni o’rnatgan bo’lib, bu aloqalar yildan-yilga mustahkamlanyapti. Amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar doirasida qabul qilingan “yo’l xaritalar”iga Farg’ona viloyatidan 10 ta investitsion loyihalar kiritilgan. O’tgan yilda ta'lim sohasidagi loyiha — Farg’ona shahrida Koreya xalqaro universiteti ochilib, yoshlarni qabul qildi.
Quvasoy shahrida tashabbus-kor “Grand Hayr Baraka” MChJ hamda «Myung Sung Placon Ltd» xorijiy hamkor kompaniyasi bilan birgalikda 5 million dollarlik zamonaviy issiqxona barpo etilyapti. 2,5 gektar maydonda issiqxonaning karkas va fundament qurilib to’liq bitkazildi. Tumba betonlari va fortochkalari qurildi. Issiqlik trubalari registralari o’rnatilgan. Sug’orish tizimi, ichki mikroklimat uskunalari, isitish tizimini o’rnatish ishlari amalga oshirilmoqda. 2,5 million miqdorda xorijiy kredit liniya olib asbob-uskuna import qilingan. Farg’ona shahrida tashabbuskor “Winchemical” mas'uliyati cheklangan jamiyati shak-lidagi qo’shma korxonasida polietilen devor qog’ozlar va izolyatsiyalar, xo’jalik va bolalar matlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirildi.
Birgina o’tgan yilda Koreya Respublikasi bilan tashqi savdo aylanmasi 33,5 million AQSh dollarini tashkil qilib, viloyatdagi 13 ta korxonalar tomonidan eksport amalga oshirildi. Joriy yilning yanvar-aprel oyida esa tashqi savdo aylanmasi 9,5 million dollarni tashkil etmoqda.
Elchixona bilan bo’lib o’tgan videokonferentsiyada investitsiya loyihalarini amalga oshirish holati, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va o’zlashtirish natijalari haqida so’z yuritildi. Qishloq xo’jaligi, sanoat, turizm kabi sohalarda yangi loyihalarning taqdimoti o’tkazildi.
— Tumanimizda qishloq xo’jaligi uchun zurur polietilen mahsulotlariga talab katta, — deydi Oltiariq tumani hokimi o’rinbosari Nodirjon Mo’minov. — Har bir xonadon tomorqasida issiqxonalar tashkil etilyapti. Albatta bu issiqxonalar uchun chidamli plyonka, izolyator va boshqa mahsulotlar kerak. Bugungi muloqotda polietilen mahsulotlarini ishlab chiqarish borasidagi loyiha haqida ma'lumot berdim. Albatta koreyalik tadbirkorlarga bu ma'qul keldi.
Ko’zlagan maqsadlar albatta amalga oshadi
Farg’ona shahrida 2018 yilda ochilgan Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi filialida (ISMA) talabalar turizmda tadbirkorlik faoliyati va uni boshqarish, mehmonxona xo’jaligini tashkil etish va boshqarish, restoran xo’jaligida tadbirkorlik faoliyati yo’nalishlari bo’yicha ta'lim olmoqda.
Viloyatda bugungi kunda Latviya bilan ham hamkorlik izchil davom etmoqda. O’tgan yilda Toshloq tumanidagi “POSCO International textile” xorijiy korxonasi,Farg’ona shahridagi “Farg’ona Turon tekstil”, Marg’ilon shahridagi “Yodgorlik” mas'uliyati cheklangan jamiyati va Farg’ona tumanidagi “Fergana France” qo’shma korxonasi tomonidan mazkur davlatga eksport amalga oshirildi.
Latviya hukumati bilan hamkorlikda bir qator loyihalar bo’yicha kelishuvlarga erishilgan. Mamlakatimizning Latviyadagi elchixonasi va tadbirkorlari bilan bo’lib o’tgan onlayn muloqot jarayonida sherikchilikda amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar muhokama etildi.
Latviyalik hamkorlar Farg’ona viloyatining investitsion salohiyatini yuqori baholab, ko’zda tutilayotgan barcha loyihalar albatta ro’yobga chiqishini bildirib o’tdi.
— Xorijlik investorlar bugungi kunda ko’proq barcha infratuzilmaga ega bo’lgan viloyat markaziga qiziqmoqda, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodirjon Tilavoldiyev. — Viloyatimizdagi barcha shahar va tumanlarda yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyatlar yetarli. Ayniqsa, hududlarning ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda xorijiy davlat bilan yangi loyihalar ustida ish olib borish kerak. Bugungi videokonferentsiyada ana shu jihatlarga alohida e'tibor qaratilgani ham bejiz emas. Xususan, Latviyadagi hamkorlar bizning qishloq xo’jaligi mahsulotlarimizga katta qiziqish bildiryapti.
FARG’ONA MEVALARI — UMMONGA!
Farg’ona viloyati hamda Ummon Sultonligi tadbirkorlari o’rtasida o’zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
O’tgan yilda mazkur davlat delegatsiyasi viloyatga kelib, bu yerda yaratilgan tadbirkorlik va sarmoyaviy muhit, sanoat hududlari va meva-sabzavotlarni ishlab chiqarish, eksport qilish hajmi, geografiyasi bilan tanishdi. Hamkorlik bo’yicha memorandumlar tuzilgan.
Oltiariq tumanidagi “Export Import Tride”, O’zbekiston tumanidagi “Alfa Level” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan meva-sabzavotlar mazkur davlatga eksport qilindi.
Mamlakatimizning bu davlatdagi elchixonasi bilan o’tkazilgan muloqotda hamkorlikdagi inves-titsiyaviy loyihalarning bugungi holatiga e'tibor qaratildi.Hududlarda ishlab chiqilgan qishloq xo’jaligi, to’qimachilik, sanoat va boshqa sohalardagi loyihalarning taqdimoti o’tkazildi.
Farg’ona viloyati hokimligi Axborot xizmati
Facebook, Telegram, Veb sayt, YouTube