
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
UY-JOY QURILISHINING HUQUQIY HIMOYASI
2017-05-25 15:31:21 389
ta’minlanib, bu boradagi qonunbuzilishlar bartaraf etilmoqda
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli bunyodkorlik ishlari olis qishloq va ovullar qiyofasini ham butunlay o’zgartirib yubormoqda. Natijada yurtimiz yanada chiroy ochib, aholi turmush farovonligi tobora yuksalib borayotir.
Prezidentimizning tashabbusi va bevosita rahbarligi ostida qishloq joylarni obodonlashtirish, zamonaviy turarjoy massivlarini barpo etish bo’yicha o’ziga xos yangi tizim yaratildi. Bir qator qaror va farmonlarning qabul qilinishi aholining uy-joyga bo’lgan ehtiyojini qondirish, turarjoylarda issiqlik va kommunikatsiya tizimidagi muammolarni hal etishda muhim qadam bo’ldi. Bu tizimning muvaffaqiyatli amalga oshirila boshlagani natijasida mamlakatimizning barcha hududlari, xususan Farg’ona viloyatida ham yangi va obod manzillar paydo bo’lmoqda.
Viloyat prokuraturasi tomonidan ham “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko’lamini kengaytirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Prezident Qarori ijrosi muntazam o’rganib borilmoqda.
Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yilda qabul qilingan “2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan loyihalar bo’yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to’g’risida”gi qarori bo’yicha ham hududlarda keng miqyosdagi qurilish ishlari boshlab yuborildi.
Qarorga ko’ra, 2017 yilda viloyatning 30 ta massivida jami 1228 ta uy-joylar qurilishi belgilangan. Ushbu uy-joylarning barchasida
1 iyunga qadar qurilish-montaj ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Biroq qurilish sohasining huquqiy hujjatlariga mos kelmagan huquqbuzarliklar ham afsuski, qayd etilmoqda. 2016 yil va joriy yilning o’tgan davrida viloyat prokuraturasi organlari tomonidan o’tkazilgan tekshirishlar davomida aniqlangan qonunbuzilish holatlarining oldini olish borasida prokurorlik nazorat hujjatlari qo’llab kelinmoqda. Ularning natijasiga ko’ra, 4 ta taqdimnoma kiritilib, qo’pol qonunbuzilish holatlari yuzasidan 3 ta jinoyat ishi qo’zg’atildi.
Jumladan, “Ishonch qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Buvayda tumanining Arab mavzesida qurilgan uy-joylar yuzasidan “Qishloq qurilish invest” MChJ viloyat filialiga topshirilgan hisobotlarda 44,5 million so’mlik bajarilmagan qurilish ishlari qo’shib yozilib, to’lovga taqdim etilgan. Byudjet mablag’larining shu tarzda talon-taroj qilinganiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 2-qismi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo’zg’atilib, jazo muqarrarligi ta’minlandi.
Namunaviy loyihadagi uylarni muddatida va sifatli qurishda ham kamchiliklar mavjudligiga ko’z yumib bo’lmaydi. Xususan, 2016 yilda viloyatdagi 22 ta massivga jami 1095 ta uy-joylar qurilishi rejalashtirilib, qurilish ishlari pudratchi tashkilotlar tomonidan yakuniga etkazilgan. Lekin Farg’ona tumanida 27 ta, Bag’dod va Beshariq tumanida 10 tadan namunaviy loyiha asosida qurilgan uy-joylarda foydalanishga qabul qilish dalolatnomalari shu kunga qadar rasmiylashtirilmagan. Mazkur uy-joylarning 528 tasiga kadastr hujjatlari tayyorlanmagan. Bu holat Farg’ona tumanida 470 ta, Bag’dodda 16 ta, Rishtonda 15 ta, Qo’shtepada 14 ta, Beshariq tumanida 13 tani tashkil etgan.
Ma’lumki keyingi yillarda qishloqlarimiz qiyofasi ham butunlay o’zgarib, yanada chiroy ochmoqda. Buni namunaviy loyihalar asosida bunyod etilayotgan har tomonlama qulay turarjoylar misolida yaqqol ko’rish mumkin. Bu borada to’plangan O’zbekiston tajribasi xalqaro miqyosda ham e’tibor qozonib, yuqori baholanayotgani diqqatga sazovordir. Lekin shu islohotlar davrida ham xalq mulkiga xiyonat qilayotgan kimsalarning jinoiy xatti-harakatlarni aslo oqlab bo’lmaydi. Vatanimizning bunyodkorlik qudratini yuksaltirish ham birimizga tegishli vazifa ekanligini unutmaylik.