Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida ajratiladigan imtiyozli kredit hisobidan fuqarolarga mahsulot yetkazib beruvchi ta'minotchi korxonalarning ro'yxati
.
.
Saytni baholash
KUTILMAGAN NATIJALAR
2017-04-12 19:58:47 422
O’tgan haftada oliy ligada bo’lib o’tgan uchrashuvlar kutilmagan natijalarga boy bo’ldi. Turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgan to’rtala jamoa ham mag’lubiyatga uchradi.
Hozirgi mamlakat chempioni “Lokomotiv” jamoasi “Sho’rtan”ga, “Nasaf” jamoasi “Olmaliq”qa, Samarqandning “Dinamo” jamoasi “Qo’qon-1912” ga, “Mash’al” jamoasi “Navbahor” ga imkoniyatlarni boy berib, maydondan bosh egib chiqishga majbur bo’ldilar.
“Qo’qon-1912” jamoasi beshta uchrashuvdan 10 ochko jamg’arib, turnir jadvalida birinchi o’rinba chiqib olgan bo’lsa, Farg’onaning “Neftchi” jamoasi Buxoroda yana mag’lubiyatga uchrab, 15 imkoniyatdan 2 ochko to’plagan holda turnir jadvalining oxirgi pog’onasiga tushib ketdi. Mavsum boshlanishi oldidan o’tkazilgan taqdimot marosimi va matbuot anjumanlarida ikkala jamoa rahbarlari ham bu yil futbol ishqibozlarini ajoyib o’yinlar bilan quvontirajaklari haqida katta va’dalar bergan edilar. Qo’qonliklar o’z so’zlarini amaliy natijalar bilan isbotlamoqdalar. O’z tarixida 5 marta mamlakat chempioni bo’lgan “Neftchi” futbolchilari esa ketma-ket mag’lubiyatlar bilan muxlislar hafsalasini pir qilmoqdalar.
“Tsementchi” birinchi o’rinda
Shu yilning 1 aprelidan futbol chempionatining birinchi ligasida ham rasmiy uchrashuvlar boshlangan. 2017 yilgi chempionatida viloyatimizning 3 ta jamoasi Quvasoyning– “Tsementchi”, “Yozyovon lochinlari” va Farg’onaning “Istiqlol” jamoalari ishtirok etmoqdalar.
“Tsementchi” jamoasi o’tgan yilgi kamchiliklardan tegishli xulosa chiqarib, bu yil albatta Oliy ligaga chiqish yo’llanmasini qo’lga kiritishga ahd qilgan. Yangi mavsum bogshlanishi oldidan viloyat hokimi, viloyat futbol federatsiyasining prezidenti Oliy va birinchi ligada to’p suruvchi jamoalar bilan o’tkazilgan yig’ilishda quvasoyliklar bu yil o’z so’zlarining ustidan chiqishlari lozimligini uqtirib, buning uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib berilajagi, hatto “Tsementchi” ning rasmiy uchrashuvlarini Farg’onadagi “Istiqlol” markaziy stadionida o’tkazishga ruxsat berilishini alohida ta’kidlagan edi.
–Bunday imkoniyatlardan unumli foydalanishga harakat qilayotgan futbolchilarimiz dastlabki uchrashuvlarni yuksak ko’tarinkilik bilan o’tkazdilar,- deydi jamoa bosh murabbiyi Abdumalik Hakimov. –Quvasoydagi stadionimizda Nukusning “Orol va Xorazm viloyatining “Xorazm” jamoalarini qabul qilib, 5:0 va 1:0 hisobida mag’lubiyatga uchratdik. O’z darvozamizdan to’p o’tkazmasdan, ikki uchrashuvda 6 ochko to’plagan holda turnir jadvalida 18 jamoa orasida birinchi o’rinda bormoqdamiz. Bu yil oldimizga qo’yilgan vazifani albatta bajarishimizga ishonchimiz komil.
Futbol topilmasi
“Quvasoyta’mirqurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati homiyligida faoliyat yuritayotgan “Istiqlol” jamoasi chindan ham bu sohada oltin topilmaga aylanmoqda. Noil Gubanov rahbarligidagi yigitlar o’zlarining chiroyli o’yinlari va jo’shqin harakatlari bilan nafaqat futbol ishqibozlari hatto murabbiy va mutaxassisliklarni ham hayron qoldirmoqdalar. Ular Farg’ona viloyati hokimi kubogi uchun o’tkazilgan musobaqalarda “Neftchi”, “Mash’al”, “Qo’qon-1912”, “Navbahor”, “Andijon” kabi mashhur jamoalar bilan tengma-teng olishib, finalgacha etib borganligi, turnir yakunida ikkinchi o’rin va katta sovrinlarga ega bo’lganligi “Istiqlol” ning kelajagi porloq istiqbol egasi ekanligidan dalolat berib turibdi. Jamoa futbolchilari chempionatning dastlabki ikki uchrashuvini safarda Jizzax viloyatining “Zomin” va G’allaorolning “G’allakor-Barsa” jamoalari bilan bo’lgan bahslarda durang va g’alabaga erishib, Farg’onaga 4 ochko bilan qaytdilar. O’z maydonlarida o’tkaziladigan navbatdagi uchrashuvlarda bundan ham yaxshi natijalarga erishib, futbol ishqibozlarini xursand qilishlariga shak-shubha yo’q.
Cho’l lochinlari
Salimjon Zokirov boshqarayotgan “Yozyovon lochinlari” jamoasini ishqibozlar cho’l lochinlari deyishadi. Bu gapda jon bor. Yozyovonlik futbolchilar keyingi yillarda mamlakat chempionatining birinchi liga musobaqalarida ishtirok etib, mavsumni turnir jadvalining o’rtalarida yakunlashga erishmoqdalar. To’g’ri, bu yilgi mavsumda ular dastlabki ikki uchrashuvni safarda o’tkazib, muvaffaqiyatga erisha olmadilar. Lekin, asosiy janglar hali oldinda.
Oliy ligada “Qo’qon-1912”, birinchi ligada Quvasoyning “Tsementchi” jamoalari karvonboshilik qilishyapti. Oliy va birinchi ligadagi futbol jamoalarining mamlakat birinchiligida erishayotgan yutuq va mag’lubiyatlari muxlislar tomonidan har xil baholanmoqda. Viloyat futbol federatsiyasi dastlabki natijalarni puxta tahlil etib, jamoa rahbarlari faoliyatiga tegishli baho bersa va viloyat futboli muammolarini oqilona hal etish chora-tadbirlarini belgilasa yaxshi bo’lar edi.