
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
Odamiy ersang, demagil odami, onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami
2018-02-12 15:47:42 728
Darhaqiqat, Alisher Navoiyning xalq dardi, tashvishi, uning tinch va farovon kunlari uchun qayg‘urib yashashga undovchi satrlari bugun ham nafaqat xalqimiz, balki butun insoniyatni uyg‘otuvchi xitob yanglig‘ yangramoqda.
Xalqimizning hayot qomusiga boqiy satrlar tom ma’noda O‘zbekistonning bugungi taraqqiyotida ham hamohanglik kasb etmoqda. Inson manfaatlari ulug‘lanayotgan yurtimizda xalqni rozi qilish, uning orzu-armonlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida mehnat qilayotgan zamondoshlarimiz uchun buyuk mutafakkirning boqiy satrlari muhim dasturilamaldir.
Farg‘ona shahridagi Alisher Navoiy hiyobonida keng jamoatchilik ishtirokidagi shoir tavallud kuniga bag‘ishlangan ehtirom tadbirini O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston YOzuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Enaxon Siddiqova ochar ekan, daho shoirning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasi, o‘zbek xalqining badiiy qudrati asrlar osha o‘z kuchida yashayotganligi, bu borada dunyo mamlakatlarining e’tirofini qayd etdi.
Tadbirda viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shuhrat G‘aniev so‘zga chiqdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotgan bir paytda adabiyotimizga bo‘lgan e’tibor ham har qachongidan kuchaydi, - dedi viloyat rahbari.- Prezidentimizning 2017 yil 3 avgust kuni yurtimizdagi ijodkor-ziyolilar bilan uchrashuvi ham adabiyot ravnaqi yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Bugun Navoiy asarlarini o‘rganish, yosh avlodga etkazish bilan birga shoir o‘gitlari hayotiy shiorimizga aylanishi kerak. Mutafakkir satrlarida shunday deydi:
Odamiy ersang, demagil odami,
Onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.
Hokim mazkur satrlarni o‘qib tadbir ishtirokchilarini bugungi qutlug‘ ayyom bilan qizg‘in muborakbod etdi.
Navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori Habibullo Jo‘raev ulug‘ shoirning o‘lmas asarlari haqida so‘z yuritdi. Xitoy Xalq respublikasida Alisher Navoiy haykali bunyod etilgani, Afg‘onistonda shoirning tanlangan asarlari chop etilib, yurtimizga keltirilgani, uning pandu o‘gitlari O‘zbekistonning tinchliksevar siyosati uchun asos bo‘lib xizmat qilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Iste’dodli ijodkor Iqboljon YUsupov Navoiyga bag‘ishlangan she’rini o‘qib berdi.
O‘zbekiston YOzuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi qoshidagi “Oltin qalam” to‘garagi a’zolari Alisher Navoiy g‘azallaridan namunalar o‘qishdi.
Navoiy shohbaytlari Farg‘ona shahridagi 2-umumta’lim maktabi o‘quvchilari ijrosida rus, ingliz, fransuz tillarida jarangladi.
Tadbirga yig‘ilgan viloyat faollari, adabiy jamoatchilik vakillari, viloyatimizdagi korxona-tashkilot rahbarlari, oliy o‘quv yurtlari professorlari, o‘qituvchi-murabbiylar, talaba va yoshlar hazrat Navoiy haykali poyiga ehtirom ramzi sifatida guldastalar qo‘ydilar.
Islom Karimov nomidagi viloyat Teatr-konsert saroyida “Navoiy asarlaridan yaralgan navolar” nomli teatrlashtirilgan adabiy kompozitsion kecha bo‘lib o‘tdi. Tadbir avvalida Navoiy asarlarini tadqiq etgan, targ‘ib qilgan professor-o‘qituvchilar va talaba yoshlarga, shoir g‘azallari bilan aytiladigan mumtoz qo‘shiqlarning mohir ijrochilariga viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi. So‘ngra san’at ustalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
***
Hazrat Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligiga bag‘ishlab viloyatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan adabiy anjumanlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar barchamizni ul zotning serqirra ijodi, boy merosi va purma’no hikmatlari nuridan bahramand bo‘lishga undayotir.
Qutlug‘ sana munosabati bilan Farg‘ona davlat universitetining katta majlislar zalida “Navoiy va o‘zbek adabiyoti” mavzusidagi ilmiy-adabiy anjuman o‘tkazildi. Unda taniqli shoir va yozuvchilar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, yosh ijodkorlar hamda she’riyat ixlosmandlari ishtirok etishdi.
Mir Alisher Navoiy asarlaridan iborat ko‘rgazma, hazratning hayot va ijod yo‘liga bag‘ishlangan taqdimot ishi namoyish qilindi.
Navoiy asarlari asosida oliygohning iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlarida shoir yashagan davr ruhi to‘la aks etdi.
Shuningdek, Farg‘ona politexnika institutida “Navoiyni anglamoq –o‘zlikni anglamoq”, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filialida “Navoiy – ma’naviyatimiz gultoji”, Qo‘qon davlat pedagogika institutida “Alisher Navoiy – o‘zbek tili va adabiyotining asoschisi”, Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filialida “Navoiyga ehtirom” mavzusida o‘tkazilgan ilmiy-adabiy kechalarda yoshlarni milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga sadoqat, baxtiyor kunlar uchun shukronalik ruhida tarbiyalashda Navoiy merosi g‘oyat muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Viloyatimiz bo‘ylab Mir Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-musiqiy tadbirlar, mushoira va ijodiy uchrashuvlar davom etmoqda.
Ma’mura ABDURAHIMOVA,
Dilnavoz QO‘LDOSHEVA,
“Farg‘ona haqiqati” maxsus muxbirlari.
Suratni SHerzod QORABOEV olgan.