
Farg'ona viloyati hokimi
Hayrullo Hayitbayevich Bozarov

.
.
Saytni baholash
AJRIMLARNING OLDINI OLISH UCHUN YOSHLARNI OILA ILMIGA O’RGATISH ZARUR

2022-09-24 11:11:33 1062
Farg’ona viloyati adliya boshqarmasi, Toshloq tumani hokimligi, mutasaddi idoralar hamda keng jamoatchilik ishtirokida Toshloq tuman FHDYo bo’limida turmush qurish bo’sag’asida turgan 91 juft yoshlar hamda ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar ishtirokida targ’ibot tadbiri bo’lib o’tdi.
Oilada er-xotinning huquq va majburiyatlari yuzasidan tug’ilayotgan bahslar, turmushning darz ketishi, o’zaro mojarolar, ajralishlar bugungi kunda jamiyatimizda jiddiy e'tibor qaratilishi lozim bo’lgan masala. Xo’sh, nima uchun bunday holatlar vujudga kelyapti? Asl sabablar nimada? Tahlillarga ko’ra, bu muammoning bosh omili — ularning huquqiy bilimga yetarli darajada ega emasliklari, oilaviy munosabatlarga uchinchi shaxsning aralashuvi va turmushdagi turli moddiyatlar sabab bo’layotir. Tadbirda avvalo, mana shu masalalarga alohida e'tibor qaratildi.
Farg’ona viloyatida oilalarning buzilish sabablari o’rganib chiqilganda, uzoq vaqt birga yashamaslik, oilaviy kelishmovchiliklar, uchinchi shaxsning oilaviy munosabatlarga aralashuvi va qolgan holatlarda yoshlarimizning oila qurishga tayyor emasligi, aksariyat hollarda qaynona va kelin o’rtasidagi mojarolar tufayli yuzaga kelayotganligi ma'lum bo’ldi.
Targ’ibot tadbiri davomida jamiyatda ajrimlarni kamaytirish uchun asosiy e'tiborni nikohga qaratish lozimligi, uning qadr-qimmatini imkon qadar oshirish kerakligi ta'kidlandi. Asosiy e'tibor to’y va to’ygacha bo’lgan marosimlarga qaratilgani achinarli holat ekanligi tushuntirildi.
Oiladagi ajrimlarni oldini olishda asosan, yoshlarni oila ilmiga o’rgatish maqsadga muvofiqligi qayd etildi. Ularda oila muqaddas qo’rg’on ekanligi to’g’risidagi targ’ibot-tushuntirish ishlarini butunlay yangi bosqichda, noodatiy usul va yondashuvlar asosida olib borish kerakligiga e'tibor qaratildi.
Oila qurayotgan yoshlar uchun oilaviy munosabatlarni to’liq tushuntiradigan va er-xotin haq-huquqlarini mukammal anglatadigan maxsus o’quv dastur ishlab chiqish zaruriyati yuzasidan ham fikr bildirildi. Qonuniy nikoh tuzilmasidan avval mana shu dasturni majburiy tartibda o’qitish orqali oila va uning muqaddasligi, majburiyatlar va mas'uliyatlar haqida har ikkala yoshda to’liq tushuncha hosil qilish mumkinligi qayd etildi.
Tadbir so’nggida uzoq yillar namunali hayot kechirgan oila vakillari rag’batlantirilib yoshlarga ularning bosib o’tgan hayot yo’li o’rnak sifatida e'tirof etildi. 2 ta ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar yarashtirilib, yangi hayotga qadam qo’ydilar.





Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook,
Telegram,
Facebook,
YouTube,
Instagram