Shu yilning 12-13 iyun kunlari viloyatimizda Farg‘ona viloyati tadbirkorlari hamda Janubiy Koreya Respublikasi kompaniyalari, tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida biznes forum bo‘lib o‘tdi.
Biznes forum doirasida viloyat Tadbirkorlar markazida o‘tkazilgan yuzma-yuz muloqotda viloyatimiz tadbirkorlari, Janubiy Koreyadan tashrif buyurgan kompaniyalar rahbarlari, tadbirkorlar qatnashdi. Shuningdek, biznes forumda O‘zbekiston Respublikasining Janubiy Koreyadagi favqulodda va muxtor elchisi Vitaliy Fen, Janubiy Koreya-O‘zbekiston biznes markazi rahbari Kim Chang Keon ishtirok etdi.
Biznes forumda viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev so‘zga chiqdi.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilish, investitsiyaviy jozibardorlikni oshirish orqali xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilyapti. Buning samarasi sifatida viloyatimizda ham turli sohalarda investitsiyaviy loyihalar ishga tushirilib, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Ayni paytda viloyatimizda 341 ta xorijiy investitsiya ishtirokida korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatimizda 130 million AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bu korxonalarning 18 tasi Janubiy Koreya investitsiyasi ishtirokida tashkil etilgan bo‘lib, hozirda viloyatimizda Janubiy Koreyaning 20 dan ortiq kompaniyalari faoliyat ko‘rsatyapti.
O‘tgan yilda tadbirkorlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik natijasida tashqi savdo aylanmasi 70 million dollarni tashkil qildi. Shu yilning o‘tgan davrida Farg‘ona shahrida Markaziy Osiyoda yagona "Listem Fergana" rentgen apparatlari ishlab chiqarish loyihasi hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida “Winchemical” qo‘shma korxonalari ishga tushirilganligi ham o‘zaro hamkorlikning jadal rivojlanib borayotganidan dalolatdir. Istiqbolli hamkorlik doirasida Hyundai, Evergreen Motors kompaniyalari tomonidan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasida qishloq xo‘jaligi uchun mini texnika va yuk ko‘taruvchi karalar ishlab chiqarish loyihasida 15 million dollar investitsiya o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.
2019-2020 yillarda Farg‘ona viloyatini rivojlantirish dasturi asosida 330 million Koreya investitsiyalarini o‘zlashtirish orqali 15 ta loyihalar amalga oshiriladi. Mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilib, yiliga 150 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatilishiga erishiladi. Bundan tashqari, boshqa istiqbolli loyihalar mavjud bo‘lib, 2020-2022 yillar davomida 900 million dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilinishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, biznes forumda viloyatning investitsion salohiyati, amalga oshirilayotgan loyihalar haqida taqdimotlar o‘tkazildi. Viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Doniyor G‘aniyev Farg‘ona viloyatining sanoat, xizmat ko‘rsatish, neft-kimyo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilishda katta salohiyatga ega ekanligi, soliq-bojxona imtiyozlari, turizm, tarixiy obidalarimiz, milliy qadriyat va an’analarimizni aks ettiruvchi bayramlar, festivallar xususida batafsil ma’lumot berib o‘tdi. “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi mutasaddilarining ma’ruzalari tinglandi. O‘z navbatida Janubiy Koreyadan kelgan kompaniyalar rahbarlari, mashhur tadbirkorlar turli taqdimotlar o‘tkazib, imkoniyat va salohiyatlarini namoyish etishdi.
Farg‘ona Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan va har tomonlama jadal rivojlanayotgan hudud, – dedi uchrashuvda so‘zga chiqqan Janbuiy Koreya-O‘zbekiston biznes markazi rahbari Kim Chang Keon. – Hududiy joylashuvi, katta bozorga egaligi, soliq-bojxona imtiyozlari tufayli hamkorlikdagi investitsiyaviy loyihalarimiz tobora kengayib bormoqda. Bugun ham Farg‘onaga yirik kompaniyalar rahbarlari va mashhur tadbirkorlarimiz tashrif buyurishgan.
Biznes forum davomida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “G2B” va “B2B” shaklidagi muzokaralar tashkil etildi. Uning doirasida o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi. Farg‘onada Janubiy Koreyaning nufuzli Sejong universiteti filiali faoliyatini yo‘lga qo‘yish, viloyatimizda ortopedik vositalar, protez mahsulotlari ishlab chiqarish, tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha klinika filiali ochilishi singari kelishuvlar yaqin istiqbolda hamkorlik ko‘lamini zamonaviy mezonlar asosida yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishi bilan ahamiyatlidir.
Botir MADIYoROV.